Qozog‘iston: "Suriyalik qochqinlarni qabul qilishga tayyormiz"

Qochqinlarning Qozog‘istonga kirib kelishi ehtimoli kamligi aytiladi Image copyright GETTY
Image caption Qochqinlarning Qozog‘istonga kirib kelishi ehtimoli kamligi aytiladi

Qozog‘iston lozim bo‘lgan taqdirda urushdan qochayotgan suriyaliklarni qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Bu haqda tengrinews.kz sayti Bosh vazir o‘rinbosari Birjan Nurimbetovga tayanib xabar bergan. Biroq mulozim Qozog‘istonga qochqinlar oqib kelishi ehtimoli yo‘qligini aytgan.

"Qozog‘istonda 2011 yili "Qochqinlar to‘g‘risida" qonun qabul qilingan. Ushbu qonun asosida qochqinlik maqomi, boshpana izlovchi maqomi kabi masalalar hal qilinadi. Mamlakatda BMTning qochqinlar masalasi bo‘yicha vakolatxonasi doimo ishlab turibdi. Mabodo odam yopirilib keladigan bo‘lsa Qozog‘iston Favqulotda vaziyatlar bo‘yicha qonunlari doirasida choralar ko‘riladi. Lozim bo‘lib qolsa Qozog‘iston ma‘lum miqdorda qochqinlarni qabul qiladi. Ularni joylashtirish va boshpana bilan ta‘minlash borasida zarur choralar ko‘riladi", - degan Birjan Nurimbetov.

Biroq kuzatuvchilar tanga qadrsizlanishi va neft narxining tushib ketishidan qiynalayotgan Qozog‘iston iqtisodi katta oqimdagi qochqinlarning kirib kelishiga tayyor emasligini aytishadi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mulozimning ushbu so‘zlarini iliq qarshi olmagan.

Ayrimlar Suriyadan qochqinlarni qabul qilish o‘rniga xorijda yurgan qozoqlarni yaxshi dasturlar orqali chaqirishni taklif qilgan. Boshqalar esa Qozog‘iston aholisi o‘rtahol yashayotgani va buning o‘rniga qozog‘istonliklarning turmush tarzini yaxshilash kerakligini aytishgan.

Biroq salbiy fikr beruvchilar ko‘pligiga qaramasdan, suriyaliklarni qabul qilish kerak deguvchilar ham topiladi.

"Biz har doim qochoqlar va ko‘chib o‘tuvchilarga yordam qo‘limizni cho‘zib kelganmiz. Ikkinchi jahon urushi davrida ham shunday bo‘lgandi. Hozir ham shunday bo‘lsin. Yordam berish kerak. Ularga hozir ancha qiyin. Lekin juda ham ko‘p kiritmaslik kerak", - degan Rustam.

Qozog‘iston 2011 yili "Qochqinlar to‘g‘risida" qonun qabul qilgach mamlakatda uchinchi davlatga chiqib ketishni kutib turgan 30 dan ortiq o‘zbekistonlik boshpana izlovchini O‘zbekistonga qaytarib yubordi.

Ushbu boshpana izlovchilar O‘zbekistonda turli muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Qochqinlik so‘rab murojaat qilgan 80 ortiq o‘zbekistonlik orasidan Qozog‘iston faqat bir kishiga qisqa muddatga qochqinlik maqomi berdi.

O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinmagan ayol, bola va erkaklar bu mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.

O‘zbekiston ushbu boshpana izlovchilarni diniy ekstremistik oqimlarga a‘zolikda va konstitutsion tuzumga tajovuzda ayblagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio