Tabiiy ofatlar Pomir mintaqasi "qamal"ini yana ham mustahkamladi

Image copyright none
Image caption Yer ko‘chkisi G‘unt daryosini to‘sib qo‘ygan

16 iyulda Barsem qishlog‘ining bir necha qismi loy ko‘chkisi ostida qoldi.

Barsem qishlog‘i Tog‘li Badaxshon markazi Xorug‘dan 16 chaqirimcha sharqda joylashgan.

G‘unt daryosini yer ko‘chkisi to‘sib qo‘ydi, natijada kattagina ko‘l hosil bo‘lib, daryo bo‘ylab Pomirga tomon katta yo‘l ishdan chiqdi.

Barsemdagi yeru loy ko‘chkisiga sabab esa, uzoq davom etgan, shiddatli yog‘ingarchilik va avvallari deyarli misli ko‘rilmagan havo haroratining isib ketishi edi.

Pomir tog‘laridagi muzliklar odatdan tashqari tezlikda eriy boshladi.

Ko‘chki va toshqinlardan faqat Barsem zarar ko‘rgani yo‘q.

Pamir katta yo‘lidagi bir necha ko‘priklarni ham suv yuvib ketdi.

Ayni tabiiy ofat haqida matbuotda juda oz yozildi, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati haqida ham gapiradiganlar ham ko‘p emas edi.

Bu ko‘l hozirda bir necha chaqirimga yastangan.

Odamlar ko‘lni rezinadan yasalgan qo‘lbola qayiqlarda kesib o‘tishadi.

Tog‘ yonbag‘irlarida yurish va harakatlanish o‘ta xatarnok.

Aksariyat ro‘zg‘or uchun kerakli bo‘lgan og‘ir qoplarni ko‘tarib olishadi.

Hammaga ham bu "qayiq"da joy yetishmaydi...

Barsemda ishlayotgan quruvchilar va mulozimlar Pamir Katta yo‘li tez orada ishga tushishini aytishadi.

Ammo, Barsemdagi ko‘chki aynan Xitoy bilan chegaradan yuk tashiydigan mashinalar yo‘lini to‘sib qo‘ygan.

Bir necha hafta davomida o‘nlab yirik yuk mashinalari yo‘lda turib qolishdi.

Ayrim shirkatlar muqobil yo‘l qidirib, Qirg‘iziston hududi osha yo‘lga ko‘z tikdilar.

Image copyright none
Image caption Tog‘ yonbag‘irlarida yurish va harakatlanish o‘ta xatarnok. Aksariyat ro‘zg‘or uchun kerakli bo‘lgan og‘ir qoplarni ko‘tarib olishadi

Ammo, Qirg‘iziston mulozimlari 60 tonna yuk ortilgan mashinalarni o‘z hududidan o‘tkazishga oshiqishmas, norasmiy kelishuvlar esa, qimmatga tushardi.

Qirg‘iziston bilan kelishuv amalga oshmaganidan keyin aksariyat shirkatlar Vaxan vodiysi osha yuk mashinalar harakatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lishdi.

Biroq, Vaxan vodiysidagi yo‘llar og‘ir yuk mashinalari uchun moslashmagan, loyli bu yo‘llarda ham bir necha yuk mashinalari qolib ketishdi.

Tojikiston hukumati Barsem osha yo‘lni qayta ishga tushirish uchun harakat qilar ekan, bir necha shirkatlar mustaqil ravishda faoliyatlarini davom ettirishni ixtiyor qilishdi.

Ular kerakli jihozlarni ijaraga olishdi. Ishchilar yollashdi va Vaxan vodiysi osha yo‘lni ta‘mirlay boshlashdi.

Bir shirkatning yosh rahbari bizga, "shundan boshqa imkonimiz yo‘q, yaqinda maktab boshlanadi, Dushanbedagilar o‘z farzandlari uchun maktab kiyimlari, jihozlarini sotib olishlari kerak", dedi.

Avgust boshlaridan beri Vaxan osha yuk mashinalarining oqimi jadallashdi.

O‘z ortlaridan chang bulutlarini qoldirishar, ayrim sug‘orish yo‘llarini vayron qilishar va Dushanbe tomon ilgarilashardi.

Bu sug‘orish kanallarini qayta sozlash esa quruvchi shirkatlarning ishi emas edi.

Qishloqliklar og‘ir ahvolda qolishdi.

Qizig‘i, Xitoy mollari Pamir mintaqasi osha Dushanbedagi ulgurji bozorlarga olib borilar, keyin yana Pomir bozorlariga qayta olib kelinardi.

Xitoyga savdo uchun boradiganlarning aksariyati dushanbelik savdogarlar.

Pomirliklar ozroq mol uchun Xitoyga o‘tishlari qimmatga tushadi, ham viza va ham bojxona to‘lovlari...

Buning ustiga, Qirg‘iziston Ovroosiyo Bojxona Ittifoqiga a‘zo bo‘ldi.

Ana endi Tojikistonning Murg‘ob tumanida yashaydiganlar, aksariyati Qirg‘iz millatiga mansub bo‘lganlarning ham savdo aloqalari mushkullashib qoldi.

Yangi bojxona tartibi pomirliklarning og‘irini yengil qilmadi.

Odamlarning bordi-keldisi va bojxona soliqlarining rasmiy va norasmiy to‘lovlari oshdi.

Pomir Katta yo‘li ishdan chiqishi bilan O‘sh yo‘liga talab oshdi.

Murg‘obliklar Tojikiston ham tez orada Bojxona Ittifoqiga a‘zo bo‘ladi deb umid qilishadi.

Ammo, bugun pomirliklar qo‘sh muammo bilan ro‘para kelishgan.

Biri tabiiy ofatlar bo‘lsa, ikkinchisi, Ovroosiyo Bojxona Ittifoqiga a‘zo qo‘shni davlat bilan bordi-keldilarning qiyinlashganidir...

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio