Lord Desay: "Suriyaliklar Markaziy Osiyoga ko‘chirilsin"

Britaniyalik Lord Suriya va boshqa Yaqin Sharq mamlakatlaridan qochib kelayotgan muhojirlarni Markaziy Osiyoga joylashtirish kerak, degan taklif bilan chiqdi. Lord Desay 16 sentyabr kuni Britaniya parlamentining yuqori palatasi bo‘lmish Lordlar palatasida qilgan nutqida bu kabi taklifni ilgari surdi.

"U yerda aholi kam yashaydigan mamlakatlar bor - Turkmaniston, Tojikiston, Mongoliya va hokazo. Ovro‘poga solishtirsangiz, u yerdagi aholi zichligi 100 baravar kam. Men Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu mamlakatlar bilan hamkorlikda imkonqadar ko‘p muhojirlarni ana shu mamlakatlarga joylashtirishini istagan bo‘lardim", - dedi u.

Uning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari arab muhojirlarni hush qarshi oladilar, chunki, unga ko‘ra, "ularning hammasi - musulmon davlatlar".

Eurasianet saytiga ko‘ra, asli Hindistonda tug‘ilgan va so‘ngra Britaniya fuqaroligini olib Lord maqomiga ega bo‘lgan bu siyosatchining taklifi uning dunyo haqida naqadar oz bilimga ega ekanini namoyish qildi.

Saytga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston kabi davlatlar musulmon hisoblansa-da, u yerda diniy erkinliklar cheklangan. Lord Desay tilga olgan Mongoliya esa umuman musulmon emas, balki aksar aholisi buddaviylar bo‘lgan mamlakatdir.

Image copyright AFP

Undan tashqari, tahlilga ko‘ra, iqtisodiy jihatdan hech qaysi Markaziy Osiyo davlati qochqinlarga boshpana berishga qodir emaslar. Hatto eng ravnaq topgan deya ko‘riluvchi Qozog‘iston ham oxirgi vaqta keskin iqtisodiy yo‘qotishlardan jabr chekayapti.

"Lord Desay hozirgi sharoitlardan nafaqat bexabar, balki uning taklifi uning Markaziy Osiyodagi majburiy migratsiya tarixini bilmasligini ham namoyish qildi. Qozog‘iston va O‘zbekiston hali ham Ikkinchi Jahon Urushi davrida Sovet diktatori Iosif Stalinning butun boshli millatlar, xususan Qrim tatarlari, chechenlar va Mesxeti turklarining Markaziy Osiyo cho‘llariga ko‘chirilishi ta‘siri ostida yashab kelmoqdalar", - deyiladi Eurasianet maqolasida.

Megdad Jagdishchandra Desay 1940 yilda Hindistonda tug‘ilgan va Mumbay universitetini tamomlagan. U 1965 yilda Britaniyadagi London Iqtisod maktabida dars berishni boshlagan va 1991 yilda Lord unvoniga sazovor topilgan.

Lordlar palatasi a‘zolarining aksari hukumat tomonidan tayinlanadi. U xalq saylagan deputatlar tasdiqlagan qonunlarni savol ostiga olish bilan shug‘ullandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio