O‘qituvchilar paxta dalasida ekanini aytishdan qo‘rqadilar

O‘zbekistonlik o‘qituvchilar o‘z kasb bayramini paxta dalasida nishonlamoqdalar.

Ammo bu haqda gapirishdan qo‘rqadilar.

1 oktyabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezident Islom Karimov o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni tabriklagan, bu tabrikda ustozlarning "xizmatini munosib qadrlash davlat va jamiyatning doimiy e‘tibor markazida bo‘ladi", deya va‘da bergan.

O‘z kasb bayramini esa o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning aksari o‘z uyi yoki maktabidan uzoqda, paxta dalalarida nishonlaganlar.

Shu kuni BBC o‘zbekistonlik o‘qituvchilar o‘z kasb bayramlarini qanday nishonlayotganini o‘rganishga harakat qildi.

Ertalabdan Farg‘ona viloyati, Toshkent, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridagi ta‘lim muassasalari, o‘qituvchilar bilan telefon orqali bog‘lanib ularni bayram bilan tabrikladik.

Shu narsa ma‘lum bo‘lidki, barcha viloyatlarda maorif tizimi xodimlari yoppasiga dalaga olib chiqilganlar.

Bayram tabrigiga minnatdorlik bildirgan bir o‘qituvchi so‘zlariga ko‘ra, 1 oktyabr kuni "faqat tushgacha paxta terishga ruxsat berishgani" o‘zlari uchun bayram bo‘lgan.

Toshkent viloyatilik maorif mutasaddisi "bugun kechqurun "o‘tirishimiz" bor", deydi.

O‘qituvchilar paxta terishga chiqishga majbur qilinmoqdalar.

Lekin BBC bilan suhbatlashgan birorta o‘qituvchi majburiy mehnat ishtirokchisi ekani haqida mikrofonga gapirishni istamadi, bir o‘qituvchi so‘zlariga ko‘ra, boisi "ishidan ayrilishdan qo‘rqadi".

Butun respublika bo‘ylab maktablarda chiqib paxta teradigan o‘qituvchilarning navbati tashkil qilingan.

Misol uchun, bir maktabda 60 o‘qituvchi va boshqa texnik xodimlardan iborat jamoa bo‘lsa, shuning 20 nafari shu kecha-kunduzda dalada bo‘lishi shart.

Farg‘ona vodiysida oktyabr oyining qaysidir kuni "qor yog‘armish" degan gap tarqalgan.

Shuning uchun mahalliy hokimlarning bosimi bilan militsiya xodimlari ko‘chada ko‘ringan har bir "Damas", "Gazel"ni to‘xtatmoqda, hammani paxta terishga majbur etmoqdalar, deydi mahalliy yashovchilardan biri.

O‘qituvchi kamligidan ikki sinf o‘quvchilarini bir sinfxonaga kirgizib dars o‘tishga to‘g‘ri kelmoqda.

Inson huquqlari himoyachilari Yelena Urlayeva va Malohat Eshonqulova bu yilgi paxta mavsumi paytidagi majburiy mehnat holatlarini monitoring qilmoqdalar, ular kuni-kecha Xorazm viloyati safaridan qaytdilar.

Faollar Hazorasp tumanida kollej o‘quvchilari paxtaga jalb etilgani va hasharchilar dala shiyponlari, garajlar va bolalar bog‘chalariga joylashtirilganini aniqlaganlar.

Shuningdek, mahalliy o‘qituvchilar va shifokorlar Xalqaro Mehnat tashkiloti kuzatuvchilari kelgan paytda majburiy mehnatga jalb qilinganlar daladan qaytarilganini aytib berganlar.

Xorazmlik oddiy odamlar aytishicha, xalqaro tashkilot kuzatuvchilar kelishidan oldin daladagi kollej talabalari va shifokorlar olib chiqib ketilgan.

Kuzatuvchilar kelib ketganidan so‘ng ular yana qaytarilgan.

Hazoraspda inson haqlari faollari tahqirona tekshirilib fotosuratlar saqlangan fleshkani hazorasplik militsionerlar shifokorlar bilan birga qidirishgani haqidagi hisobot kecha e‘lon qilindi.

Ushbu holat bu yil ham O‘zbekistonda paxta hosili maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, boshqa davlat idora va tashkilotlari hamda tijoratchilarni majburan dalaga olib chiqilib terib olinayotgani misollaridan biridir.

Va bu O‘zbek rasmiylari Xalqaro Mehnat tashkilotining majburiy mehnatga chek qo‘yishni nazarda tutgan rezolyutsiyani imzolaganlariga zid ravishda fuqarolarni dalaga majburlayotganlarini xalqaro jamoatchilikdan yashirishga urinayotganlarini ko‘rsatadi.

So‘nggi yillardagi kuzatuvlar O‘zbekiston SSSR zamonidagi paxta siyosatini o‘zgartirmaganini ko‘rsatmoqda.

Aksincha paxta yakkahokimligini saqlab qolish istagi majburiy mehnatning Sho‘ro davridagidan ham yomonroq ko‘rinish olishiga turtki bergan.

SSSR zamonida paxta "milliy boyligimiz" deb atalgan.

U zamonda paxtadan tushgan daromad O‘zbekiston iqtisodiga, dalada ishlagan kolxozchining kolxozi moliyaviy ahvoliga bevosita ta‘sir ko‘rsatgan, buni oddiy odamlar o‘z hayotlarida his qilganlar.

Bugun-chi?

O‘zbekiston parlamenti bir yillik paxta hosilidan respublika byudjetiga qancha daromad tushgani, bu daromad qaysi ijtimoiy maqsadlarga sarflanishini muhokama qilgani haqida biror marta xabar qilinmagan.

Oxirgi yillarda xalqaro tashkilotlar paxta O‘zbek xalqining emas, bir hovuch amaldorning boylik manbaiga aylanganini aytib keladilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq