OXHT: "Qirg‘izitonda saylovlar asl raqobat va keng tanlov asosida o‘tdi"

Image copyright AFP

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovlarini asl raqobat mavjud va saylovchilarga keng tanlov berilgan saylovlar, deya ta‘rifladi.

Shuningdek, saylovlar jarayonida qo‘llangan yangi elektron texnologiyalar ovoz berish jarayonini yaxshilashga bo‘lgan siyosiy iroda bilan birgalikda ko‘p jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lganligi ham aytilgan.

Qirg‘izistondagi navbatdagi parlament saylovlarida 14 partiya qatnashgan, hech qaysi partiya 120 o‘rinli parlamentdagi mutlaq aksariyat o‘rinni qo‘lga kirita olmagan.

Prezident Almazbek Atambayevning Sotsial Demokratlar partiyasi nisbatan ko‘p o‘rinni olgan, ammo hozirda boshqa partiyalar bilan ittifoq tuzishiga to‘g‘ri keladi.

Londondagi Urush va Tinchlik tadqiqot markazidan Jon Maklaudning BBC bilan suhbatda aytishicha, yangi parlamentda hech qaysi partiya mutlaq aksariyatga ega bo‘lmasligi bir qadar kutilgandi.

Jon Maklaud: Bu menimcha ijobiy jihat, chunki Markaziy Osiyo respubliklarida bir sun‘iy ravishda targ‘ib qilingan partiya yetakchilik qilishi manzarasi keng tarqalgan. Qirg‘izistonda esa Sotsial Demokratlar ozgina farq bilan yetakchi bo‘ldilar faqat. Ba‘zi muvaffaqiyatli bo‘lishi kerak bo‘lgan taniqli partiyalar u qadar ko‘p ovoz ololmadilar. Xullas, siyosiy xaritada o‘zgarish yuz bergan va hozirda kaolitsiya tuzilishi kutilmoqda.

BBC: Saylovchilar nima uchun yangi partiyalarga ovoz berdilar, deb o‘ylaysiz?

Jon Maklaud: Fikrimcha, saylovchilar ko‘proq partiya yoki g‘oyalar uchun emas, undagi taniqli shaxslar uchun ovoz berganlar. O‘ng yoda so‘l, yoda boshqa g‘oyaviy mavzular u qadar diqqat e‘tiborida bo‘lmagan ko‘rinadi. Ko‘proq partiyaning o‘zini ne qadar moliyalab, saylovoldi kampaniyasini ne qadar muvaffaqiyatli olib borib, o‘zini tanishtirishga erishganmi yo‘qligi omil bo‘lgan, menimcha. Partiyalar taniqli shaxslarni yollashga ham ancha urindilar.

BBC: Xalqaro kuzatuvchilar saylovlar erkin va adolatli bo‘lganligini aytishdi. Lekin ba‘zi partiyalar boshqalarni ovozlarni sotib olish urinishlarida aybladilar. Ovoz berish va ularni sanash jarayoni haqida sizning fikringiz qanday?

Jon Maklaud: Bu savolga aniq javob berish qiyin. Chunki masalan, eslasangiz Britaniyadagi saylovlar vaqtida ham pochta orqali erta ovoz berish yuzasidan anchagina shov-shuv ko‘tarilgandi. Qirg‘iz saylovlariga kelsak, ko‘rinishicha yaqinda kiritilgan biometrik qayddan o‘tkazish tizimi ancha muvaffaqiyatli bo‘lgan. Muhimi shuki, Qirg‘izistonda adolatli saylovlar o‘tkazishga siyosiy iroda va xohish bor. Boshqa har qanday Markaziy Osiyo davlatida prezident partiyasi mutlaq aksariyatga ega bo‘lishini deyarli aniqlik bilan bashorat qilish mumkin. Siyosiy iroda juda muhim, chunki Qirg‘izistondagi kabi elektron ro‘yxatdan o‘tkazish va sanash tizimi masalan, Rossiyada ham bor, lekin u yerdagi saylovlar natijasi deyarli hamisha avvaldan ma‘lum. Xuddi shu kabi tizimni O‘zbekistonda tadbiq qilishsa ham joriy Prezident baribir 90 foyizdan ortiq ovoz olishi ham aniq. Shuning uchun yo‘lga qo‘yilgan usul va tizimlardan tashqari oshkoralik va adolatli saylovlar uchun boshqa turdagi iroda kerak.

BBC: Yangi parlament tarkibiga qanday baho bergan bo‘lardingiz?

Jon Maklaud: Umuman olganda, ularning hammasi tanish siymolar. Bir-ikki kishi faqat yo‘q. Masalan, bir vaqtlar o‘ta taniqli shaxs bo‘lgan "Or nomus" partiyasi rahbari Feliks Qulov yo‘q. "Ota yurt" partiyasi rahbari Tashiyev esa unga nisbatan tergov jarayoni tufayli parlamentdan o‘rin ololmaydi. O‘shning sobiq hokimi Melis Mirzaahmatov ham dastlabki saylov jarayonida o‘z partiyasi ro‘yxatiga kira olmagan. Xullas, avvalgi parlamentda bo‘lgan hamma ham qaytmagan, lekin baribir ko‘pichiligi qayta saylangan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio