Rossiya Suriyaga harbiy havo kuchlarini tashlaydi

Image copyright EPA

Rossiya senati Putinga Suriyada mamlakat harbiy havo kuchlarini ishlatish uchun ruxsat berdi. Bu haqda prezident ma‘muriyati rahbari Sergey Ivanov ma‘lum qildi.

Ivanovga ko‘ra, Rossiya Suriyada prezident Bashar Asadning iltimosiga binoan faqat harbiy havo kuchlaridan foydalanadi.

Senat prezidentning murojaatini bir ovozdan ma‘qulladi - 162 ovoz "ha" degan. Senatorlar ushbu masalani matbuot uchun yopiq holda ko‘rib chiqqan va ovoz bergan.

Vladimir Putin chorshanba kuni sal avvalroq Qurolli kuchlarni mamlakat hududidan chetda ishlatishga rozilik beruvchi qaror qabul qilish bo‘yicha taklif bilan chiqqan edi

Konstitutsiyaga binoan Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarini mamlakatdan tashqarida ishlatish masalasini hal qilish parlament yuqori palatasining vakolatiga kiradi.

Rasmiy Kreml saytida aytilishicha, Putinning harbiylarni ishlatish taklifi "insoniyat tomonidan tan olingan printsiplar va xalqaro huquq me‘yorlari asosida" berilgan.

2014 yilning mart oyida Rossiya senati prezidentning mamlakat qurolli kuchlarini Ukraina hududida ishlatish so‘rab qilgan murojaatini bir ovozdan qabul qilgandi. Natijada Rossiya Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. O‘tgan yilning yozida ruxsat bekor qilindi.

So‘nggi oylarda Suriyada Rossiya harbiylari ishtirokining ortayotgani haqidagi xabarlar G‘arbning xavotirlariga sabab bo‘lgan. Sentyabr oyining o‘rtalarida amerikalik harbiylar o‘z ma‘lumotlariga asoslanib Rossiya Suriya shimoliy g‘arbida Latakiya shahridan uncha uzoq bo‘lmagan harbiy havo bazasini harbiy texnika bilan jihozlayotgani haqida xabar tarqatdi.

28 sentyabr kuni Nyu-Yorkda AQSh prezidenti Barak Obama bilan muzokaralardan so‘ng matbuotga gapirgan Vladimir Putin Rossiyaning Suriya tuproqlarida harbiy amaliyotlar olib borish niyati yo‘qligini ma‘lum qilgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio