Berdimuhamedov Karimovdan harbiy yordam so‘radimi?

Image copyright none

O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlari mintaqaviy xavfsizlik borasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishganlar.

Bu haqda ikki davlat rahbarlari Prezident Berdimuhamedovning Toshkentga tashrifi chog‘ida o‘tgan matbuot anjumanida e‘lon qilishgan.

Afg‘onistondagi vaziyat Toshkentdagi muzokaralar markazida bo‘lgan.

Prezident Karimov Qunduzdagi so‘nggi voqealar qo‘shnilarni xavotirga solmasdan qo‘ymasligini aytgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Turkmaniston Prezidenti o‘zbek tomonidan turkman-afg‘on chegarasini qo‘riqlashda yordam so‘ragan.

Ammo Gollandiyadagi "Muqobil Turkmaniston yangiliklari" internet nashri bosh muharriri Ruslan Myatiyevning BBCga aytishicha, bu o‘zbek chegarachilari Turkmanistonning Afg‘oniston bilan sarhadlarida paydo bo‘lishini anglatmaydi.

Ruslan Myatiyev: Men Turkmanistonda bo‘layotgan voqealar va yangiliklarni yaqindan kuzatib boraman. Ochig‘i, Berdimuhamedovning Toshkentga tashrifi chog‘ida o‘zbek tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam so‘raganiga guvoh bo‘lganim yo‘q.Turli xabar agentliklari Prezident Karimovning "ikki davlatning tegishli idoralari chegarani himoya qilish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadilar" degan so‘zlaridan iqtibos keltirishmoqda. Shaxsan men o‘zbek chegarachilari turkman tuprog‘iga kelib, Afg‘oniston bilan chegarani qo‘riqlashda ishtirok etishlariga shubha bilan qarayman. Chunki Turkmaniston betaraf davlat va o‘zbek chegarachilarining kelishi xorijiy harbiy kontingentning hozirligini anglatadi. Bu esa betaraflik tamoyillariga ziddir. Menimcha bu yerda o‘zbek tomoni bilan, nari borsa axborot almashish nazarda tutilmoqda.

BBC: Aynan betaraflik sabab Turkmaniston marhum prezident Saparmurod Niyozov davrida Tolibon bilan yaxshi aloqalarga ega edi. Toliblar hech qachon turkman chegarasiga tahdid solishmagan. Hozirda Turkmanistonning Tolibonga nisbatan mavqe‘i o‘zgarmoqdami?

Ruslan Myatiyev: U paytda Tolibon hokimiyatda edi va Turkmaniston rahbariyati uchun Afg‘onistondagi rasmiy hokimiyat bilan muloqot qilish odatiy bo‘lgan. Turkmaniston Afg‘onistonga arzon narxda yonilg‘i mahsulotlari, elektr energiyasi hamda insonparvarlik yordamlarini yetkazib turgan. Keyinroq toliblar hokimiyatdan ag‘darildi va hozirda hech ularning qanday rasmiy maqomlari yo‘q. O‘zini betaraf deb biladigan Turkmaniston uchun norasmiy bir guruh bilan muloqot qilish maqbul emas va shuning uchun ham chegaradagi vaziyat kundan-kunga keskinlashmoqda. Garchi afg‘on milliy armiyasi Amerikaning yordamida Qunduzni toliblardan ozod qilgan bo‘lsa-da, hozir Tolibon jangarilari Turkmaniston bilan chegaradagi Samangon viloyatiga kirgani haqida xabarlar bor. Samangonda katta sondagi etnik turkmanlar yashashadi. Ular qo‘llaridan kelganicha toliblardan himoyalanishga harakat qilishmoqda va turkman vakillarining aytishlaricha, bu harakatlari bilan bevosita Turkmanistonning chegarasini ham himoya qilmoqdalar.

BBC: Turkman armiyasining ahvoli haqida nimalarni bilamiz? Afg‘onistondan tahdid kuchaygani taqdirda Turkmaniston o‘zini o‘zi himoya qila oladi, deb o‘ylaysizmi?

Ruslan Myatiyev: Turkmaniston rasmiylari va nomiga mustaqil nashrlar turkman armiyasi Afg‘oniston tomondan keladigan har qanday tahdidni bartaraf etishga qodirligini aytib keladilar. Turkman armiyasining ahvoliga keladigan bo‘lsak, Prezident Berdimuhamedov davrida marhum Saparmurod Niyozov davriga qaraganda qurolli kuchlarga ko‘proq e‘tibor qaratilayotgani ma‘lum. Armiyadagi sharoitlar yaxshilangan, yangi harbiy texnikalar sotib olinmoqda va harbiylar uchun turli treyninglar tashkil etilmoqda. Shu ma‘noda turkman armiyasi avvalgidan ko‘ra ancha professional. Ammo ayrim tahlilchilarga ko‘ra, armiya jangovarlik ruhini yo‘qotgan. Men afg‘on chegarasidagi vaziyat juda ham keskinlashib ketgani taqdirda Rossiya yo-da MDH kuchlari bilan qo‘shma amaliyotlarni istisno qilmagan bo‘lardim.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio