Qunduz ichkarisida qolgan aholi ahvolidan xavotirlar

Image copyright none
Image caption Janglar hamon davom etmoqda

Inson haqlari tashkilotlari Tolibon va hukumat kuchlari o‘rtasidagi qaqshatqich janglarga sahna bo‘layotgan Qunduz shahri ichkarisida qolgan insonlar hayotidan xavotir bildirishgan.

Hukumat Tolibonga qarshi jiddiy ayblovlar bilan chiqqan. Toliblar Qunduzda jinsiy zo‘rlash va ommaviy qatllarni amalga oshirganlikda ayblanmoqda. Ma‘lumki, shahar dushanba kuni Tolibon tarafidan ishg‘ol qilingandi.

Hukumat kuchlari shaharning aksar qismini nazorat qilayotganini da‘vo qilsa-da, janglar to‘xtamagan.

Qunduz oxirgi 14 yil ichida toliblar nazorat ostiga olgan ilk viloyat markazidir.

"Ommaviy qotillik"

Mahalliy aholi vakillari esa, o‘z uylarida qamalib qolganlari, oziq-ovqat va boshqa zahiralari tugab borayotganini aytishadi.

"Oziq-ovqat va suvimiz tugamoqda. Tashqariga chiqa olmaymiz. Har ikki tomonning ham o‘qiga uchishdan qo‘rqamiz", deb aytgan Qunduz yashovchilaridan biri BBC Afg‘on Xizmati bilan suhbatda.

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi dori-darmon va tibbiyot xodimlari yetishmasligidan tashvish bildirgan.

Xalqaro Amnesti tashkiloti esa, Tolibonni Qunduzdagi "ommaviy qotillik, guruh bo‘lib jinsiy zo‘rlash va uyma-uy tintuvlar o‘tkazish" ishlarda ayblagan.

Afg‘oniston hukumati Tolibon "mahkamasiz qatllar" hamda "insoniyatga qarshi jinoyatlar"ga mas‘ulligini aytgan.

"Ramziy g‘alaba"

Image copyright AFP
Image caption Odamlar har ikki tomonning o‘qiga uchirshdan qo‘rqishadi

Ammo, Tolibon rahbari Mullo Axtar Mansurga ko‘ra, jangarilar oddiy aholiga ozod bermaslikka uringanlar.

"Biz oddiy insonlarga imkon qadar kamroq talofat yetkazishga urinyapmiz", deydi Mullo Mansur Frans-Press bilan suhbatida.

O‘z o‘rnida, u hukumat kuchlarini pala-partish, nishonni aniqlamay o‘t ochishda ayblagan.

Mullo Mansur Tolibon Qunduzni olish bilan "rasmiy g‘alaba"ni qo‘lga kiritganini qo‘shimcha qilgan.

"Shaharda ahvol og‘ir"

BBC muxbiri Jastin Roulat payshanba kuni Qunduz tashqarisidagi hududga safar qilgan. Ko‘zi bilan ko‘rganlarini shunday hikoya qiladi:

"Biz yetib borishimizdan oldinoq, qarama-qarshilik yakun topgani aniq edi. Ammo, men shahardan qalin tutun ko‘kka o‘rlayotganini ko‘rdim.

General Murod Ali Murod Qunduz nazorati o‘z kuchlari qo‘lida ekani, ammo kam sondagi Tolibon unsurlari qolib, qarshilik ko‘rsatayotganini aytdi.

Men so‘zlashgan viloyat kengashi a‘zosi esa, anchayin ochiq gapirdi. U shaharga qaytishni juda istayotgani, ammo nihoyatda qo‘rqayotganini aytdi.

"Bu urush. Shu qadar ko‘p jang boryaptiki, u yerda yashash imkonsiz", dedi u.

Afg‘on armiyasi bizni shahar ichkarisiga olib kirish xatarli ekanini aytdi. Nihoyat, shaharga qadam qo‘ymay turib, zirhli avtomobilda hududni tark etdik.

Karvonimiz shahar tashqarisi bo‘ylab ketardi. U yerda bizga uchta jasadni ko‘rsatishdi. Aytishlaricha, ular bir kun oldin dron hujumida o‘ldirilgan Tolibon jangchilari ekan.

Yerda bir necha daqiqa turganimizdan keyin yana zirhli avtomobilga joylandik va bizni kutayotgan vertolyot tomon yeldek uchirib olib ketildik", deydi BBC muxbiri Jastin Roulat.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio