Abdulaziz Mansur: "Imomlarning bolalarni masjidga qo‘ymaslikka haqqi yo‘q"

O‘zbek rasmiylari 18 yoshga to‘lmagan bolalarning masjidga kirishini taqiqlagani haqidagi xabarlarga munosabat bildirgan Shayx Abdulaziz Mansur "imomlarning bolalarni masjidga qo‘ymaslikka haqqi yo‘q" deb aytdi.

Ayni paytda rasmiylar bu boradagi xabarlarni sharhlamayotir.

BBC bilan suhbatda vazirlikning bir necha mulozimi xabarni tasdiqlamadi, inkor ham etgani yo‘q.

Hukumat qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati esa ayni masalani telefon orqali muhokama qilishdan bosh tortdi.

18 yoshga to‘lmagan bolalarning masjidga borishi taqiqlangani haqidagi xabarlar ilk bor Qurbon Hayiti arafasida paydo bo‘lgan edi.

Vesti.uz nashri dushanba kuni tarqatgan xabarida 18 yoshga to‘lmaganlarning masjiddagi diniy marosimlarda ishtirok etishini taqiqlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta‘limi vazirining "qaror"idan iqtibos keltirgan.

Nashrga ko‘ra, "taqiqni buzgan bolalarning ota-onalari eng kam ish haqining 15 baravari miqdorida jarimaga tortiladi".

"Imomlar taqiqlamaydi"

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining muovini Shayx Abdulaziz Mansur BBC bilan suhbatda taqiq haqida eshitgani, ammo hech qanday yozma buyruq yoki qarorni ko‘rmaganini aytdi.

Ayni masalaga diniy idoraning qarashi qanday, degan savolga taniqli ulamo "diniy idora hech kimning masjidga kirishini taqiqlamaydi", deb javob berdi.

"Imomlarning bolalarni masjidga qo‘ymaslikka haqqi yo‘q. Biz hech qachon ularga bolalarni masjidga qo‘ymanglar, degan narsani aytmaymiz. Qaytaga, imomlarimiz o‘z ma‘ruzalarida bolalarga dinni o‘rgatinglar, Qur‘onni o‘rgatinglar, deb da‘vat qilishadi", - dedi BBC bilan suhbatda Abdulaziz Mansur.

Ayni paytda rasmiy ulamo davlat idorasining bu kabi buyruqni chiqarishga vakolati borligini savol ostiga olmaydi.

"Bunday buyruqni davlat idorasi chiqarishi mumkin. Bu ularning vakolatiga kiradi. Ammo men bunday hujjatni ko‘rganimcha yo‘q", - deb aytdi diniy idora raisining muovini.

Yangi taqiq haqidagi xabarlarni o‘rgangan toshkentlik inson haqlari faoli Surat Ikromovning aytishicha, bunga o‘xshash buyruq mavjud bo‘lgan taqdirda ham o‘zbek rasmiylari uni rasman tasdiqlamaydilar.

"Aftidan, vazirlik mulozimlari bu haqda og‘zaki ko‘rsatma berganlar. O‘zbekistondagi mavjud tajriba shunday. Bundan avvalgi taqiqlarda ham shunday ish tutilgan", - deydi huquq himoyachisi.

Ayni paytda BBC suhbatlashgan toshkentliklar Qurbon Hayiti namozida hech qanday cheklovlar bo‘lmaganini aytishmoqda.

Poytaxt masjidlarida odamlarning yosh bolalari bilan namoz o‘qishgani aks etgan suratlar internetda ham chop etilgan.

O‘tgan yili Ramazon oyida maktab o‘quvchilarining taroveh namozida qatnashishi taqiqlangani xabar qilingan.

Farg‘ona vodiysida rasmiylar bolalarni taroveh namoziga qo‘ymagani va ota-onalarga katta jarima bilan tahdid etgani bilan bog‘liq holatlar qayd etilgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio