O‘zbek futboli shubhali rahbarlardan tozalanadimi?

Image copyright Reuters

O‘FF rahbari Mirabror Usmonov Oliy liga o‘yinlaridagi kelishilgan o‘yinlarga batafsil to‘xtalgan. Usmonov ko‘ra, kelishilgan o‘yinlarni tashkil qilishdagi asosiy gumondorlar bu klub va ularda rasman ishlamaydigan katta rahbarlardir.

"Hatto, klubda rasman ishlamaydigan katta-katta rahbarlar borki, futbolning bugungi ob-havosiga ta‘sir ko‘rsatishga urinadi. Ular klublar, murabbiylar qolib, maydondagi futbolchilarni yo‘ldan urishga harakat qilishadi va bunday rahbarlar allaqachon kuzatuv ostiga olingan", - degan Mirabror Usmonov.

O‘FF prezidenti klubda rasman ishlamasdan o‘zbek futboliga ta‘sir qilayotgan katta rahbarlarning shaxsiga oydinlik kiritmagan. Ammo ularni yanvar oyigacha futboldan chetlatishga va‘da bergan.

"Men sizga va‘da beramanki, bunday rahbarlar yanvarь oyigacha futboldan ketadi. Meni gapimni yaxshilab yetkazinglar, o‘zlari yaxshilikcha ketishmasa, sharmandalik bilan ketadilar", degan Mirabror Usmonov.

Shubhali qaror

28 sentyabr kuni O‘FF Ijroiya qo‘mitasi Oliy liga o‘yinlari doirasida "Paxtakor" - "Metallurg" klublari o‘rtasida o‘tgan o‘yinni shubhali deya topgandi.

Qarorga ko‘ra 2:3 hisobida yutqazgan "Metallurg" klubi Rustam Mirsodiqov 2015 yil oxirigacha litsenziyasidan mahrum qilingan.

Qo‘mitaning ushbu qarorini muxlislar norozilik va shubha bilan qarshi olishgan. Ularga, agar o‘yin shubhali bo‘lsa, unda nima uchun "Paxtakor" klubi jazolanmadi, degan savollarni o‘rtaga tashlagan.

"Paxtakorning ishtirokisiz Mirsodiqovning bu ishni qilishida qanday manfaat borligi aniqlandi? "Yutqazib berish" operatsiyasida ishtirok etgan "Metallurg" futbolchilarining taqdiri nima bo‘ldi? Maydonda hammasini o‘yinchilar hal qilishadi-ku", - deydi Xushnud Xudayberdiyev.

1 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘FF rahbari ushbu masalaga atroflicha to‘xtalgan va Paxtakorning jazosiz qolib ketishi vaqtincha ekanligini aytgan.

Usmonovga ko‘ra, ushbu ishni o‘rganish asnosida kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bo‘yicha ekspertlar kengashi raisi Axrol Inoyatov "Paxtakor" klubi bo‘yicha hozircha hech qanday hujjat yoki isbot topa olmagan.

"Endi "Paxtakor" nega jazolanmadi?" degan savollarga javob berib o‘tsam: yil yakunlariga ko‘ra "Paxtakor" shunday jazolanadiki, futbol ishqibozlarini qing‘ir o‘yinlar bilan aldash uyoqda tursin, bu haqda hayoliga ham keltirganlar ham tavba qiladi", - deya Mirabror Usmonovning gaplaridan iqtibos keltirgan O‘FF matbuot xizmati.

Va‘dalarga ko‘milgan o‘zbek futboli

O‘zbekistonda kelishilgan o‘yinlar borasidagi mavzu bundan oldin ham ko‘tarilgan.

Image copyright FIFA
Image caption Mirabror Usmonov kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish haqida oldin ham gapirgan

2014 yilning boshida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov so‘nggi vaqtlarda totalizatordan daromad ko‘rish maqsadida O‘FF va PFL tasnifidagi o‘yinlarning natijalari kelishilayotganligi haqida matbuotdagi maqolalarga to‘xtalgan.

Usmonov janoblari kelishilgan o‘yinlarga avvaldan kurashib kelayotganini bildirib, bunday ishlarni fosh qilishda davlat organlari bilan ishlashga tayorligini ta‘kidlab o‘tgandi.

Proffessional futbol ligasi qoshida tuziladigan ishchi guruh kelishilgan o‘yinlar va unda ishtirok etganlikda gumon qilinganlarni monitoring qilib borishi ma‘lum qilingandi.

Futbolga ixtisoslashgan stadion.uz sayti kelishilgan o‘yinlarga qarshi urush ochilganidan 6 oy o‘tib 2014 yilning 27 sentyabrida kelishilgan o‘yinlarga barham berilmaguncha o‘zbek futboliga boykot e‘lon qilishini bildirgan.

Sayt kelishilgan o‘yinlar bo‘yicha yetarlicha dalil isboti bo‘lsa-da, ushbu masala futbol mutasaddilarining e‘tiboridan chetda qolayotganidan yozg‘irgan.

Boykot e‘lon qilinganidan so‘ng sayt muharriri kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish bo‘yicha ekspertlar kengashi raisi Axrol Inoyatov bilan uchrashgan. Inoyatov bir yilning ichida kelishilgan o‘yinlarni aniqlab ularga barham berishga va‘da bergani aytilgan edi.

Biroq Oliy ligadagi ayrim o‘yinlar muxlislarning shubhasiga sabab bo‘lishda davom etaverdi.

Bu ish yana bir bor O‘FF prezidenti tomonidan ko‘tarilmoqda. Prezident Usmonov bu safar yil oxirigacha haqiqatni yuzaga chiqarishga va‘da bermoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq