"Yoshlar" telekanali Andijondagi hujrani sazoyi qildi

"Yoshlar" telekanali Andijon shahri Dalvarzin mahallasida tashkil qilingan diniy saboq beruvchi hujra haqida ko‘rsatuv tayyorlagan. Tanqidiy ruhda va qo‘rqinchli musiqa hamrohligida tayyorlangan ko‘rsatuvda bolalarini hujraga bergan ota-onalar bu ishidan pushaymon ekanligini aytadi.

O‘tgan shanba kuni efirga ketgan va yakshanba kuni qayta berilgan ko‘rsatuvda Andijonda yashirin faoliyat yuritib diniy saboq berishga asoslangan hujra haqida gap boradi.

Hujraga Toshkent, Namangan va Jizzaxdan kelib ilm olgan 17 nafar o‘quvchi bo‘lgan.

Ko‘rsatuvda 7 yoshli bolakay diniy saboq olgani uchun jurnalist tomonidan aybdorlardek savol javob qilinadi. Ko‘rsatuvga olib chiqilgan ota-onalar farzandini ushbu hujraga berganidan pushaymon ekanligini aytgan.

Qo‘ni-qo‘shnilar va mahalla raisi hujra faoliyatidan bexabar qolganini bildirishgan. Ko‘rsatuvda o‘quvchilarning kaltaklanganligi va maktab va kollejlardagi o‘qishni tashlab diniy ilm olgani aytildi.

"Diniy ta‘lim olish imkoni yo‘q"

BBC bilan bog‘langan ismi o‘zgartirilgan Abdurahmon ham mana shu kabi hujralarda ta‘lim bergan.

Uning aytishicha, ko‘rsatuv davomida diniy saboq beruvchilarga qo‘yilgan ayblarning barchasi bo‘hton.

"Bunaqa hujralar bundan 5-6 yil burun O‘zbekistonda bor edi. Hozir bor yo‘qligi borasida menda ma‘lumot yo‘q. O‘sha vaqtlari ham nazorat kuchli bo‘lsa-da 40-50 bolaga Qur‘oni Karimdan saboq berar edik", - deydi Abdurahmon.

Uning aytishcha, bu kabi hujralarda qorilar dars beradi. Ularning o‘zlari ham huddi mana shunaqa hujralarda o‘qib qori bo‘lgan. Qorilarda davlat tomonidan berilgan diplom yo‘q bo‘lsa ham, diplomi borlardan yaxshi o‘qitadi, deydi u.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, hujrada dars beruvchi muallim Qur‘onning 30 porasini yoddan bilishi talab etiladi.

Kuzatuvchilar ko‘ra, O‘zbekistonda sanoqli sonda bu kabi yashirin hujralar saqlanib qolgan. Lekin ularning barchasi qattiq xavotir ostida faoliyat yuritishi aytiladi. Chunki har onda ularning faoliyati huquq tartibot organining nazariga tushishi va tashkilotchilar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bu kabi hujralarda diniy saboq berish taqiqlangan. Ammo xavotirli tomoni maxsus kuchlar ushbu hujralardagi muallimlarni ekstremizmni targ‘ib qilishda ayblab uzoq yillarga ozodlikdan mahrum qilishi mumkinligi.

O‘zbekistonda 9 madrasa borligi aytiladi, shuning bittasi faqat qizlar uchun mo‘ljallangan. Madrasalarga o‘quvchilarni ma‘lum yoshga yetkanidan so‘ng va cheklangan miqdorda qabul qilishadi.

O‘quv o‘rinlari yetishmasligidan bu yerlarda o‘qish hammaga ham nasib qilavermaydi. 3-5 yillab madrasaga kirish uchun umri ketganlar haqida ma‘lumotlar bor.

Ikkinchidan masjidlar qoshida tajvid kabi ilmlarni o‘rgatuvchi oddiy savod chiqarish kurslari ham taqiqlab qo‘yilgan. 90 yillarda bu kabi savodxonlik kurslari o‘smir yigitlar o‘rtasida juda ommalashgan edi. Biroq dinni nazorat ostiga olishga urinayotgan hukumat bu kabi kurslarni ham butunlay bekor qildi.

Lekin asrlar bo‘yi Islom diniga amal qilib kelgan aholining katta qismi farzandlariga diniy saboq berishni istaydi.

Davlat tomonidan qonuniy yo‘llar yopib qo‘yilganidan so‘ng, sho‘rolar davlati bo‘lgani kabi hujralarda savod chiqarish yo‘llarini izlashga majbur qolishmoqda.

"Prezident ma‘naviy immunitetni oshirish kerak deydi. Uning uchun albatta diniy ta‘lim olish kerak. Ilmi bo‘lmagan IShID kabi turli oqim va guruhlarga qo‘shilib ketishi mumkin. Hujralarda ilm olganlar qo‘shilib ketmaydi. Chunki ular Abu Hanifa mazhabida o‘qigan bo‘ladi. Ko‘rsatuvga chiqarilgan imomni men taniyman. Obro‘li odam. Agar ishonmaganida o‘g‘lini hujraga bermasdi. Ota onalar bolasiga diniy ta‘lim berish imkoniyatiga ega emas. Bolam qori va qoriya bo‘lsin deb havas qilgan ota-onalarga bolasini 7-8 yoshidan diniy ilm olishga berolmaydi. Chunki bunaqa muassasaning o‘zi yo‘q", - deydi Abdurahmon.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio