Tojikiston: "Jangarilarning yorib o‘tishlariga yo‘l qo‘yilmaydi"

Tojikistonlik yuqori martabali mulozimlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi jangarilarning o‘z hududlariga yorib o‘tishlariga yo‘l qo‘yilmaydi va o‘zaro chegaradagi vaziyat to‘liq nazorat ostida.

Ularning ayrim mahalliy jurnalistlarga aytishlaricha, bu xususda Afg‘oniston rahbariyati bilan allaqachon gaplashib olishgan va ular o‘zlarini Qunduz muammosi tez orada hal bo‘lishiga ishontirishgan.

Tojikistonlik mas‘ullarning so‘zlari Afg‘oniston harbiylari Amerika kuchlarining ko‘magi ostida Qunduz shahrini yana o‘z nazoratlari ostiga olishga urinayotgan bir manzarada yangragan.

Yuzlab Tolibon jangarilari kecha dushanba kuni Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita qo‘shni Qunduz viloyatiga turli tomondan hujum qilishgan va bir kunning o‘zida uning markazi Qunduz shahrini bosib olishgandi.

Bu – toliblarning qo‘shni Afg‘onistonda tuzumlari ag‘darilib, yangi afg‘on hukumati qudratga kelgan o‘tgan 14 yil ichida qo‘lga kiritgan birinchi viloyat markazi bo‘lgandi.

Tojikistonlik mas‘ullar bilan bu xususda suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan mahalliy jurnalist Iskandar Firuzning aytishicha, ular tez orada afg‘on hukumati Qunduz ustidan o‘z nazoratini qayta o‘rnatadi, degan umiddalar.

"Men Tojikistonning Afg‘onistonga chegaradosh tumanlaridagi ayrim aholi vakillari bilan ham gaplashdim. Odamlarning aytishlaricha, chegara hududlarida u qadar katta bezovtalik yo‘q. Ammo, ularga ko‘ra, tuni bilan Qunduz tomondan otishma sadolari quloqlariga chalingan. Portlayotgan raketalarga ham guvoh bo‘lishgan", - deydi jurnalist.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Qunduz viloyati hokimining janglardan qochib, Tojikistondan boshpana topganiga oid xabarlar ham, hozircha, rasman o‘z izohini topmagan.

Qunduz

Image copyright Reuters

Qunduz – ham Afg‘oniston hukumati va ham isyonchilar uchun strategik jihatdan muhim viloyat sanaladi.

Viloyat Markaziy Osiyoga bog‘lanib ketuvchi muhim tranzit yo‘lida joylashgan va Afg‘oniston shimolidagi eng muhim Sher Xon bandargohiga egalik qiladi.

Xuddi shu bois ham Qunduz - Afg‘oniston shimolidagi muhim naqliyot markazlaridan biri sanaladi.

Mahalliy harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Qunduz bilan birga yana shimoliy Faryob viloyatining jangarilar qo‘liga o‘tishi – afg‘on hukumati uchun mamlakatning qolgan shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlariga yo‘lning yopilishini anglatadi.

"Boshqa tomondan, Qunduz – Afg‘onistonning g‘alla, guruch va boshqa muhim qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi eng muhim viloyatlaridan sanaladi. Xuddi shu bois ham, o‘z nazoratlari ostiga olishsa, Qunduz toliblar va ularning ittifoqchilari uchun yangi ta‘minot manbasiga aylanadi", - deydi, jumladan, Afg‘oniston shimolidan harbiy tahlilchi Muhammad A‘zamiy Qochmas BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, 2001 yilga qadar Qunduz Tolibon harakatining Afg‘oniston shimolidagi muhim va eng so‘nggi istehkomlaridan biri bo‘lgan.

Xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, agar, hozir to‘liq bosib olishga muvaffaq bo‘lishsa, Qunduz – asosan Afg‘oniston janubidan boshpana topib kelgan Tolibon jangarilari uchun mamlakat shimolidagi muhim yangi baza vazifasini o‘taydi va ularning aynan o‘sha yerdan turib o‘z amaliyotlarini uyushtirishlarini osonlashtiradi.

Tojikiston va Qunduz

Image copyright Getty

Tojikiston bilan bor-yo‘g‘i birgina Panj daryosi ajratib turgan Qunduz Afg‘oniston Tolibon harakati bu yilgi bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylangan viloyat bo‘ladi.

Shu yil may oyida oralarida xorijiy jangarilar ham borligi aytilgan yuzlab toliblar Qunduzning ayrimlari Tojikiston bilan bevosita chegaradosh to‘rt tumanida qarshi hujumga o‘tishgan, buning ortidan janglar qaqshatqich tus olgandi.

Qunduzdagi janglar, hatto, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining Hindistonga safarini kechiktirishi, yuzaga kelgan vaziyatni AQSh harbiylari bilan muhokama etib olishiga ham sabab bo‘lgandi.

Orada butun Afg‘onistondan Qunduzga minglab qo‘shimcha askarlar tashlangan, yuzdan ortiq tank ham kiritilgan. Ammo, qunduzlik mas‘ullarga ko‘ra, shunda ham, isyonchilarni daf etishlari oson bo‘lmagan, janglar bir necha haftaga cho‘zilgan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, bu – Tolibon harakatining Afg‘onistondagi "Islomiy Davlat" guruhi a‘zolari ekani aytilayotgan jangarilar bilan ittifoqchilikda ilk bor uyushtirgan hujumlari bo‘lgandi.

Bungacha aksariyat mintaqa davlatlari, hatto, Rossiya ham Afg‘onistondagi vaziyat xuddi Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan oshkora xavotir bildirib kelishayotgandi.

Qunduzdagi janglar esa, bu yaqin yillar ichida Markaziy Osiyoning shundoq biqinida kechayotgan ilk davomiy va keng ko‘lamli janglar bo‘ladi.

Afg‘onistonlik mas‘ullar, hatto, Qunduzning o‘zi ham bu yaqin o‘n yillar ichida bu kabi katta tahdidga ro‘baro‘ kelmaganini aytishadi.

Image copyright Getty

O‘zlariga bevosita chegaradosh Afg‘onistonning Qunduzidagi vaziyat so‘nggi oylarda Tojikiston tomonini ham befarq qoldirmay keladi.

Xabarlarga ko‘ra, Tolibonning hujumlari ibtidosidayoq chegaradagi vaziyat o‘z nazoratlari ostida ekanini aytib kelayotgan Tojikiston bir necha kunning o‘zida qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rishni boshlagan.

Allaqachon Afg‘oniston bilan davlat chegarasida qo‘shimcha himoya chiziqlarini yaratgan, chegaraga yaqin tumanlarga Tojikistonning boshqa mintaqalaridan katta sondagi qo‘shimcha harbiylarini safarbar etgan. Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh mintaqalarda qator yirik harbiy o‘quv mashqlari ham uyushtirgan.

Bu harbiylar chegaradagi har qanday ehtimoliy vaziyatga shay ahvolda ekanliklari, umumiy sonlarining o‘n mingdan ortishi aytiladi.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa, orada mamlakat kuch tizimlari vakillari bilan uchrashgan, agar, lozim bo‘lsa, Afg‘oniston bilan chegara himoyasi uchun barcha zaxiralarni ishga solish, ehtiyoj tug‘ilsa, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan ko‘mak so‘rashlari va bunga qo‘shimcha, 201-sonli Rossiya harbiy bo‘linmasi yordamidan ham foydalanilishi muminligini bildirgandi.

Mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, o‘tgan o‘n yillar davomida bu kabi holat kuzatilmagan.

Ammo Qunduzdagi voqealarning so‘nggi rivojiga, hozircha, rasmiy Dushanbe biror bir munosabat bildirmagan.

Afg‘onistonda joylashgan tolibonparast "Islomiy Jihod Ittihodi" o‘zbek jihodiy guruhi esa, kuni-kecha bayonot bilan chiqib, "Tojikistonga chegaradosh ko‘plab hududlarni nazorat qilayotganliklari", o‘z mujohidlari "Amudaryo sohillarida bemalol harakat qilayotgani"ni iddao qilgandi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Markaziy Osiyoning shundoqqina biqinidagi voqealarning bu kabi rivoji katta sondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari afg‘on mojarosiga na-da diplomatik va na-da harbiy yo‘lda yechim topmay, Afg‘onistonni tark etib bo‘lgan bir yilda kuzatilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq