O‘zini o‘ldirayotgan yoshlar: Sabab nima?

Image copyright none

Qozog‘iston 10 yildirki o‘smirlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha dunyodagi 3 davlatdan biri bo‘lib kelmoqda. Kuzatuvchilar Qozog‘iston hukumati ushbu muammoni bartaraf etish bo‘yicha yetarli ish qilmayotganini ta‘kidlashadi.

Qozog‘istondagi Teng huquqlar va teng imkoniyatlar instituti jamg‘armasi o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilishga qanday omillar sabab bo‘layotgani borasida ijtimoiy tadqiqot o‘tkazgan.

Jamg‘arma prezidenti Margarita Uskembayeva o‘smirlar o‘rtasidagi xudkushlikning bir necha sabablari borligini aytadi.

Margarita Uskembayeva: Bizning Qozog‘istonda Teng huquqlar va teng imkoniyatlar instituti jamg‘armasi ijtimoiy tadqiqot o‘tkazdi. Savol qilib joniga qasd qilishga olib boruvchi sabablarni keltirdik. Birinchi o‘rinda hissiy, jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik sababi bo‘ldi. Bu shunday hos xususiyatki, har doim ham ko‘zga yarq etib tashlanmaydi. Ammo u asosiy sabab sifatida birinchi o‘ringa chiqdi. Ikkinchi o‘ringa ota-onalarning o‘z farzandlarini tushunmasligi va e‘tiborsizligi bo‘ldi. Uchinchi o‘rinda o‘smir qizlarning o‘zini mustaqil ravishda boshqara olmasligi. Qizlarni jinsiy zo‘rlash ham suiqasdga olib boruvchi sabablardan deb topildi. O‘smirlarning shaxsiy hayotidagi qiyinchiliklar va tengdoshlari orasida bir-birini tushunmaslik hamda qattiqo‘llik bilan munosabat ham o‘z joniga qasd qilishga olib boradi. Bundan tashqari kasb bo‘yicha ta‘lim ola olmaslik va oiladagi moliyaviy muammolar, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar qozog‘istonlik o‘smirlarning o‘zini o‘ldirishga majbur qiluvchi omillar sirasiga kiradi.

BBC: Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bir vaqtning o‘zida mustaqillikka erishdi. Ammo bu muammo nima uchun aynan Qozog‘istonda rivojlangan?

Margarita Uskenbayeva: Menimcha, bu Qozog‘iston iqtisodiyotining tez su‘ratlarda rivojlanayotganiga ham bog‘liq. Biz katta iqtisodiy sakrash qildik. Qozog‘iston hayot darajasi, iqtisodiy ko‘rsatgichlar bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchilik qiladi. Hayot tez su‘ratda rivojlanayotgani uchun ham odamlar oldiga katta talablarni qo‘yadi. Yashash uchun kurashda raqobatning kattaligi hissiy muammolarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari ijtimoiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi boshqa omillar ham bor.

BBC: Ayrim mutaxassislar Qozog‘istonda talaba bo‘lish uchun o‘tkaziladigan Yagona milliy test sinovlari ham o‘smirlarning ruhiyatiga ta‘sir o‘tkazishi borasida gapiradi. Bu borada siz nima deya olasiz?

Margarita Uskembayeva: Ha, biz ham bu borada gapiramiz. Gap shundaki Qozog‘iston Ovro‘po davlatlari qabul qilgan Bolon jarayonidagi majburiyatlari bo‘yicha yagona milliy test sinovlarini markazlashtirilgan tarzda amalga oshirishimi kerak. Lekin Yagona milliy test sinovlari maktab o‘quvchilari orasida o‘z joniga qasd qilishga urinish borasida omillardan biri hisoblanadi. Bu yilgi test sinovlari arafasida 4 ta o‘z joniga qasd qilish holati sodir etildi. Bu holatlar testdan oldin va uning natijalari e‘lon qilinganda ro‘y berdi. Yagona milliy test sinovlari o‘z joniga qasd qilish omillaridan biri hisoblanadi. Men mana shunday deb o‘ylayman.

BBC: Hukumatning bu muammoni bartaraf qilish bo‘yicha rolini qanday baholaysiz? Bu borada yetarlicha ishlar qilinyaptimi?

Margarita Uskembayeva: Bilasizmi, aniq yo‘naltirilgan tadbirlar va choralar ko‘rilmoqda. Maktabdagi psixologlarning ishlari kuchaytirilmoqda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishlamoqda, prokuratura bu masalani juda yaqindan nazorat qilib kelmoqda. Qandaydir choralar ko‘rilmoqda. Lekin jamoat tashkiloti va mutaxassis sifatida ushbu choralarni yetarli emas, deb hisoblaymiz. Ya‘ni o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish muammosini bartaraf qilish uchun maxsus dastur ishlab chiqilishi kerak. Afsuski bizda milliy dastur ishlab chiqilmagan.

BBC: Bu kabi dasturni ishlab chiqish uchun nima xalaqit bermoqda?

Margarita Uskembayeva: Men ham bu borada ko‘p o‘ylaganman. Bir tadbirkor mendan buning ortida moliyaviy manfaat bor-yo‘qligi haqida ham so‘radi. Bizda boshqa muammolarni hal qilish uchun katta e‘tibor qaratishadi. Biroq bu muammoga yetarli ahamiyat berishmayapti. Balki bunga o‘smirlar o‘rtasidagi o‘z joniga qasd qilishni ko‘rsatib turuvchi o‘lchov vositalarining yo‘qligi, bolalar xudkushligining oldini olish uchun ogohlantiruvchi texnologiyalarning yo‘qligi, bevosita sabablarini ochiq oydin ko‘rsatib turuvchi indikatorlarning yo‘qligi bunga sabab bo‘lishi mumkin. Hatto biz tadqiq qilgan sabablar ham shunchalik yopiqqi muammoni yaqqol ochib berolmaydi. Bundan tashqari o‘smirlar o‘rtasidagi o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha mavjud statistikalardagi ma‘lumotlar noxolis bo‘lishi mumkin. Ushbu muammoning muhimligi haligacha to‘g‘ri tushunib yetilmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio