Qunduz nazorati uchun janglar davom etmoqda

Afg‘oniston kuchlari shimoldagi Qunduz shahrini Tolibon qo‘lidan qaytarib olish uchun janglarni davom ettirmoqda.

Shahar kuni kecha toliblar tomonidan ishg‘ol qilingandi. Bu 2001 yil Amerika yetakchiligidagi harbiy amaliyotlar ortidan qudratdan ag‘darilgan Tolibon uchun eng katta g‘alaba sifatida ta‘riflandi.

Qunduz uchun qaqshatqich janglar davom etar ekan, Prezident Ashraf G‘ani afg‘on qo‘shinlari shahardagi ba‘zi hukumat binolarini qayta qo‘lga kiritishganini ma‘lum qilgan.

Politsiyaga ko‘ra, 80dan ortiq jangari o‘ldirilgan. Ammo, bu xabarlarni mustaqil manbalardan tasdiqlash imkonsiz qolmoqda.

Tolibon dushanba kuni Qunduzga bostirib kirarkan, hukumat qo‘shinlari chekinishga majbur bo‘lgandi.

Mamlakat shimolidagi ushbu strategik muhim shaharning boy berilishi Prezident Ashraf G‘ani davlat tepasiga kelganiga bir yil to‘lishi manzarasida kuzatildi.

Seshanba kuni televizion orqali chiqishida janob G‘ani Qunduz nazorati uchun janglarda ijobiy natijalar borligini aytdi.

Ammo, aytilishicha, toliblar oddiy aholidan insoniy qalqon sifatida foydalanayotgani afg‘on armiyasi kuchlariga mushkulotlar tug‘dirmoqda.

"Afg‘oniston hukumat mas‘uliyatli va shahar ichkarisida qolgan xalqi hamda vatandoshlarini bombalay olmaydi. Bunday qilmaydi ham", deb aytgan Prezident Ashraf G‘ani.

NATO voiziga ko‘ra, AQSh harbiy uchoqlari amaliyotlarda Tolibon mavqelarini hujumga tutish bilan afg‘on armiyasiga dastak bermoqda.

Afg‘oniston Sog‘liqni saqlash vazirligi Qunduz shifoxonalariga 16 insonning jasadi va qariyb 200 nafar yaralanganlar qabul qilinganini ma‘lum qildi.

"Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti Qunduzdagi shifoxonasi o‘qotar qurollardan yaralanganlar bilan to‘lib ketganini aytadi.

Qunduz Tolibon 14 yil muqaddam qudratdan ketganidan beri qo‘lga kiritgan ilk viloyat markazidir.

Shahar aholisi ishg‘ol qilingan ko‘chalarni Tolibon jangchilari nazorat qilayotganini aytishadi.

Qunduzdagi hodisalar guvohlariga ko‘ra, seshanba kuni toliblar safiga ham qo‘shimcha kuchlari kelib qo‘shilishgan.

Mahalliy odamlar shaharni tashlab chiqishi ham o‘ta mushkul qolayotgani xabar qilinadi.

Tolibon yangi rahbari Mullo Axtar Mansur hukumat mag‘lubiyatni tan olishi kerakligini aytgan.

Mullo Axtar Mansur o‘z bayonotida qunduzliklar "o‘z hayotlari va mol-mulklaridan tashvish chekmasliklari kerak"ligi va "odatdagidek yashashda davom etishlari lozimligini ta‘kidlagan.

Guvohlarga ko‘ra, ayrim mahalliy odamlar Tolibonni xushqarshilashgan, "ko‘plar esa, toliblarga birdamlik bildirib emas, balki qo‘rquvdan ko‘chalarga chiqishgan".

Biz avvalroq, Taxordagi hamkorimiz Mubin G‘afuriydan Qunduzdagi so‘nggi vaziyat borasida so‘radik:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq