Suriyadan "yana millionlab odam qochib chiqishi mumkin"

Image copyright NC

Turkiya Ovro‘po Ittifoqini Suriyadagi ichki urush kuchayadigan bo‘lsa, yana millionlab qochqinlar paydo bo‘lishi yuzasidan ogohlantirgan.

Ovro‘po Kengashi Prezidenti Donald Tuskka ko‘ra, Rossiya va Eronning harbiy aralashuvi Prezident Bashar al-Assadni g‘alabaga yetaklayotgan ko‘rinadi.

Turkiyaning aytishicha esa, mazkur holat Aleppo (Xalab) va atrof hududlardan yana 3 millionga kishi qochib chiqishi mumkinligini anglatadi.

"Zo‘ravonlik va harbiy harakatlar kuchayishi boshpanasizlikni ko‘paytiradi", deydi Xalqaro Muhojirlik Tashkiloti voizi Leonard Doyl.

Ammo, uning aytishicha, tashkilot Suriyani tashlab qochayotganlar soni ortayotgani haqida xabar olgani yo‘q.

Doyil janoblariga ko‘ra, hozir joylardagi vaziyatni o‘rganilmoqda. Ayni paytda u janob Tuskning izohlarini "taxminiy" deya ta‘riflagan.

"Turkiya kerak bizga"

Ovro‘po parlamentida qilgan chiqishida gapirarkan, Donald Tusk: "Mintaqaga safarim chog‘i kim bilan gaplashmay, prezidentlar bo‘ladimi va yo Turkiya, Iordaniya yoki Misrdagi qochqinlarmi, bir narsa yuzasidan ogohlantirishdi: Rossiya va Eronning aralashuvi bois Assad tuzumi g‘alabasi ehtimoli kattaligi va bu muhojirlar yangi to‘lqiniga turtki mumkinligidir", deydi u.

"Kecha bu gaplar Prezident Erdo‘g‘an tomonidan ham tasdiqlandi. Turkiyaning hisob-kitoblariga ko‘ra, Aleppo va qo‘shni hududlardan yana 3 million qochqin chiqishi mumkin".

Ma‘lumki, Rossiya 30 sentyabrdan boshlab Suriyada havo hujumlari uyushtirmoqda. Rossiya hukumati o‘z hujumlarmda "Islomiy Davlat" deb atalayotgan guruh mavqelari nishonga olinayotgani va bu ish Assad janoblarining so‘rovi bilan amalga oshirilayotganini aytadi.

G‘arb esa, Rossiya IDga aloqasi bo‘lmagan isyonkorlarga ham zarba berayotganini ta‘kidlayapti.

Shuningdek, havo hujumlarida qator oddiy suriyaliklar ham nobud bo‘lgani haqida xabar qilinadi.

Bryusselda Prezident Erdo‘g‘an va OI rahbarlari qochqinlar inqirozi bilan hisoblashishga qaratilgan rejani yakunlashga kelishganlar.

"Turkiya bizga kerakligi aniq. Komissiya uning yordamiga ehtiyoji bor", deydi Ovro‘po Komissiyasi rahbari Jan Yunker.

Ayni paytda u Turkiyani 2.2 million suriyalik qochqinga boshpana berayotgani uchun olqishlagan.

Ammo, Bryusseldagi BBC muxbiri Kris Morrisning aytishicha, Suriya urushi tufayli qochayotganlar soni yana millionlarga ortsa, har qanday reja puchga chiqishi mumkin.

Joriy yil Ovro‘po Ittifoqiga yuz minglab qochqinlar bosh urishdi.

Ularning aksari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi ixtiloflar bois vatanlarini tashlab chiqqanlardir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio