Britaniya matbuoti: "ID Turkiyaga ko‘z tikmoqda"

Image copyright AFP
Image caption Financial Times ga ko‘ra, ID yangi tuproqlarni zabt etish niyatida

Britaniyada chop etiladigan Financial Times ro‘znomasining yozishicha, Suriya va Iroqda havo zarbalariga yuz tutgan va muxoliflarining qattiq qarshiliklariga duch kelgan "Islomiy davlat" o‘z strategiyasini o‘zgartirmoqda.

Ro‘znomaning mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha muharriri Sem Jonsga ko‘ra, ID o‘z xalifaligini kuchaytirish maqsadida Suriya va Iroqdan ham nariga ko‘z tikkan.

Financial Times suhbatlashgan josuslik xizmatlari mulozimlari ID o‘z ta‘sirini kuchaytirish, yangi tuproqlarni qo‘lga kiritish, qo‘shni davlatlarni beqarorlashtirish va olisdagi dushmanlariga "terrorni eksport qilish"ni rejalayotganini aytishgan.

Buyuk Britaniyaning tashqi josuslik xizmati - MI-6 direktorining sobiq o‘rinbosari Nayjl Inkster Financial Times ga shunday sharh bergan:

Image caption Josuslik xizmatlariga ko‘ra, ID uchun Turkiya bilan aloqalar muhim

"ID o‘z dushmanlariga xorijda ham zarba berishning ahamiyatini yaxshi anglaydi. Guruh bu haqda jiddiy o‘ylayotganiga doir ishoralar bor".

Ro‘znoma bilan suhbatlashgan g‘arblik ekspertlardan biriga ko‘ra, ID Liviya va qisman Misrning Sino yarim orolida o‘zi nazorat qilayotgan hududlarni kengaytirmoqchi.

Shuningdek, Turkiya, Iordaniya, Livan va Saudiya Arabistonida beqarorliklar keltirib chiqarish, bu mamlakatlarda o‘z sho‘‘balarini tashkil etish va Ovro‘poda hujumlarni amalga oshirish rejasiga ega.

"ID ayniqsa, chegarada nazoratni qo‘ldan boy bergach, Turkiyada ham maxfiy amaliyotlarni yo‘lga qo‘ydi. Turkiya bilan aloqalarni ushlab turish jihodchilar uchun hayotiy muhim ahamiyat kasb etadi", - deyiladi maqolada.

"So‘nggi vaqtlarda Turkiyadagi Suruch va Saudiya Arabistonidagi al-Qadahda amalga oshirilgan bomba hujumlari mintaqani beqarorlashtirishga qaratilgan strategiyaning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Va ID bu harakatlarini imkon qadar kuchaytirmoqda", deb yozadi Financial Times.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio