O‘zbek jihodchilari: "Tojikiston bilan chegarani nazorat qilayapmiz"

Image copyright sodiqlar.info
Image caption Guruh chegaraning "zaif nuqtalarini o‘rganayotgani va ma‘lumot to‘playotgani" ni aytgan

Afg‘onistonda joylashgan tolibonparast o‘zbek jihodiy guruhi "Tojikistonga chegaradosh ko‘plab hududlarni nazorat qilayotgani"ni aytgan.

Islomiy Jihod Ittihodi o‘zining web sahifasi - sodiqlar.info da chop etilgan xabarda da‘vo qilishicha, guruh mahalliy xalq orasida ko‘plab "tarafdorlari va muxlislari"ga ega.

IJI o‘z mujohidlari "Amudaryo sohillarida bemalol harakat qilayotgani"ni aytgan.

Guruh chegaraning "zaif nuqtalarini o‘rganayotgani va ma‘lumot to‘playotgani" ni aytgan, ammo keyingi rejalari haqida ma‘lumot bermagan.

Xabarga guruhning aytishicha, o‘zbek jihodchilari Amudaryoning Tojikiston qismida turgani aks etgan suratlar ham ilova qilingan.

Islomiy Jihod Ittihodi 2002 yilda Pokistonning qabila hududlarida O‘zbekiston Islomiy Harakatidan ajrab chiqqan o‘zbekistonliklar tomonidan ta‘sis etilgani aytiladi.

O‘zbek rasmiylari 2004 yil 30 iyulida Toshkentdagi Bosh prokuratura va Isroil elchixonalariga uyushtirilgan bomba hujumlarida Islomiy Jihod Ittihodini ayblashgan.

IJI shuningdek, Pokiston va Olmoniyadagi qator hujumlar ortida turgani aytilgan.

2007 yilda guruh a‘zolari ekani aytilgan uch shaxs Olmoniyada Frankfurt xalqaro aeroporti hamda AQSh harbiy bazasiga qarshi hujumlar rejalaganlikda gumon qilinib, hibsga olingan.

Guruh a‘zolari orasida Tojikiston, Qozog‘iston, Turkiya, Pokiston va Ozarbayjon fuqarolari borligi aytiladi.

"Tahdid emasmiz"

Ayni paytda Tolibonning yangi rahbari Mulla Axtar Muhammad Mansur harakat Afg‘onistonning shimoliy qo‘shnilariga tahdid emasligini aytgan.

O‘zining Qurbon Hayiti munosabati bilan e‘lon qilgan bayonotida u ishg‘olchilar Tolibonni qo‘shni davlatlarga tahdid sifatida ko‘rsatishga urinayotganini ta‘kidlagan.

"Ishg‘olchilar va ularning ichkaridagi dastakchilari bizning Afg‘oniston shimolidagi g‘alabalarimizni shimoliy qo‘shnilarimizga tahdid deb ko‘rsatish va ularni o‘z ittifoqchilariga aylantirishga harakat qilishmoqda. Ammo bizning qo‘shnilarimizga nisbatan siyosatimiz aniq. Ular bizga dushmanlarimiz ko‘zi bilan qaramasliklari lozim", - deyiladi Tolibon rahbarining bayonotida.

Rossiya va Markaziy Osiyo hukumatlari AQSh va ittifoqchilari Afg‘onistondan butunlay chiqib ketganidan so‘ng o‘z chegaralariga tahdidning kuchayishidan tashvish izhor qilib keladilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio