Moldovada radioaktiv moddani IDga sotmoqchi bo‘lganlar

Image copyright AP

Xabar qilinishicha, Moldova politsiyasi Federal Qidiruv byurosi bilan hamkorlikda so‘nggi besh yil mobaynida kontrabandachilarning radioaktiv moddani Yaqin Sharqdagi ekstremistlarga sotishga qilingan to‘rtta harakat oldini olishga muvaffaq bo‘lgan.

"Associated Press" axborot agentligi xabar tarqatishicha, yirik miqdordagi radioaktiv tseziy moddasini noqonuniy sotishga so‘nggi urinish shu yil fevralida bo‘lgan.

Kontrabandachilar tseziyni o‘zini xaridor sifatida taqdim etgan Moldova politsiyasi xodimiga taklif etishgan.

Tergovchilarning ishonishicha, radioaktiv modda Rossiyadan keltirilgan bo‘lgan.

Tergovchilarga ko‘ra, radioaktiv moddani sotishga uringan jinoyatchi guruhlarning Rossiya maxsus xizmatlariga aloqasi bo‘lgan.

Moldova politsiyasi va huquq-tartibot organlari radioaktiv moddalarni sotishga urinish oldini olishga bog‘liq ma‘lumotlarni "Associated Press" agentligiga taqdim etgan.

Image copyright AP
Image caption Konstatin Malich fikricha, kontrabandachilar yana radioaktiv modda sotishga urinishadi

Agentlik radioaktiv moddalar qora bozori naqadar xatarli tus olganiga e‘tibor qaratgan.

Rossiya bilan G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgani bois Rossiyadan radioaktiv materiallarni olib chiqishni maqsad qilgan kontrabandachilar naqadar o‘z muddaolariga yetgan-etmaganlarini aniqlash ancha qiyin bo‘lib qoldi, deya urg‘ulaganlar "Associated Press" suhbatdoshlari.

BBCning ushbu axborotni mustaqil manbalardan tasdiqlatishi imkonsiz bo‘lgan.

"Biz o‘ylashimizcha, sotish urinishlari yana takrorlanishi mumkin. Kontrabandachilar qo‘lga tushmasdan katta pulga ega bo‘lishni ko‘zlayotgan ekanlar, hali yana radioaktiv moddalarni olib chiqishga urinadilar", deb aytgan Moldova politsiyasi zobiti Konstantin Malich.

Malich radioaktiv modda kontrabandasi bilan bog‘liq to‘rtta jinoyat ishini ham tergov qilgan.

Politsiya oldi-berdilarning ilk bosqichidayoq "sotuvchi"larni qo‘lga tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Image copyright AP
Image caption Tseziy moddasini sotishga uringan shaxs avtomobilidagi Yevro pullari

Biroq jinoyatchi guruh rahbarlari qochib qolishga muvaffaq bo‘lganlar, ehtimolki radioaktiv kontrabanda modda bilan birga.

Tseziy moddasi bilan bog‘liq "oldi-berdi"da "sotuvchi" 2,5 million Yevro pul so‘ragan.

Bu suhbat poytaxt Kishinyovdagi klublardan birida bo‘lib o‘tgan.

"Sotuvchi" aytishicha, o‘zidagi tseziy bir shaharning bir necha ko‘chasini zaaharlash uchun yetarli bo‘lgan.

"Siz bundan "iflos bomba" yasashingiz mumkin, bu bomba "Islomiy Davlat"ga juda qo‘l keladi. Agar sizning ular bilan aloqangiz bo‘lsa, ish oson kechadi", deb aytgan "sotuvchi".

Isbot sifatida "sotuvchi" radioaktivligi pastroq tseziy-135 namunasini ko‘rsatgan.

Image copyright AP
Image caption Mana shu klubda radioaktiv modda "sotuvchi"si "xaridor" bilan uchrashgan

Shu paytda politsiya "sotuvchi" va yana ikki kishini hibsga olgan.

"Associated Press" axborot agentligiga Moldova politsiyasi yana uch holatga oid ma‘lumotni taqdim etgan.

Ulardan biri 2010 yil bilan bog‘liq. O‘shanda kuchsizlantirilgan uranni sotishga uringan uch kishi hibsga olingan. 2011 yili qurol uchun tayyorlangan uranni Yaqin Sharqdagi xaridorga sotish harakati oldi olingan. O‘tgan yili esa to‘yintirilmagan uran namunasi 15 ming dollarga ayirboshlangan. Buning uchun olti kishi hibsga olingan, biroq besh nafari qochishga muvaffaq bo‘lgan.

"Associated Press" agentligi yozishicha, ushbu holatlardan kelib chiqib, bularning ortida kontrabandachilarning yanada kattaroq tarmog‘i bor yoki yo‘qligini aytish qiyin.

AQSh Davlat departamentining yadroviy qurolni tarqatmaslik bo‘yicha bo‘limi so‘zchisi Erik Lund aytishicha, Moldova radioaktiv moddalar kontrabandasiga qarshi kurashni kuchaytirishda "ko‘p muhim qadamlar" qo‘ygan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq