"Tojik himoyachisi ozod qilinsin!"

Image copyright Social Media

Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari taniqli Tojik advokati Buzurgmehr Yorov hibsga olinganligidan qattiq xavotir bildirganlar.

Bugun Human Rights Watch va Amnesty International doxil oltita inson huquqlari tashkilotlari birgalikda Tojik hukumatidan advokatni hibsdan qo‘yib yuborish yoki unga qo‘yilgan ayblovlarni isbotlash talabi bilan chiqishdi.

"Siyosatga bog‘liq jinoiy ish bilan shug‘ullanishni boshlagan taniqli inson huquqlarini himoya qiluvchi advokatning hibsga olinishi Tojikistonda inson huquqlarining poymol qilinishi qay darajada achinarli ekanini ko‘rsatib turibdi", dedi Markaziy Osiyo Inson huquqlari assotsiatsiyasi prezidenti Nadejda Atayeva.

"Mashhur advokatni hibsga olish orqali hukumat Tojikiston huquqshunoslarni siyosat bilan bog‘liq nozik jinoiy ishlarga aralashmaslikka ochiq ogohlantirib qo‘ymoqda", dedi Human Rights Watch tashkilotining Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘limi direktori Xyu Villiamson.

"Hozir Tojikistonga oldingidan ham ko‘ra har qanday aralashuvlardan xoli va jazodan qo‘rqmay faoliyat yuritadigan kuchli va mustaqil huquq kasb egalari kerak", dedi u.

Buzurgmehr Yorov 28 sentyabr kuni Dushanbe shahrida qamoqqa olingan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi uni 2010 yilda sodir etilgan qalloblikda va hujjatlarni soxtalashtirishda ayblamoqda.

Ammo xalqaro tashkilotlar va Tojikistonning ichida ham uning hibsga olinishi siyosiy sabablarga bog‘liqligini ta‘kidlashmoqda.

Aziya Plyus axborot agenligi xabar qilishicha, taniqli inson huquqlari himoyachisi Oynihol Bobonazarova Yorovga nima uchun bu ayblovlar endi qo‘yilganligi va ichki ishlar xodimlari shu paytga qadar nima bilan shug‘ullanganligini savol ostiga olgan.

Mazkur ayblovlar Buzurgmehr Yorovga sentyabr oyida muholifatdagi Islom Uyg‘onish partiyasi(TIUP)ning 13 nafar yetakchi a‘zosini himoya kilish maqsadida inson huquqlarini himoya qilish qo‘mitasini tashkil qilgani ortidan qo‘yilgan.

Hibsga olinishidan oldin Yorov qamoqdagi islomiy partiya a‘zolari bilan bog‘liq barcha hujjatlarni prokuraturaga topshirish uchun tayyorlash bilan shug‘ullangandi.

"Men partiya a‘zolarini himoya qilish fikrimdan qaytmayman. Meni davlat fuqarolar huquqlarini himoya qilish uchun yedirib ichirdi. Ularga prezident ta‘kidlab o‘tganidek davlatning fuqarolar xaq-huquqlarini himoya qilish sohasidagi islohotlari siyosati doirasida fa‘oliyat yuritamiz deb aytaman", degan edi advokat ichki ishlar bo‘limiga so‘rov uchun chaqirilishidan oldin.

Islom Uyg‘onish Partiyasi rahbarlari shu yilning sentyabr oyida sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari general Abduhalim Nazarzoda boshchiligida Vahdat shahri ichki ishlar bo‘limiga va Dushanbedagi nazorat postiga amalga oshirilgan qurolli hujumlarni uyushtirishda ayblanmoqda.

Bu voqealardan so‘ng Tojikiston Oliy mahkamasi 29 sentyabr kuni TIUP ni terrorchi tashkilot deb e‘lon qildi va uning faoliyatini mamlakatda taqiqladi.

Inson huquqlari tashkilotlarining bugungi qo‘shma bayonotida aytilishicha, Yorovning hibsga olinishi bundan oldin qator himoyachilarning hibsga olingani, turli qamoq jazolariga hukm etilgani va ba‘zilari qo‘rqitilgani hamda Tojik hukumatining muxolifatga o‘tkazayotgan tazyiqlari kuchayotgani manzarasida ro‘y bermoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio