Qozog‘iston: Jurnalistni kaltaklash hodisasi tekshirilmoqda

Bo‘tago‘z Jumanova tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan Image copyright Facebook
Image caption Bo‘tago‘z Jumanova tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan

Olma otalik jurnalist va blogger Bo‘tago‘z Jumanova hujumga uchraganidan so‘ng shifoxonada qolayotgani aytilmoqda. Politsiya do‘pposlash tasvirlari aks etgan videoni materialni o‘rganayotganini bildirgan.

O‘zining tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan jurnalist va blogger Bo‘tago‘z Jumanova 8 oktyabr kuni o‘z uyiga kiraverishda kaltaklangan.

Mahalliy nashrlarda chiqqan video tasvirlardan ayon bo‘lishicha, 34 yoshli jurnalist pod‘ed oldida eshik ochilishini kutib turgan mahal ortidan yoshroq yigit ham keladi.

Bir oz vaqtdan so‘ng yigit bor kuchi bilan qizginaning yuziga musht tushiradi. Yerga qulagan jurnalistni ayamasdan tepkilaydi va qochib ketadi.

Olma ota politsiya hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari boshlanganini va do‘pposlash aks etgan video o‘rganilayotganini aytgan. "Bezorilik" bandi bo‘yicha mahkamagacha tergov ishlari boshlanganligi bildirilgan. Jurnalistni do‘pposlagan shaxs qidiruvga berilgan.

Blogger ayni vaqtda miya chayqalishi tashxisi bilan shifoxonada qolmoqda. Jurnalistning hamkasbi va dugonasi Larisa Pak jurnalistlarga uning burni va boshida boshqa a‘zolari ham singanini aytgan.

Facebookda fikr qoldirgan Bo‘tago‘zning yaqinlari vaqti vaqti bilan hushini yo‘qotayotganini yozishgan. Jurnalistning ahvoli qisman og‘ir ekanligi aytilmoqda.

Tanqidchi jurnalist

Jurnalistning yaqinlari ushbu hujum Bo‘tago‘zning jurnalist faoliyati bilan bevosita bog‘liq ekanligini ta‘kidlamoqda.

Mahalliy kuzatuvchilar Bo‘tago‘z Jumanova mamlakatdagi iqtisodiy muammolarni yozish bilan tanilganini aytishadi. Uning maqolalarida byudjet mablag‘i o‘g‘irlanishi mumkin bo‘ladigan yirik davlat loyihalarini tanqid qilish mavzulari o‘rin olgan.

Do‘stlaridan birining ma‘lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda u davlat va xususiy shirkatlar o‘rtasidagi hamkorlikda korruptsiya holatini o‘rganayotgan bo‘lgan.

Jurnalistning faoliyatiga bundan oldin ham turli tahdidlar bo‘lgani aytilmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio