Dindan kechgani uchun ta‘qibga uchrayotgan britaniyaliklar

Image copyright none

Ko‘plar bolaliklaridagi diniy e‘tiqodlaridan voz kechish tanlovidan foydalanadilar.

Ammo, hamma ham bunday imkoniyatga ega emas, deb yozadi Samira Ahmad.

Bu o‘rta asrlardagi tarix kitoblarida bitilgan jinoyatdek jaranglaydi. Murtadlik dindan voz kechish va yo boshqa dinni qabul qilish qaroridir.

Bunday odamlar rasman ro‘yxatga olinmagan. Biroq, 2011 yilgi ma‘lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 10 yil asnosida Angliya va Uvelsda o‘zini dinsiz sanaydiganlar soni qariyb ikki barobarga ortgan.

Xuddi shu vaqt ichida Angliya va Uvelsdagi musulmonlar soni ham 80 foizgacha o‘sgan. Oxirgi ma‘lumotlarga ko‘ra, ularning soni 2.7 millionni tashkil qiladi.

Britaniyalik musulmonlarning qariyb yarmi shu mamlakatda dunyoga kelishgan va ularning yoshi 24dan kichikni tashkil qiladi.

Aksar musulmonlar Islomdan kechishni gunoh va hatto o‘lim jazosi berilishi kerak bo‘lgan amal deb ishonadilar.

BBC o‘tkazgan tekshiruvlar davomida Britaniyadagi Islomdan qaytgan yoshlar tahdidlarga duch kelishlari ma‘lum bo‘ldi.

Bunday holatlarda musulmonlar jamoasi ulardan yuz o‘giradi. Ayrimlar yaqinlari tomonidan jismoniy zo‘ravonlikka duch keladilar.

Ko‘rinishidan, mahalliy hokimiyatlar ham mazkur qatlam himoyasi uchun yetarli ish qilishmayotgandek.

Britaniyada Islomdan voz kechayotganlar borasida rasmiy ma‘lumotlar yo‘q, sanoqli holatlargina o‘rganilgan.

Image copyright none
Image caption Samira Ahmad Islomdan chiqqan qizning hikoyasiga quloq tutmoqda

Ammo, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z dinidan qaytgani uchun boshiga tushgan ko‘rguliklar haqida yozayotganlar soni ortib bormoqda.

Shunday ekan, dinidan voz kechgani uchun oilasi yuz o‘girgan britaniyalik o‘smirlar holi nima kechadi?

Oysha (ism o‘zgartirilgan) Lankasherdan. U 14 yoshida Islomni savol ostiga ola boshlagan. Hijob kiyishdan bosh tortib, isyon ko‘targan. Alal-oqibat, o‘zini musulmon sanamasligini aytar ekan, uyidagi ahvoli yomonlashgan.

"Otam pichoqni bo‘ynimga qo‘yib, tahdid qildi...", deydi u.

U Oyshani ayovsiz kaltaklaydi. Oxir-oqibat, ish politsiyaga yetib boradi. Ota jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Ammo, Oysha onasi va tug‘ishganlari u bilan aloqani uzishlarini kutmagan edi.

U hozir 17 yoshda. Maktabning so‘nggi yilini o‘qimoqda. Mahalliy hokimiyat uni yigitining otasi qaramog‘iga bergan.

Oysha buni ayni muddao deya hisoblamaydi, ammo...

"Ular endi meni xatar ostida emas, shu bilan hammasi yakun topdi, deb o‘ylashdi", deydi u.

Aliya esa, 25 yoshda, Janubiy Yorksherda yashaydi. U universitetda o‘qib yurgan payti Islomdan chiqqan. Shundan so‘ng, uyiga qayta olmasligini anglab yetgan. Ota-onasi uni erga berishni rejalasharkan, Aliya zo‘ravonlikdan qochib qutila olmasligiga ko‘zi yetadi.

"Oilam, yaqinlarim menga ozor bermasliklarini bilaman. Ammo, barcha qarindoshlarim bu haqda bilishmaydi. Otam bu haqda ayrimlar xabar topadigan bo‘lsa, oqibati yaxshi bo‘lmasligini aytgandi", deya eslaydi Aliya.

U hozir Islomdan voz kechganlarga maslahatlar taklif qiladi. Ota-onalariga bu haqda aytishdan oldin moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lib olishga chaqiradi. Shunda ular ko‘chaga uloqtirilgan paytlari o‘z-o‘zlarini boqa olishlari mumkin.

"Xolam bu xabardan keyin aka-ukalarim va singillarimning ham sha‘niga dog‘ tushishi, bizdan qiz olib qiz bermasliklari va bu mening aybim bo‘lishini aytdi", deydi u.

Aliya doimiy qo‘rquv ichida yashashini ham aytadi.

"U paytlar Bradfordda yashar edim. Unimni chiqarmaslikka uringanman. Chunki, u yerda musulmonlar aksariyatni tashkil qilishadi. Hali ham ich-ichimdan qo‘rqib yuraman, buni tushuntirish qiyin. Bu haqda gapirmaslikni afzal ko‘raman. Shunday qilish xavfsizroq", deya qo‘shimcha qiladi u.

Shakkoklikka oid qonunlar

*2012 yildan dunyoning 22 foiz davlati va hududida shakkoklikka qarshi qonun va siyosat amalda; *11 foizida murtadlarni jazolashga oid qonunlar mavjud. Bunday jazolar turlicha - jarimadan tortib, o‘lim jazosiga qadar belgilangan; *Amerika qit‘asidagi mamlakatlarning 31 foizida shakkoklikka qarshi qonunlar amal qiladi. Bahamada shakkoklikka oid materiallarni chop qilish va yo sotish uchun ikki yilga qadar ozodlikdan mahrum qilinish mumkin.

Manba: Pew Research Center

Image copyright none
Image caption 2012 yil, Lahor. Nasroniylar maktabi o‘qituvchisi Islomga qrshi shakkoklikda ayblanishi ortidan yuz bergan tartibsizliklar

Afzal Xon Pokistondan, u Bradford universitetida Dinshunoslikdan tahsil oladi. Ma‘lumki, Pokistonda shakkoklik to‘g‘risidagi qonun va o‘ta an‘anador munosabat murtadlar hayotini tahdid ostida qo‘yadi.

O‘qish davrida u Islomdan voz kechishga qaror qilgakn. Bu haqda esa, Pokistondagi do‘stlariga ijtimoiy tarmoq orqali bildirgan.

"... Barcha musulmon do‘stlarim shok bo‘lishdi. Boshida ular meni hazil qilyapti, deb o‘ylashdi. Jiddiyligimni bilganlaridan keyin tahqirlashga, qarg‘ashga o‘tishdi. So‘ng tahdid qila boshlashdi".

Oilasi esa, uni oq qilgan. "Onam bilan telefonda gaplashdim. U menga: "Sen ortiq o‘g‘lim emassan", deya qichqirdi. Keyin akam telefonni ko‘tardi. U ham "sen bundan keyin bizdan emassan", degan ohanda gapirdi. Shu-shu, ulardan hech qanday xabar bo‘lgani yo‘q.

Afzal boshqa qarindoshlaridan eshitishicha, onasi uni o‘ldirishlari kerakligi haqida aytgan.

Pokistonga qaytishi xatarli ekani bois, yaqinda Afzal va uning oilasiga Britaniyada butunlay qolib yashash ruxsati berildi.

"Murtadlik o‘zi nima?"

BBC aksar musulmonlar yashovchi Yorksher va Linkolnsher grafliklaridagi 13ta mahalliy hokimlikka bog‘landi.

Ularning biron biri sobiq musulmonlar muammolarini hal qilishga qaratilgan dasturga ega emaslar. Ko‘plar hatto murtadlik o‘zi nima ekanidan bexabarlar.

Ayrim rasmiylar esa, qandaydir mushkulotlarga yuz tutayotgan yoshlar uchun talabga javob beradigan dasturlar mavjudligini aytishdi.

Musulmon jamoalari ichida dindan qaytganlarga nisbatan munosabat, bu haqda ochiq gapira olmaslik, mahalliy hokimiyatlarning ayni masalada ko‘p narsa bilmasliklari sababi bo‘lishi mumkin.

Ammo, Janubiy Yorksherda yuz bergan jinsiy zo‘ravonlik ayni muammo e‘tiborsiz qoldirib kelinganini namoyish etdi.

Ayni paytda mahalliy hokimiyatlar uchun musulmonlar jamoasini ranjitib qo‘ymaslik masalasi ham bor. Bunday vaziyatda esa, sobiq musulmonlar o‘zlarini yakkalangan his qilishlari inkor qilib bo‘lmas voqe‘lik.

"Ahmadiya" oqimi tarafdorlari Islom dunyosida ozchilik hisoblanadi.

Image copyright Getty
Image caption Ahmadiylar

Ular dinda zo‘rlash bo‘lmasligi kerak degan ishonchlaridan kelib chiqib, murtadlikni gunoh hisoblamaydilar.

Ba‘zi sunniylar uchun "Ahmadiya" jamoasining o‘zi bid‘atchilardir. Ular Pokistonda ta‘qib qilinadi.

Ahmadiylar imomlaridan biri Muzaffar Ahmad qator sobiq ahmadiy musulmonlarni bilishi va ular "hech qachon hech qanday shaklda" jazolanmagani yo-da, ta‘qib qilinmaganini aytadi.

U aksar maktablarda Islomning o‘qitilish usulidan tashvishda ekani haqida gapiradi. "Biz maktabda bolalarga dinni emas, balki dinshunoslikni o‘qitishimiz lozim", deydi Muzaffar Ahmad. U aynan mana shu holat bo‘linishlar va musulmon jamoalari ichida toqatsizlarga sabab bo‘layotganiga ishonadi.

Britaniya Muruvvatparvarlik Uyushmasi vasiysi Alom Shaha o‘zining "Yosh ateistning kundaligi" kitobida Islomdan kechganidan keyin boshidan o‘tganlarini hikoya qiladi. Shu bahona ko‘plab iztirobga tushgan sobiq musulmonlar unga maslahat va yordam so‘rab murojaat qilishadi.

Shaha musulmonlarga qarshi noto‘g‘ri qarashlarni o‘t oldirish ehtimoliga oid xavotirlarga befarq emas.

Ammo, u mazkur jamoalar ichida zulm ko‘rayotganlar ham e‘tiborsiz qoldirilmasligi kerak deya hisoblaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq