Afg‘on hukumati Qunduzni qayta qo‘lga olganini da‘vo qilmoqda

Afg‘oniston rasmiylari da‘vo qilishlaricha, ular shimoldagi Qunduz shahri ustidan nazoratni Tolibondan qaytarib olganlar.

Ularga ko‘ra, tunda qilingan hujumlar yordamida hukumatga tegishli inshootlar qaytarildi va jangarilar orasida ko‘p talafotlar yuz berdi.

Ammo, Tolibon hali ham shaharning katta qismini nazorat qilayotganini ta‘kidlamoqda.

Dushanba kuni shaharning Tolibon qo‘liga o‘tishi o‘z prezidentligining bir yilligini nishonlayotgan Ashraf G‘ani uchun katta zarba bo‘ldi.

Hukumat harbiy amaliyoti tunda boshlangan, askarlar shaharni turli tomonlardan o‘qqa tutganlar.

Qunduz politsiyasi rahbarining voizi Sayid Sarvar Hussayning BBC bilan suhbatda payshanba kuni hokim idorasi, politsiya rahbari idorasi va xavfsizlik xizmati idoralari qayta qo‘lga kiritilganini aytdi. "Tolibon jangarilarining jasadlari atrofda sochilib yotibdi", - deya qo‘shimcha qildi u.

O‘zbekiston va Tojikiston chegaralariga yaqin joylashgan Qunduz shahri 300 ming kishilik aholiga ega bo‘lib, Afg‘onistonning eng katta shaharlaridan biridir. U ham transport markazi, va ham mintaqaviy savdo markazi sifatida strategik jihatdan muhim sanaladi.

Ichki ishlar vaziri voizi Sediq Sediqiy Twitterda Qunduz qayta qo‘lga olinganini yozdi. Biroz o‘tib u AR agentligiga 200 Tolibon jangarisi o‘ldirilgani, hamda shaharni jangarilardan butunlay "tozalash" amaliyoti davom etayotgani va u bir necha kunga cho‘zilishi mumkinligini aytdi.

Biroq, Tolibon "dushmanning Qunduz haqidagi iddaolari"ni rad etdi.

"Mujohiddin shaharning xavfsizlik doirasida qarshilik ko‘rsatmoqda", - dedi Tolibon voizi Zabihulla Mujohid Reyters agentligiga.

Jangarilar shahardan odamlarning chiqishi va qo‘shinlar kirishini bartaraf qilish uchun yo‘llarga minalar va nazoart punktlarini o‘rnatganlari, hamda tun bo‘yi davom etgan bombardimon amaliyotidan shahar ahli qo‘rquv ichida qolayapti.

Xabarlarga ko‘ra, mahalliy o‘g‘il bolalar va erkaklar Tolibon saflarida jang qilishga majburlanmoqda.

Tolibon politsiya qurol-aslahasi, o‘q va mashinalarini qo‘lga kiritgan va banklarni talagani aytiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio