Rashod Kamolov 5 yilga hukm etildi

Rashod Kamolov o‘zining aybsiz ekanligini ta‘kidlaydi Image copyright Shohruh Soipov
Image caption Rashod Kamolov o‘zining aybsiz ekanligini ta‘kidlaydi

Qirg‘izistonlik sobiq imom Rashod Kamolov "diniy adovat qo‘zg‘ash, ekstremistik ma‘lumotlarni saqlash va tarqatish"likda aybdor deb topilgan. 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan imom o‘zining nohaq qamalganini aytgan.

7 oktyabr kuni O‘sh viloyati Qorasuv tuman mahkamasida mahalliy "As-Sarahsiy" masjidining sobiq imomi Rashod Kamolov ustidan kechayotgan sud jarayoni yakunlandi.

"Sud hakami Rashod Kamolovni Qirg‘iziston Jinoyat Kodeksining 299-moddasi "Diniy adovatni qo‘zg‘ash" va 299-moddaning 1-bandi "Estremistik ma‘lumotlarni saqlash va tarqatish"likda aybdor deb topdi va unga nisbatan 5 yillik qamoq jazosini tayinladi", - deydi imomning advokati Valeryan Vaxitov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga Rashod Kamolovni har birida ikki moddadan iborat uch epizod: "Lavozimini suiste‘mol qilgan holda diniy nizoni qo‘zg‘ash" va "Ommaviy tadbirlarda ekstremistik ma‘lumotlarni yoyish" bilan ayblashgan.

Keyinchalik sud jarayonlarida aniqlanishicha, Qirg‘iziston muftiyatida Rashod Kamolovni Qorasuv shahridagi "As-Saraxsiy" masjidi imomi etib tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyruq bo‘lmagan.

"Sud hakami mazkur xolatni inobatga olgan xolda sudlanuvchiga qo‘yilayotgan ayblovlardan "lavozimini suiste‘mol qilish" bandi bo‘yicha barcha uch epizodni olib tashladi va sudlanuvchining avval sudlanmagani, oilaviy ekanligi va u haqdagi ijobiy fikrlarni inobatga oldi" - deydi Valeryan Vaxitov

Mazkur jinoiy ish shu kabi ayblovlar yuzasidan o‘tkazilayotgan sud jarayonlarining eng uzoq davom etgani bo‘lgan. To‘rt oy ichida 17 marta mahkama jarayoni bo‘lib o‘tgan, advokatlar sud hakamiga 20dan ortiq iltimosnomalar bilan murojaat etgan va ularning aksariyati qanoatlantirilgan.

7 guvoh, 10 dan ziyod taxlilchi va mutaxasislar mahkama jarayonlarida ishtirok etgan.

Yakuniy mahkama jarayoni qatnashuvchilari hukm o‘qilishini kechki soat sakkizgacha kutib turgan. Bunga hakam sudlanuvchi Rashod Kamolovga hukmni bir yarim soat o‘qishi sabab bo‘lgan.

Advokatlar Qorasuv tuman sudi hukmi yuzasidan O‘sh viloyati sudiga appelyatsiya arizasi bilan murojaat etishini bildirgan.

Qorasuv shahridagi yirik "As-Saraxsiy" masjidi imomi lavozimida ishlab kelgan Rashod Kamolov joriy yilning fevral oyida qo‘lga olingan.

U xalifalik tuzishga targ‘ib qilish va Suriyadagi fuqarolar urushiga odam yollashda gumonlangan. Ushbu ayblovlarga imomning Suriyadagi diniy mojarolar yuzasidan va o‘zini Islomiy davlat deya tanishtirayotgan guruh iddao qilayotgan Xalifalik bo‘yicha qilgan ma‘ruzasi sabab bo‘lgan.

Rashod Kamolov Qorasuv shahridagi "As-Sarahsiy" masjidiga 2006 yilning avgust oyidan beri imomlik qilib kelgan. Uning otasi Muhammadrafiq Kamolov o‘sha yilning avgust oyida Qirg‘iziston va O‘zbekiston maxsus xizmatlarining O‘sh shahri chetida o‘tkazgan maxsus amaliyoti chog‘ida otib o‘ldirilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio