Volkswagen 11 million mashinasiga aldoqchi uskuna o‘rnatganini tan oldi

Image copyright AFP

Volkswagen kompaniyasi mashinalardan havoga chiqadigan chiqindilarning asl miqdorini pasaytirib ko‘rsatadigan uskuna kamida 11 million mashinalariga o‘rnatilganini tan oldi.

Mazkur mojaro Volkswagen kompaniyasi AQShdagi atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi va Kaliforniyaning havo sifati bo‘yicha agentligiga soxta ma‘lumotlar bergani ortidan yuzaga keldi.

"Biz qovun tushirib qo‘ydik", - dedi barcha aybni tan olgan kompaniyaning Shimoliy Amerika bo‘yicha bo‘limi rahbari Mixael Xorn.

Juma kuni amerikalik nazoratchilar Volkswagenning dizel dvigatelli mashinalaridagi zaxarli chiqindilar sinov paytidagidan ko‘ra ancha yuqoriroq ekani ayon bo‘lganini bildirishdi.

Qator boshqa davlatlar ham bu mashinalarni tergov qilishlarini aytishdi.

Xususan, Janubiy Koreya hukumati 2014 va 2015 yillarda ishlab chiqarilgan Jetta, Golf va Audi A3 modellarining 5 mingtasini tekshirib ko‘rishini e‘lon qildi.

Agar ularda ham AQShda topilgan uskunalar topilsa, Olmoniyaning dizel dvigatelli barcha mashinalari tekshiruvga tortiladi.

Jarima va jinoiy ayblovlar

AQSh hukumati Volkswagen kompaniyasi oldiga AQSh bo‘ylab tarqalgan kamida yarim million avtomobillarini qaytarib olishni buyurdi. Bu kompaniyaga o‘ta qimmatga tushadi.

Undan tashqari, Volkswagen bir necha milliard dollarlik jarimalarga yuz tutmoqda. Kompaniya rahbariyatiga nisbatan jinoiy ayblovlar ilgari surilishi mumkin.

"Bu Olmoniya sanoatining obro‘siga katta putur yetkazadi. Dunyo bo‘ylab iste‘molchilar olmon kompaniyasidan, ayniqsa Ovro‘podagi eng katta mashina ishlab chiqaruvchi kompaniyadan bunaqasini kutishmagandi", - dedi Volkswagenning sobiq menejeri, hozirda Evercore ISI mashina ishlab chiqarish bo‘yicha tadqiqotlar markazi rahbari Arndt Ellingxorst.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio