"Qunduz markazida hamon toliblar bor"

Image copyright Reuters
Image caption NATOning dastagi u qadar natija bermayotgani haqida xabar qilinadi

Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahri nazorati uchun hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida janglar davom etmoqda. Shahar dushanba kuni Tolibon tarafidan ishg‘ol qilingandi.

Kecha kechga yaqin Qunduz shahri asosiy xiyobonida yana toliblar bayrog‘i paydo bo‘lgan.

Hukumat kuchlari esa, shaharning aksar qismi qo‘llarida ekani da‘vo qiladilar.

Taxordagi muxbirimiz Mubin G‘afuriyga ko‘ra, Qunduz markazi hali ham Tolibon qo‘lida qolmoqda.

"Toliblar shahar markazidan turib qaqshatqich janglarni davom ettirishayotgani haqida xabar olyapmiz. NATO qo‘shinlari afg‘on askarlariga dastak berayotgani natija bermayotgan ko‘rinadi. Toliblar hali hamon shahar markazidan siqib chiqarilgani yo‘q", deydi muxbirimiz.

"Bundan tashqari, tinch aholi vakillari oziq-ovqat va boshqa zahiralari tugab borayotgani, agar tezlikda amaliyotlar nihoya topmasa, ahvol yomonlashishini aytishadi", deya qo‘shimcha qiladi u.

Qunduz oxirgi 14 yil ichida toliblar ishg‘ol qilgan ilk viloyat markazidir. BBC muxbiri Jastin Roulatning ham aytishicha, janglar hali-veri nihoya topadigan ko‘rinmaydi.

Unga ko‘ra, aeroportga joylashib olgan hukumat kuchlari hamon yaqin atrofdan toliblar qarshiligiga duch kelishmoqda.

Avvalroq, Afg‘oniston Ichki ishlar vaziri Siddiq Siddiqiy Frans-Press axborot agentligiga shahar nazorati hukumat qo‘lida ekanini aytgandi.

"Tozalash amaliyotlari biroz vaqt oladi. Tolibon qoldiqlari aholi uylari ichkarisidan o‘t ochishmoqda va ba‘zi joylarda minalar ko‘mib ketilgan", deb aytgan Siddiq Siddiqiy.

Tolibon esa, shahar yana boy berilgani borasidagi xabarni rad qilgan.

Ayni paytda Qunduz shifoxonasi xodimlari BBCga yaralanganlar bilan to‘lib-toshgani, ularga yordam ko‘rsatish o‘ta mushkul kechayotgani haqida aytishgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq