Islomiy Davlat tashviqoti qanday ishlaydi?

"Firot qirg‘oqlarida baliq ovlash" nomi ostidagi suratni ID 2015 yilning 1 avgustida tarqatgan Image copyright Other
Image caption "Firot qirg‘oqlarida baliq ovlash" nomi ostidagi suratni ID 2015 yilning 1 avgustida tarqatgan

Men o‘zini Islomiy Davlat deya ataydigan guruhning tashviqotini ko‘pdan beri o‘rganib kelaman. Bu har kunlik ishimning bir qismi. U bilan muntazam shug‘ullanaman va hissiyotlarga berilmayman.

Men qarshimda yoqimsiz narsa turganini yaxshi anglayman. Lekin juda kam holatda ko‘rgan narsamdan dahshatga tushaman.

Biroq 4 iyul kuni ID tomonidan tarqatilgan videolarni ko‘rgach, himoya mexanizmlarim ishlamay qoldi.

Bir guruh o‘spirin bolalar bir qatorga turishdi, ularning oldida Asad armiyasi deb atalgan 25 odam tiz cho‘kib turardi. Bolalar ularning boshini mo‘ljalga olishdi. Bularning hammasi Suriyaning Palmirasida joylashgan qadimgi Rim teatrida ro‘y berardi.

Har doimgidek videoni o‘ldirish onlari aks etgan lahzadan oldinroq to‘xtatdim. ID ning qahri qattiqligiga o‘rganib qolganman, lekin bu video boshqalariga o‘xshamas edi. Gap shundaki, ish stolimda ushbu Rim teatrida 5 yil oldin olingan oilaviy suratim turadi. Unda men, rafiqam, otam va o‘gay onam aks etgan.

U vaqtda men Suriyada yashar edim. Ular fuqarolik urushiga tobora kirib borayotgan ushbu davlatni tark etishimdan oldingi mening so‘nggi mehmonlarimdan biri edi. O‘shanda mamlakatni kelajakda nimalar kutayotganini tasavvur ham qilmagan edim.

Image copyright IS image
Image caption Qadimiy Rim teatrida "Asad askarlarining" qatl qilinishi tasvirlari ID tomonidan 4 iyulda tarqatildi

Shundan beri Suriyadagi jihodiy guruhlarning tadrijiy rivojlanishini o‘rganish orqali u yerdagi hodisalarni kuzatib kelaman.

Men qachonlardir maftun bo‘lib tomosha qilgan Aleppo istehkomi, Bosradagi qal‘a amfiteatr yoki Krak de Shevalening hayratlanarli darajada saqlanib qolgan qal‘asi kabi tarixiy obidalarning dahshatli urush natijasida qay tarzda buzilayotgani aks etgan videolarga doimo duch keldim.

Biroq IDning Palmiradagi ichiqoralik bilan o‘tkazgan qatl jarayonidek narsani ko‘rmaganman desam bo‘ladi. Hech qachon yaqin o‘tmish va bugungi kun qiyosi bunchalik yaqqol bo‘lmagan edi.

Bir necha kun ushbu videoni unutolmay yurdim. Qatl uchun foydalanilgan bolakaylar va harbiylar xayolimdan ko‘tarilmas edi. Bu tasvirlarning nima maqsadda yoyilishiga o‘sha vaqti tushuncham bo‘lgan bo‘lsa-da, ular bu kabi ishlarni nima uchun qilayapti, degan savolga to‘liq, dalillarga asoslanib va ishonch bilan javob berolmasdim.

Men allaqachon o‘rgangan tadqiqiy mavzularga qo‘shimcha ravishda ID tashviqotchisining psixologiyasini ichidan tushunish uchun ma‘lumotlar to‘plashim kerak degan qarorga keldim.

"ID dunyosiga kirish"

Ushbu videolar kimlarga mo‘ljallangani va ID o‘zini qanday tasavvur qilishi haqida bu tasvirlar nima deyayotganini tushunish uchun o‘zimdagi bor bilimlar bilan ularning dunyosiga kirishni istadim.

IDning g‘oyaviy tarafdorlari uchun jangarilarning harbiylashtirilgan va shafqatsizlik bilan sug‘orilgan tashviqoti o‘ziga jalb qilishi va huzur bag‘ishlashini bilamiz.

Qolganlargachi? ID xalifaligi uchun uylarini tashlab kelgan minglab erkak, ayol va bolalarga qanday ta‘sir qilayapti?

Bu narsalarni o‘rganish uchun ko‘p vaqt ketishini oldindan bilgan holda o‘zimga vaqt belgilab oldim. Bu ishga taxminan bir oy ajratishga ahd qildim.

ID amal qiladigan musulmonlarning oy kalendari bo‘yicha 17 iyuldan boshlab 15 avgustgacha davom etadigan Shavvol oyining 30 kunini shu ishga bag‘ishladim. Har kuni ikki soatimni ID tarafdorlari yuritadigan arab tilidagi Twitter sahifalarida propagandaning turli shakllarini o‘qishga ajratdim.

Topganlarim meni hayratlantirdi, lekin shafqatsizligi bilan emas. ID ning rasmiy tashviqotchilari 30 kunning ichida 1146 ta turli ko‘rinishdagi targ‘ibot materiallari tarqatdi.

Ularning ichida suratlar to‘plami, video lavhalar, murojaatlarning audio shakli, radio yangliklarning hisoboti, tahliliy matnlar, jurnal, plakat, risola va diniy asarlar bor edi. Bu ro‘yxatni yana ko‘p davom ettirish mumkin.

Turli tillardagi (radio yangiliklar va matnli tahlillar 6 tilda tarqatildi) o‘xshash tashviqot materiallari bir guruhga jamlanganidan so‘ng 892 ta nusxa chiqarilgani oydinlashdi. Ularning hammasi yagona shaklga keltirilgan va mayda tafsilotlarigacha juda yaxshi bajarilgan edi.

IDning tashviqot materiallari tarmoqlarda kam emasligini oldindan sezgandim, lekin ularning bu darajada ko‘p bo‘lishini kutmagan edim. Boshqa ekspertlar bu borada nima deyishi qiziq edi. Men AQSh Davlat departamenti tomonidan tuzilgan va internetda ID tashviqotiga qarshi kurashuvchi aksilterror aloqalar strategik Markazi direktori Albert Fernandes bilan bog‘landim.

U darhol javob berdi. Bu narsalar unga katta syurpriz bo‘lmagan bo‘lsa-da, materiallar kutganidan ancha ko‘pligini aytdi.

Bu, zo‘ravonlik ishlatish yoki ishlatmasligidan qat‘iy nazar, boshqa nodavlat ekstremistik harakatlar yaqiniga ham yo‘lay olmaydigan darajada hayratlanarli faollik edi.

Shavvol oyining 30 kuni

Men to‘plangan ma‘lumotlarni batafsil tahlil qilishga kirishdim. Avvaliga Shavvol oyining 30 kunida chop qilingan tashviqot materiallari tanishdek tuyildi. Unda men aynisiga oldin ham duch kelgan elemetlar bor edi. Masalan, IDning bir kun oldingi harbiy zafarlari aks etgan audio va matnli hisobotlar. Bu narsalar aniq ishlovchi soat kabi kun sayin chiqib turardi.

Bundan tashqari tarmoqlarda oddiy odamlar hayoti, harbiy amaliyotlar, shafqatsiz jazolash, shuningdek, rahm-shafqat o‘rnaklari va xorijliklarni jalb qilish uchun jangarilar o‘rtasidagi birodarlik muhitini aks ettiruvchi materiallar aralashmasi ham chiqarilardi. Ayrim kunlarda ma‘lum mavzular boshqalariga qaraganda ko‘proq paydo bo‘lardi.

Image copyright IS image
Image caption Targ‘ibot materiallarining mazmuni keng va o‘zgaruvchan edi

Hammadan ham ko‘p ijtimoiy adolatning xayoliy g‘oyasi, ishlovchi iqtisod, diniy "pokizalik" va "xalifalik"ning muntazam kengayib borishi kabi mavzularga ko‘proq e‘tibor qaratilardi. Boshqa kunlari harbiy tayyorgarlik, paradlar hamda harbiy amaliyotlar o‘tkazish haqida ko‘proq gapirilardi.

Tashviqot materiallarining mazmuni shunchalik keng va o‘zgaruvchan ediki, ularni qisqa tasniflab bo‘lmas edi. Misol uchun, Shavvol oyining oddiy 23 chi kunida 50 ta turli targ‘ibot materiallari chop qilindi. Fotoreportaj va video tasvirlarda IDning Suriya shimoliga qilgan hujumlari va Salohiddin jangida halok bo‘lganlarni maqtashlar aks etgan edi.

Qurbon bo‘lish mavzusidagi suratlarda "Safavid salbchilari"ning Iroqdagi Anbar va Qirkuk viloyatlariga havodan berilgan zarbalari natijalari aks etgan. Biroq tashviqotchilarning katta qismi "kundalik" hayot mavzusini ko‘rsatish bilan band bo‘ldi.

50 materialdan 32 tasi "tinch-osuda" hayotni namoyish qildi. Ularning ichida Mosuldagi ustaxonada shuvoqchilikka o‘rgatish, Fallujada ro‘znoma tarqatilishi, Talofarda trotuar ta‘miri, Qayaraga telefon liniyasi o‘tkazish, Sharqatdagi tamaki mahsulotlari musodarasi va yoqib yuborilishi va hatto Bir al-Qassobdagi tuyalarning so‘yilishi ham bor edi.

IDning o‘z "brend"ini targ‘ib qilishga harakati sobitligi bilan ajralib turadi. Ma‘lum mavzular va muhim lavhalar umumiy oqimda ajralib turadi. Biroq tadqiqotni boshlaganimdan bir oy o‘tib asosiy yo‘nalishni ajratishga muvaffaq bo‘ldim.

Shu narsani anglab yetgach, men IDning media siriga duch keldim. Bu "ishlab chiqarish, ishlab chiqarish, ishlab chiqarish" edi.

Ortidan kuzatish imkonsiz darajada katta sondagi materialni tayyorlash orqali ID mediachilari ular nima bilan shug‘ullanayotganini tushunib yetmasligimizga harakat qiladi. Ular internetga shu darajada ko‘p material chiqarishadiki, aslida qaysi "brend"ni yaratayotganini tushunib bo‘lmay qoladi.

Ular o‘z raqiblarini mo‘ljaldan adashtirishadi va shu bilan birga qiziquvchan hamda himoyasizlarni jalb qilishadi.

Biroq Shavvol oyida to‘plangan ma‘lumotlar va o‘zimda bor bilimni ishga solgan holda men bu muammoni aylanib o‘ta olaman. Ushbu tashviqot labirintini qismlarga bo‘lish mumkin. ID targ‘ibotchisining miyasiga kirish uchun qilgan harakat - loyiham kattaroq bir narsaga aylanganini anglab yetdim.

Image copyright IS image
Image caption Suratlar to‘plamining biri besoqolbozni qatl qilishga bag‘ishlangan edi

Qo‘limda mukammal arxiv paydo bo‘lganidan so‘ng, men yo‘nalish, qonuniyat va anomaliyani ajratishni boshladim. Shafqatsizlikning yo‘qligi hayratlanarli edi. Oldingi tadqiqotlarimdan IDning "brendi" - dushmanlarining qonini to‘kishdan ko‘ra kattaroq narsa ekanligini bilardim. Biroq Shavvol oyining ilk kunlarida bu mavzudlar umuman yo‘q edi.

Biroq o‘tmishda bu narsaning o‘rni bor edi.

"Xalifalik" xomxayoli

Ramazon oyidan so‘ng keluvchi Shavvol oyi Qurbon hayitini nishonlash bilan boshlanadi. Kutilganidek, ID bu narsadan foydalanib qolishga harakat qildi. Uning OAV o‘z auditoriyasiga "xalifalik"ning ichida va tashqarisida hech narsa ID uslubida hayit nishonlashga yetolmasligini ko‘rsatib berishi kerak edi. Buning uchun guruhning tashviqotchilari ID "fuqarolari"ning ikki - din va ijtimoiy hayotidagi elementlarga e‘tibor qaratishdi.

Ular Suriya va Liviyadagi muhtojlarga xayriya tarqatish holatlarini ko‘rsatishdi. Bayram namozi va bolalarning attraktsionlarda o‘ynashi, yetimlarga o‘yinchoq, shirinliklar tarqatish, birinchi qatorlarda o‘tirib olib qo‘shiq aytayotgan, choy ichayotgan va birgalikda kuylayotgan jangarilar kabi umumiy muhitni ochib beruvchi sahnalarga ko‘proq vaqt ajratishdi.

Ma‘lum vaqtda IDning rasmiy radiostantsiyasi bo‘lmish "Al-Bayon"ning translatsiyasi ham paydo bo‘lib qoldi. Unda "oddiy o‘tkinchilar" o‘zlarining bayramdan olgan iliq taassurotlarini gapirishdi.

Qurbon hayiti o‘tgandan so‘ng kattalarning bolalar bilan o‘ynayotgani aks etgan tasvirlar o‘rnini odatiy harbiy mavzular egallay boshladi. Qovun yetishtirish, turli hunarmandlik, kosiblar, tabiat haqida, tamaki musodarasi va ko‘chalarni tozalash har kuni niqob kiygan jangarilarning qandaydir nishonni o‘qqa tutayotgani, "dushman" jasadlarining taxqirlanishi va qo‘lga kiritilgan o‘ljalardan maqtanish aks etgan suratlar bilan birga kelardi.

Ushbu tanlangan rasmlardan tashqari (ular 696 ta edi) ID ning davlat sifatida amal qilayotganini ko‘rsatuvchi 64 ta video joylashtirildi. Ularda nikoh qayd qilishdan tortib nonvoylik uchun mas‘ul bo‘lgan shaxslarning vazifasi, diniy politsiya tomonidan shirk haykallarning buzilishi, diniy xiyonatda ayblanganlarning o‘lim jazosiga hukm qilinishiga oid tasvirlar bor edi. Ularning birida besoqolbozlikda ayblangan erkak tomdan tashlangani va olomon tomonidan tosh bo‘ron qilingani aks etgan.

Image copyright IS image
Image caption Istirohat bog‘idagi bolalar - IDning targ‘ibot elementlaridan biri

Kundalik hayotni aks ettiruvchi har ikki videodan biri IDning harbiy amaliyotlari haqida hikoya qilardi. Yangi kelganlarga merganlik qurolidan foydalanishni o‘rgatish, o‘zini portlatishdan oldin vasiyatnomasini o‘qiyotgan xudkush hujumchilar va dushman pozitsiyasiga daqiqlik bilan uyushtirilgan hujumlar.

Osuda va urush hayotini ko‘rsatish bilan birga tashviqotchilar doimo qurbon bo‘layotgan tomon rolini o‘ynab turardi. O‘lganlarning jasadlari, majruh bo‘lib qolgan bolalar, ayollar va qariyalar - bularning hammasi dushman tomonidan havodan beriladigan zarbalardan maksimal darajada siyosiy foyda chiqarib olishga qaratilgan.

Zarbalar Suriya armiyasi yoki xalqaro koalitsiya tomonidan berilishidan qat‘iy nazar, tasvirlar dahshatli bo‘lardi. Bu narsa ID tomonidan xalifalikning mavjudligi va uning jangarilari tomonidan sodir qilingan sanoqsiz jinoyatlarni qonuniylashtirishga imkon berardi.

Iyul oyida ID shafqatsizlik darajasini tushirmoqchi degan son sanoqsiz chiqqan xabarlarga qaramasdan, zo‘ravonlikni aks ettiruvchi tasvirlar sezilarli kamaymadi.

Shavvol oyining beshinchi kuniga kelib Xama viloyatida Suriya hukumat armiyasining askari qanday qilib otib o‘ldirilgani va jarlikdan uloqtirilgani aks etgan video tarqatildi.

To‘rt kundan so‘ng Iroqda "ayg‘oqchilar"ning boshi tanasidan judo qilinishi haqida video chiqdi. Yana bir necha kundan so‘ng esa Afg‘onistondagi ID dushmanlari to‘p qilib bog‘langanligi va portlovchi modda ustiga o‘tqazilgan holda portlatilgani videosi tarqatildi.

Ushbu ommaviy qotilliklarning sabablari borgan sari oydinlasha bordi. Shu yo‘l bilan ogohlantirish yuborilardi. Biroq ular xalqaro hamjamiyatga qaratilmagandi. Ushbu videolar ID nazorati ostidagi hududlarda yashovchi potentsial norozi kishilarga qaratilgandi.

Image copyright IS image
Image caption Cho‘milish havzasidagi ID jangarilari

Ushbu odamlar ikki tanlov ostida qoldirilgandi. Biz bilan birga qolib IDning xom-xayollari bilan yashaysan yoki dahshatli o‘lim bilan yakun topasan. Bu kabi ogohlantirishlarning tez-tez paydo bo‘lmasligi e‘tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatdir.

ID tashviqotchilari o‘z auditoriyasini qo‘rqitishni va darg‘azab qilishni istaydi, lekin ular ushbu zo‘ravon sahnalar odatiy holga kirib qolishini xohlamaydi. Yetkazilmoqchi bo‘lgan mohiyat murakkabroq edi va uni faqat zo‘ravonlikni ko‘rsatish bilan yetkazib bo‘lmasdi.

Islomiy Davlat "xalifaligi"ning ilk yillarida mansublik va rahm-shafqat g‘oyasini targ‘ib qilishga ko‘proq vaqt ajratilar va bu tashkilotning xalqona diplomatiyasi asoslaridan edi. Biroq meni ajablantirgani Shavvol oyi kuzatishlarimda ushbu g‘oyalarga kam e‘tibor qaratildi.

Tashviqotchilar faqatgina bir ikki marta xorijliklarni jangarilar o‘rtasidagi birodarlik va do‘stlik g‘oyalarini ko‘rsatish orqali jalb qilishga urindi. Yangi odamlarni jalb qilish asosan diniy mazmunga qurilgandi.

Bir oylik targ‘ibotning juda oz qismini o‘z qilmishidan pushaymon qilgan ID dushmanlariga afv va‘da qilishga bag‘ishlandi. Bungacha ID ushbu siyosati bilan tez-tez maqtanardi.

Bularning hammasi - tashviqotchilar o‘z ishlarini Islomiy davlat rahbariyatining yanada kengroq strategiyasiga moslashtirayotganidan darak beradi.

ID tashviqot mashinasi navbatdagi materiallarini qo‘ymagan biror kun ham yo‘q edi.

Biroq bu xabarlar bir biri bilan birikkanida ushbu guruhning hayoti haqida tasavvur berardi.

Undan har kim o‘ziga keraklisini olishi mumkin: dushmanlarni qo‘rqitish va tarafdorlarni jalb qilish uchun raqiblarni shafqatsizlarcha jazolash, farovon hayot izlovchilar uchun gurkirab rivojlanayotgan qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish, qonun ustuvorligini qadrlovchi va shariat ahkomlari bo‘yicha yashashga intiluvchi xorijlik jihodchilar uchun tana a‘zolarini kesish, toshbo‘ron qilish va boshini tanasidan judo qilish kabi holatlar.

Bularning hammasi jannatmonand chiroyli manzara va maftunkor tabiat hamroxligida keladi. ID "brendining" keng qamrovli ekanligiga shubha bo‘lishi mumkin emas.

Yig‘ilgan ma‘lumotlarni o‘rganar ekanman, tashviqot yangi tarafdorlarni yollash, moyillarga nisbatan qiziqishni ushlab turish va homiylar jalb qilish orqali IDni faqat xorijda mashhur qilishga qaratilmaganini tushundim. U IDning ichidagi vaziyatni ushlab turishga ham qaratilgandi.

OAV erkinligi yo‘q joydagi tashviqot

ID nazorat qiluvchi hududda yashaydigan istalgan odamning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Sizda internetga bemalol kirish uchun imkoniyat yo‘q. Kamdan kam uchrovchi bor holatda ham har bir qadamingizni nazorat qiluvchi ID jangarisining qo‘ndog‘i boshingizda turadi. ID hududida erkin axborot, muqobil nuqtai nazar, uning tashviqotini shubha ostiga oluvchi yangiliklar yo‘q. Bu yerda ID tashviqotchilari tomonidan taklif qilingan "yangiliklar" va butun hudud bo‘ylab to‘satdan tashkil qilingan ko‘plab "OAV"larda amalga oshiriluvchi translyatsilardan boshqa hech narsa yo‘q.

Image copyright IS image
Image caption Kundalik hayotdagi suratlar dushmandan qasos olish tasvirlari bilan almashadi

Ushbu "media nuqta"larda beriladigan risolalar hamda katta ekranlarda namoyish qilinuvchi video va yangiliklarda "xalifalik"ning tashviqotchilar tomonidan ideallashtirilgan imidjigina tarqatiladi.

Auditoriya ushbu yangiliklarning tom va ko‘chma ma‘noda quliga aylanib qolgan.

Bu narsa qandaydir ma‘noda internetga ham ko‘chgan. Men bu narsa bilan tadqiqotim uchun shug‘ullandim, biroq IDning ko‘plab tarafdorlari uchun tashviqot - yangilik va axborot olish uchun yagona manba bo‘lib qolgan.

Ijtimoiy tarmoqlar hamfikrlarni guruhlarga birlashtirishi bilan ma‘lum. Foydalanuvchilar "mayda" va nozik farqlarga e‘tibor qaratmasdan virtual hayotini o‘zi tanlaydi. Ushbu su‘rat IDdan chiqayotgan zaharlovchi tashviqotga mos kelib qolsa, targ‘ibot yanada ko‘proq amaliy natija olib keladi.

Hatto IDning tarafdorlari internetda boshqa g‘oyalar va nuqtai nazarlarni bemalol o‘qiy olsa ham, ularni deyarli izlamaydi va e‘tibor qaratmaydi. Ular ID marketing modeliga ruhiy jihatdan qaram bo‘lib qoladi.

Iyul oyida ID tashviqot strategiyasini yanada chuqurroq tushunish maqsadida tadqiqotimni boshladim. Biroq natija kutganimdan ko‘proq foydali bo‘lib chiqdi.

Ularning bir oylik bo‘lsada to‘liq media ma‘lumotlariga ega bo‘lish orqali, ushbu guruh ichkarida va o‘z chegaralaridan tashqarida imidjini yaratishda ko‘mak berayotgan uslublarni bo‘laklash va baholashga muvaffaq bo‘ldim.

Islomiy Davlat bilan kurashayotgan tomonlar tashkilotda qaror qabul qiluvchi odamlarning nimani istayotgani haqida aniq bilimga ega bo‘lsa IDning axborot yakkahokimligiga samaraliroq qarshi tura olishi mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio