Tolibon Qunduz shahriga uch tomondan hujum qildi

Politsiyaning xabar berishicha, Tolibon jangarilari Afg‘onistonning strategik shahri bo‘lmish Qunduzga kutilmaganda uch tomondan hujum qilgan. Qurbonlarning aniq soni borasida ma‘lumot yo‘q, biroq matbuot bir necha odamning halok bo‘lganini yozmoqda. Janglar davom etmoqda.

Jangarilarning shu yilning hisobidan ikkinchi marta Qunduzga kirishga harakat qilmoqda.

Ushbu hodisa Afg‘oniston sharqidagi Paktika viloyatida sport musobaqasiga bombali hujumdan bir kun o‘tib ro‘y bermoqda. Hujumda 9 kishi nobud bo‘lgan.

Qunduz politsiyasi voizi Sayid Sarvar Husayniyning jurnalistlarga aytishicha, Tolibon shaharga dushanba kuni tongda bir necha tarafdan hujum qilgan.

"Shahar olib kiruvchi Xonobod, Chordara va Imom Shohidda og‘ir janglar ketmoqda. Kuchlarimiz yetarli va ularni keyinroq siqib chiqaramiz", - degan Sayid Sarvar Husayniy.

Qurbonlar borasida qarama qarshi xabarlar kelmoqda.

Mahalliy rasmiylar Tolo News agentligiga Tolibon bilan to‘qnashuvda 21 kishi halok bo‘lgani va 13 jangari o‘ldirilganini aytgan.

Politsiya esa 20 nafar jangari o‘ldirilganini aytmoqda.

Qunduz viloyati markaziy va shimoliy Afg‘onistonni, jumladan poytaxt Qobulni birlashtirib turuvchi katta yo‘llar chorrahasida joylashgan.

Kuzatuvchilarning aytishicha, viloyat Afg‘oniston guruchining yarmini yetkazib beradi.

AQSh va NATO harbiy kuchlari Afg‘onistonni o‘tgan yili tark etishi ortidan mamlakat bo‘ylab jangarilarning faolligi kuzatilgan.

Yakshanba kuni Paktikadagi sport maydonchasiga qilingan bomba hujumi 9 kishining umriga zomin bo‘lgan va ko‘plab odamni jarohatlagan.

Bundan tashqari yakshanba kuni o‘zini Islomiy davlat deya nomlovchi guruhga birlashgan 300 jangari Nangarhardagi chegara nuqtasiga hujum qilgan.

Mahalliy rasmiylar hujumda ikki politsiyachi o‘lgani va 60 jangari o‘ldirilganini aytgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio