"Haj ziyoratidagi taloto‘pda o‘lganlar soni aytilganidan ko‘p"

Image copyright Getty

Dunyoning qator mamlakatlari rasmiylariga ko‘ra, o‘tgan hafta Haj ziyorati chog‘i Makka yaqinida yuz bergan taloto‘pda 1,000dan ortiq inson nobud bo‘lgan.

Saudiya Arabistoni hukumati hayotdan ko‘z yumganlar sonini 769 nafar deb bergandi.

Ammo, Nigeriya rasmiysi BBCga gapirarkan, halokat joyidan Jidda shahridagi o‘likxonaga 1,000dan ortiq jasad olib ketilganini aytgan.

Hindiston, Pokiston va Indoneziya rasmiylari ham taloto‘p qurbonlari soni mingdan ortiq deb o‘ylashlari haqida bildirishgan.

Nigeriyaning Haj masalalari bo‘yicha mas‘ullaridan biri Yusuf Ibrohim Yakasay Jiddaga borib qaytgan. Uning aytishicha, shaharga jami 14ta yuk avtomobilida jasadlar keltirilgan.

Yusuf Ibrohim Yakasayning qo‘shimcha qilishicha, hozirga qadar 10ta yuk mashinasidagi 1,075 jasad tushirib olingan va o‘likxonaga jo‘natilgan. Unga ko‘ra, hali qolganlari joylashtirilgani yo‘q.

Qator mamlakatlar, jumladan, Saudiyaning mintaqadagi raqibi - Eron Saudiya Arabistoni hukumatini halokat oqibatlari bilan hisoblashish usulini tanqid ostiga olishgan. Taloto‘pda Eronning 140dan ortiq fuqarosi hayotdan ko‘z yumgan.

Image copyright AFP
Image caption Podshoh

Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj Twitter sahifasida Saudiya rasmiylari nobud bo‘lgan 1,090 nafar ziyoratchining suratlarini oshkor qilganlari haqida yozgan.

Pokiston va Indoneziya rasmiylari ham o‘zlariga 1,000dan ortiq surat jo‘natilganiga ishora qilishgan.

Saudiya Arabistoni hukumati hozirgacha raqamlardagi farqlar bo‘yicha tushuntirish bermagan.

O‘tgan payshanba kuni yuz bergan taloto‘p 25 ichida Haj ziyorati payti yuz bergan eng halokatli hodisa sifatida ta‘riflandi.

Taloto‘p Jamarat ustunlariga (ramziy shaytonga) tosh otish marosimi payti kelib chiqqan, tiqilinchda yana 934 inson jarohat olgan.

Saudiya Arabistoni bosh muftisi shayx Abdulaziz bin Abdulloh hukumatni himoya qilib chiqqan va taloto‘p "inson nazoratidan tashqari" yuz berganini aytgan.

Podshoh Salmon halokat paytidagi xavfsizlik choralari yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga buyruq bergan.

Oldinroq, Makkadagi jome masjidida kran qulab tushishi oqibatida 109 inson hayotdan ko‘z yumgandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq