Ovro‘poga ketar yo‘lda adashganlar...

Image caption "To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, men yo‘lga chiqqanimdan afsusdaman", dedi Faxriya

Shimoliy Ovro‘poga intilayotgan qochqinlar va muhojirlar uchun safar xatarlarga to‘la. Oilalar bir-birlarini yo‘qotib qo‘yadilar... Qayta topishish esa, qariyb imkon ko‘rinadi. Jon Suini Vengriyada yo‘qotgan o‘g‘lini izlayotgan ayolni uchratgan.

Yuzida g‘am-alam aks etgan keksa ayol poyezd oynasi yonidagi o‘rindiqda o‘tirardi.

Faxriya o‘z hikoyasini to‘xtab-to‘xtab, uziq-yuluq, chalkash bir tarzda aytib berdi. Ammo, men Faxriya tortgan uqubatlar qanchalar ekanini u Vengiyaning Avstriya bilan chegarasiga yetganda yiqilib tushganiga guvoh bo‘lgan paytimda anglab yetdim. O‘shanda u o‘lib qoladi, deb qo‘rqqandim.

Boshidan so‘zlab beray.

Men Vengriya orqali, odamlarni Yunonistonning Kos orolidan Markaziy Ovro‘poga eltadigan 2,100 chaqirimlik yo‘lni bosib o‘tayotgandim.

"To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, men yo‘lga chiqqanimdan afsusdaman", dedi Faxriya. "Bunday bo‘lishini bilsam edi, kelmagan bo‘lardim".

Faxriyani oltmish yoshlarda, deya taxmin qildim. Oddiy kiyingan, boshiga qora ro‘mol tashlagandi. Qo‘lida tuguni ham, ortiqcha ust boshi ham yo‘q edi. U o‘zini Kobanidan ekanini aytdi. Kobani - o‘zini "Islomiy Davlat" deb atayotgan guruh jangarilari va Amerika havodan dastaklayotgan kurd jangchilari o‘rtasidagi qaqshatqich janglarga sahna bo‘lib, vayronaga aylangan shahar.

Image copyright EPA
Image caption Kobani

Bu yoz butun oila shahardan bosh olib ketishga qaror qiladi. Faxriya, o‘g‘li Mahmud, ukasi va uning oilasi Daniyadagi qarindoshlarini qoralab yo‘lga tushadilar. Yo‘l Vengriya orqali o‘tgandi. Keyin quloqlariga Vengriya rasmiylari parsportlariga muhr qo‘yishiyu, bu bilan faqat Olmoniyaga yetib bora olishlari mumkinligi haqidagi yolg‘on mish-mish chalinadi.

Vengriyaning muhri Daniyaga yetib olishlariga to‘sqinlik qilishidan qo‘rqqan Faxriya va uning hamrohlari yo‘llarini yarim tun o‘rmonzorlar oralab solishadi. Ular olti soat yayov yuradilar.

"Bu shu qadar mushkul ediki, men holdan toygandim", deydi Faxriya. "Oxiriga kelib esa, bizni politsiya tutib oldi. O‘zimga o‘zim "vatanimda och qolish bu yerlarga tentiragandan ko‘ra yaxshiroq edi", dedim.

"Yomg‘ir qo‘yayotgandi. Kenjamning o‘g‘li tinimsiz yig‘lardi. Biz politsiyaga bola kasalligi, shifokorga ko‘rsatishimiz kerakligini aytdik. Ammo, ular kutishimiz kerakligi, doktor hozir kelishi haqida aytishdi. Ammo, bola qo‘limizda qariyb o‘layotgandi".

Faxriya va uning oilasini tikanli simlar bilan o‘ralgan jamloqqa olib ketadilar. "O‘zimni qamoqdadek his qildim. Ovro‘poga shuncha g‘am-g‘ussani tortish uchun keldimmi?" Jamloqda u kasal bo‘lib qoladi. Muolijaga olib ketilarkan, u puli va dorisi bo‘lgan sumkasini o‘g‘liga beradi.

"Meni shifoxonaga olib ketishdi. Yarim soatga deyishgandi. Ammo, tuni bilan ushlab turishdi. Jamloqqa qaytganimda, bolalarimni topa olmadim. Ular ketishgandi. Izlay-izlay topa olmadim. Qanday qilib, men yo‘qligimda ularni boshqa joyga jo‘natishadi?"

Faxriyani jamloqdan Budapesht temiryo‘l stantsiyasiga olib ketishadi. U yolg‘iz edi. "Men bironta inglizcha so‘z bilmayman. Bir tiyin ham pulim yo‘q".

Yolg‘iz qolgani haqida gapirarkan, ko‘zlaridan yosh oqardi: "Yuragim ezilib ketdi. Bu ko‘rguliklar hech qachon xotiramdan ketmaydi. Stantsiyada ikki kunni yig‘lab o‘tkazdim. Bolalarimni topishga urindim, ammo natija bo‘lmadi. Ko‘zim tushgan odamdan so‘rardim. Hech kim mening so‘zlarimni tarjima qilmadi. Ular meni tushunishmadi. Gap nimada borayotganini ham anglashmadi. Birgina biladiganim "oila, oila" degan so‘z edi", deya so‘zlashda davom ettiradi Faxriya.

Bir necha soat stantsiyada turdim. Vengriya politsiyasi minglab odamlarni chiptaxonadan platformaga haydardi. Jarayon insonni holdan toydirar, insoniylikdan yiroq edi. Bunday vaziyatda pulsiz, yaqinlarga bog‘lana olmaslik, jahannam ichida jahannamda qolishdek bo‘lsa kerak.

"Men so‘rab-surishtiraverdim. Ammo, hammaning o‘z tashvishi, dunyosi bor edi", deydi Faxriya.

"Bolalarimni izlasam, birov yordam beradi", deb o‘ylagandim. Ammo, bunday bo‘lmadi. Odamlar menga hech kimdek qarashardi. Hammaning o‘z dunyosi bor edi. Har gal men qayta-qayta o‘layotgandek his qilardim".

Image copyright AP
Image caption "Yo‘l azobi..."

Tasodif bilan u jiyani Mustafo va uning oilasini uchratib qoladi. Ular Faxriyani o‘zlari bilan olib, Avstriya yo‘l olishadi.

Ammo, Faxriya o‘g‘lini topishi kerak edi. U menga buvimni eslatardi. Shuning uchun, yordam berishga qaror qildim. "Biz o‘g‘lingizni topishga yordam beramiz. Bu oson bo‘lmaydi, ammo va‘daberaman, uni topamiz. Twitter, elektron pochta, Facebookni ishga solamiz", deb aytdim.

Ko‘p o‘tmay poyezd bekatga yetib keldi. Biz hamon Vengriya ichkarisida edik. Avstriya chegarasigacha 2 chaqirimdan uzoqroq yo‘l qolgandi. Hamma tushib, yura boshladi. Faxriya ham ular orasida edi.

Faxriya Vengriya kesish nuqtasiga yetganda yiqilib tushdi. Ko‘zlari orqaga ketib, keyin yumildi. Rangi dahshatli tusda ko‘karib ketayotgandi. Oxiri biz uning qandli diabeti borligini bildik.

Vengriyadagi Qizil Xoch tashkiloti shifokorlari unga kerakli dori berishgach, zo‘rg‘a oyoqqa turdi va Avstriyaga qadam qo‘ydi.

Men BBC Yangiliklarining Facebook sahifasiga video joyladim. Uni 320,000 kishi tomosha qildi.

Ayni paytda Faxriyaning o‘g‘li Mahmud Avstriyaning "Umid poyezdlari" websahifasi orqali onasini izlagani haqida eshitdik.

Venadagi stantsiyada Faxriya va o‘g‘li qayta topishdilar. Men bu daqiqani hech qachon unutmayman.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio