AQSh IShID sabab yana mukofot puli bermoqchi

Image copyright

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi foyda ko‘rajak noqonuniy savdo-sotiqlarga oid xabar uchun $5 million dollar mukofot puli beriladi.

Bu haqda departamentning rasmiy web sahifasida bayon qilinadi.

Unda aytilishicha, buning sirasiga neft va asori-atiqalarning noqonuniy oldi-sotdisi ham kiradi.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, millionlab dollarlik mukofot puli odamlarni qo‘llaridagi ma‘lumotni o‘zlariga berishga undaydi.

Ulardan esa, "Islomiy Davlat" daromad ko‘rayotgan kontrabanda hollarining oldini olishda foydalaniladi.

Image copyright bbc

Ammo departamentning $5 million dollarlik mukofot pulini olish sizda uchun neft va qadimiy asori-atiqalarni qazib chiqarish, ishlov berish va ularning kontrabandasi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar yoki shirkatlarga oid ma‘lumot bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, ularni xaridorga yetkazish yo‘llaridan boxabar bo‘lgan odam ham bu mukofotdan quruq qolmaydi.

AQSh Davlat departamentining ma‘lumotlariga ko‘ra, neft va muzeylardan tashmalangan qadimiy eksponatlar kontrabandasi jangarilarga millionlab dollar foyda keltiradi.

"Islomiy Davlat"ga o‘xshagan guruhlar esa, buncha puldan o‘z terrorchilik faoliyatlarini moliyalashda foydalanishadi.

Boyvachcha guruh

Image copyright Reuters

So‘nggi ikki yilning o‘zida Iroq va Suriyadagi kattagina hududlarni bosib olib, o‘z islomiy xalifaligini e‘lon qilgan "Islomiy Davlat" esa, joriy paytda barcha jangari guruhlar orasidan "eng boyi" va qudratlisi sifatida e‘tirof etilmoqda.

Joriy paytda bu mutaassib jihodiy guruh a‘zolarining soni 30 mingdan ortishi va ular saflarida dunyoning deyarli har burchagidan jang qilish uchun kelayotgan insonlarning borliklari aytiladi.

Shu yil may oyida AQSh Davlat departamenti "Islomiy Davlat" guruhining to‘rt yetakchi lideri uchun ham ja‘mi $20 million dollar miqdorida mukofot puli e‘lon qilgandi.

Yaqinda Britaniya Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot natijalari esa, "Islomiy Davlat"ning hozirgi kunda dunyodagi eng boy jangari guruh ekanini ko‘rsatgandi.

Image copyright na

Agar, Qirollik Instituti keltirgan ma‘lumotlarga tayanilsa, Yaqin Sharqda o‘z islomiy xalifatiga ega bu guruhning yillik daromadi qariyb 2 milliard dollarni tashkil qiladi.

Ammo o‘tgan yil oxirida e‘lon qilingan tadqiqot xulosasida "Islomiy Davlat"ning asosiy daromad manbasi neft kontrabandasi ekani aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, guruh o‘z nazorati ostida bo‘lgan konlardagi neftning noqonuniy savdosidan kuniga qariyb bir million foyda oladi.

"Islomiy Davlat"ning qolgan daromadlari esa, Yaqin Sharqdagi boyvachcha homiylarining ehsonlari, garovdagi odamlari uchun olayotgan tovon pullari, soliq, jizya, turli jarimalar, banklarni talash va qadimiy osori-atiqalarni pullashdan keladi, deydi Britaniya Qirollik Instituti.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq