"Rossiya IDga qarshi havo hujumlariga qo‘shilishi mumkin"

Image copyright Us Depart of Defence

Prezident Vladimir Putinga ko‘ra, Rossiya AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan o‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan guruhga qarshi uyushtirilayotgan havo hujumlariga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Putin janoblari bu haqda Nyu Yorkda Amerika Prezidenti Barak Obama bilan muzokaralar ortidan gapirgan.

Ikki rahbar BMT Bosh assambleyasi yig‘ini doirasida 90 daqiqaga uchrashishgan. Vladimir Putin muloqotni "konstruktiv, samimiy va ishchi ruhda" bo‘lganini bildirgan.

Bu qariyb bir yil asnosidagi ilk yuzma-yuz uchrashuvdir. Ikkitomonlama muloqot chog‘i yana bir asosiy mavzu Ukrainadagi inqiroz bo‘lgan.

Ammo, BMT Bosh assambleyasidagi chiqishlar Suriyadagi urushga qanday barham berish masalasida bo‘linishlar mavjudligini urg‘ulaydi.

Rossiya tomoniga ko‘ra, ID muammosiga qarshi kurashda Prezident Bashar al-Assad bilan birga ishlamaslik "yirik xato" bo‘ladi.

Dushanba kuni Qo‘shma Shtatlar va Frantsiya yana bir bor Prezident Assad qudratdan ketishi kerakligini takrorlashgandi.

"Yirik xato"

Image copyright AP
Image caption Ikki rahbar qariyb bir yil asnosida ilk bor yuzma-yuz uchrashib turibdi

Bunga javoban gapirgan Putin janoblari: "Ular Suriya fuqarolari emaslar va shunday ekan, boshqa bir mamlakat rahbarini tanlash masalasiga aralashmasliklari kerak", deb aytgan.

Unga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma‘qullagan taqdirdagina Rossiya havo hujumlarini amalga oshiradi. Ayni paytda janob Putin Suriyadagi amaliyotlarda Rossiya qo‘shinlari ishtirok etayotgani borasidagi xabarlarni rad qilgan.

Nyu Yorkdan BBCning diplomatik masalalar bo‘yicha muxbiri Jeyms Robbinsga ko‘ra, Prezident Assad masalasida yon berish Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya va ularning ittifoqchilari uchun "eng yoqimsiz" amaldir.

"Ammo, ko‘ndalang turgani: Hozir G‘arbning kattaroq dushmani kim? degan savol bo‘lishi mumkin. Amerika nuqtai nazaridan qaralsa, bu ortiq janob Assad emas", deydi Jeyms Robbins.

Biroq, muxbir ID erkinlik berayotgan dahshatlar Bashar al Assadga qanchalar foyda berishi mumkinligiga to‘xtalar ekan, "janob Obama buni butkul tan olmadi, ammo shunga yaqin keldi", deya xulosa qiladi.

BMT Bosh assambleyasidagi chiqishida janob Obama Suriyadagi qarama-qarshiliklarga barham berishda qudratlar ortasida o‘zaro kelishuv o‘ta muhim bo‘lishini aytgan.

Suriya urushi tufayli hozirga qadar 200, 000dan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgan va 4 million inson mamlakatni tashlab qochishga majbur bo‘lgan.

"Qo‘shma Shtatlar mojaroga yechim topish uchun Rossiya va Eron doxil har qanday davlat bilan birga ishlashga hozir", deb aytdi Barak Obama.

Ammo, u shuncha qon to‘kishlar, xunrezlikka ortidan urushdan oldingi holatga qaytib ham bo‘lmasligini ham tan olish kerakligini urg‘ulagan.

Biroq, janob Putin "Suriya hukumati va uning terrorchilikka qarshi yuzma-yuz turib jasurona kurashayotgan qurolli kuchlari bilan hamkorlikdan bosh tortish katta xato" bo‘lishini aytgan.

Ayni paytda Rossiya rahbari IDga qarshi "keng ko‘lamli aksil-terror koalitsiya" tuzishga chaqirgan. U buni Ikkinchi Jahon Urushi payti natsistlar Olmoniyasiga qarshi jang qilgan xalqaro kuchlarga qiyoslagan.

Image copyright AFP
Image caption Ittifoqchilar

Farqlar

AQSh va Rossiya Suriya masalasida uzoq vaqtdan beri kelisha olmaydigan nuqtalar: Qo‘shma Shtatlar Prezident Assadning qudratda qolishini istamaydi; Rossiya esa, Damashqdagi tuzumning ishonchli ittifoqchisi bo‘lib keladi va yaqindan harbiy dastakni kuchaytirgan.

G‘arbning ayrim rahbarlari so‘nggi paytlar Suriya prezidentiga nisbatan mavqelarini yumshatishgan. Ular janob Assad tish davri siyosiy jarayonida qudratda qolishi mumkinligi haqida gapirishadi.

O‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan guruh tahdidi va Ovro‘poga yo‘nalgan qochqinlari oqimi Suriyadagi ichki urushga barham berish yuzasidan kelishuv masalasini yanada dolzarblashtirgan.

AQSh yetakchiligidagi koalitsiya bir yildan ortiq vaqtdan beri Suriya va Iroqdagi ID jangarilariga qarshi havo hujumlari uyushtirib keladi.

Joriy oy Britaniya Suriyadagi ikki fuqarosiga qarshi dron hujumi uyushtirganini ma‘lum qildi.

O‘tgan hafta oxirida Frantsiya o‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan guruh mavqelariga qarshi ilk havo hujumlarini tasdiqladi.

Boshqa qator davlatlar, jumladan, Avstraliya, Kanada va Iordaniya ham bomba hujumlarini amalga oshirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio