Paxta terimi vaqti majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydimi?

Paxta asosan ixtiyoriy-majburiy mehnat evaziga terib olinishi aytiladi
Image caption Paxta asosan ixtiyoriy-majburiy mehnat evaziga terib olinishi aytiladi

O‘zbekistonda jamoat joylariga paxta davrida majburiy mehnat holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirishlar yopishtirilgan. Unda majburiy mehnat qonunga zidligi va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi yozilgan. Facebookda tarqalgan surat Ohangaron tumanida choyxonalarning birida rasmga olingani aytilmoqda.

E‘londa shunday salbiy holatlarga guvoh bo‘lganlardan darhol xabar berish so‘ralgan.

Murojaat qilish uchun O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi va Davlat mehnat huquq inspektsiyalarining ishonch telefonlari qoldirilgan.

Ogohlantirishga ko‘zi tushgan talabaning BBCga aytishicha, e‘lonni odamlar xafsalasizlik bilan o‘qishgan.

"Ko‘pchilik e‘tibor bermadi. Yarim soat ichida hech kim rasmga ham olmadi. 10 ta odamdan bittasi telefon qilmasa qolganlar tinchgina paxtasini teradi", - deydi u.

BBC e‘londa ko‘rsatilgan telefon raqamlarining biri bilan bog‘landi. Go‘shakni ko‘targan navbatchi majburiy mehnat qayerda kuzatilayotgan bo‘lsa o‘sha tuman yoki shahardagi Davlat mehnat huquq inspektsiyasiga murojaat qilish kerakligini bildirdi.

Ogohlantiruvchi plakatning eng yuqorisiga "Paxta - rizq-ro‘zimiz" deb yozib qo‘yilgan.

Image copyright none
Image caption Ogohlantirish tepasiga "Paxta - rizq-ro‘zimiz" deyilgan

Ushbu e‘longa ko‘zi tushgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uning ishlashiga shubha bilan qarashgan.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda paxtani yetishtirish va uni yig‘ib terib olishda odamlar ixtiyoriy-majburiy ravishda ishlatilishini aytishadi.

Faol Malohat Eshonqulova "odamlarda o‘z haqqini talab qilishda qattiq qo‘rquv borligini" aytadi.

Paxta terimiga safarbarlik va majburiy mehnat holatlari monitoringini olib borgan angrenlik inson huquqlari faoli Dmitriy Tixonov militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangan.

O‘zbekistonda paxta terimiga byudjet tashkilotlaridan tortib xususiy korxona ishchilarigacha keng safarbarlik e‘lon qilinadi. Talabalar va olisda yashovchilar paxta terish uchun ko‘chirib olib ketiladi.

Paxtaga jalb qilish kampaniyasi juda keng olib boriladi. Masjidlarda va ovoz kuchaytirgichlar yordamida paxtaga chiqish kerakligi uqtiriladi.

Bungacha Sirdaryo viloyatida paxta yig‘im-terimida qatnashishdek "savobli ishdan chetda turmaslik" da‘vati bitilgan varaqalar tarqatilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq