Putin: "Rossiya Suriyaga qo‘shin yubormaydi"

Image copyright AP
Image caption Putin Suriya borasidagi takliflarini Prezident Obama bilan muhokama qiladi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvaning Suriyadagi jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etish rejasi yo‘qligini aytgan.

"Rossiya Suriya yoki boshqa biron davlat hududidagi jangovar amaliyotlarda ishtirok etmaydi, har holda, bizning bugun bu kabi rejamiz yo‘q", deb aytgan janob Putin AQShning CBS telekanaliga bergan intervyusida.

Ayni paytda u Moskva Prezident Bashar Asad hukumatiga yordamni kuchaytirishga tayyorligini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Suriyada yagona qonuniy armiya bor va bu Bashar Asadning armiyasidir.

Putin Vashington tomonidan dastaklanayotgan Suriya muxolifat kuchlarini "terrorchi tashkilotlar" deb atagan.

"U yerda faqat bitta qonuniy armiya bor. Bu Suriya Prezidenti Asadning armiyasidir. Va unga ayrim xalqaro hamkorlarimizning ta‘biricha,muxolifat qarshi turibdi. Amma haqiqatda Asad armiyasi terrorchi tashkilotlarga qarshi kurashmoqda", - degan Prezident Putin.

Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtirokining kuchayishi so‘nggi paytlarda Qo‘shma Shtatlarning xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

Ammo Putin Moskvaning harakatlari mutlaqo qonuniy va BMT nizomiga muvofiq ekanini urg‘ulagan.

"Biz Suriya hukumatining harbiy-texnik yordam so‘rab qilgan murojaatiga javoban harakat qilayapmiz. Bu qonuniy xalqaro shartnomalar doirasidadir", - deya bayonot bergan Rossiya rahbari.

Putinning aytishicha, hozirda Suriyadagi "Islomiy davlat" saflarida Rossiya va MDH davlatlarida 2000 nafar jangarilar jang qilmoqda.

"Ularning qaytishlarini kutib o‘tirgandan ko‘ra, Asadga Suriyada ularga qarshi kurashda yordam bergan maqsadga muvofiq", - degan janob Putin.

Suriyadagi vaziyat dushanba kuni BMT Bosh Assambleyasidagi muzokaralarning markazida bo‘lishi kutilmoqda.

Prezident Putin AQSh Prezident Barak Obama bilan Suriya borasidagi rejasini muhokama qiladi.

Moskva Rossiya, AQSh, Eron, Turkiya, Saudiya Aarabistoni va Misrni o‘z ichiga olgan xalqaro kontakt guruhi tuzishni taklif qilmoqda.

Rossiya Prezident Asadning muhim ittifoqchisi sanaladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio