"Kurd jangchilari qishloqlarni yakson qilmoqda"

Image copyright AFP
Image caption Kurd Xalq Mudofaa Bo‘linmasi "Islomiy Davlat" atalayotgan guruhdan qaytarib olingan butunboshli qishloqlarni vayron qilgani aytiladi

Xalqaro Amnesti guruhi Suriya shimolidagi kurd jangchilarini urush jinoyatlariga teng ishlarni amalga oshirganlikda ayblagan.

Inson haqlarini himoya qiluvchi ushbu tashkilotga ko‘ra, kurd kuchlari odamlarni uylaridan quvib chiqarish hamda turar-joylarni yoppasiga buzib tashlashga mas‘uldir.

Kurd Xalq Mudofaa Bo‘linmasi "Islomiy Davlat" atalayotgan guruhdan qaytarib olingan butunboshli qishloqlarni vayron qilgani aytiladi.

Xalqaro Amnesti tashkiloti hisobotiga ko‘ra, ushbu amallar aholining jangari guruhga xayrixohlik ko‘rsatganiga javob sifatida amalga oshirilgan.

Kurd Xalq Mudofaa Bo‘linmasi bunday ayblovlarni muntazam rad qilib keladi. Ammo, harbiy bo‘linma asoschisi "Demokratik Ittifoq" partiyasi "e‘tibordan tashqarida yuz bergan hodisalar"ni tan olgan.

Ma‘lumki, Xalq Mudofaa Bo‘linmasi IDga qarshi kurashda AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaning asosiy ittifoqchisidir.

Joriy yil AQSh boshchiligidagi koalitsiya uyushtirgan hujumlar, shuningdek, havodan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar tashlanishi kurdlar uchun katta yordam bo‘lgan. Ular IDni Suriyaning katta hududlaridan quvib chiqarish muvaffaq bo‘lishgan.

Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar Suriya shimoli-sharqidagi isyonkorlarga 45 tonnadan ortiq o‘q-dori tashlaganini ma‘lum qiladi.

"Ikki o‘t orasida qolgan" odamlar

Seshanba kuni Xalqaro Amnesti o‘z tadqiqotchilari "Demokratik Ittifoq" partiyasi harbiy qanoti - Xalq Mudofaa Bo‘linmasi "tashvishli darajada" nomaqbul amallarga qo‘l urganiga oid dalillarni aniqlaganini aytgan. Mazkur holatlar Hassakeh va Raqqa viloyatlari shahar-qishloqlarida kuzatilgan.

Hassakeh viloyati Husayniya qishlog‘idan bir guvoh: "Ular bizni o‘z uyimizdan tortib chiqarishdi va uyga o‘t qo‘ya boshlashdi. Buldozerlar olib kelishdi. Uy-joylar ketma-ket buzildi va qishloq butkul vayronaga aylantirildi", deydi.

Xalqaro Amnesti hisobotida sun‘iy yo‘ldosh orqali olingan suratlar ham ilova qilingan. Ularda Husayniyadagi vayronagarchilik ko‘lami aks etgan.

2014 yil 225ta bino qad ko‘tarib turgan bo‘lsa, 2015 yil iyunida bor-yo‘g‘i 14ta qolgan.

Ayni paytda Suluk shaharchasi janubidagi qishloqlar odamlari Xalq Mudofaa Bo‘linmasidan arz qilishgan. Qishloqliklarga ko‘ra, jangchilar ularni IDni dastaklashda ayblashgan va agar ketishmasa, otib tashlash bilan tahdid qilishgan.

Biroq, Xalqaro Amnesti xulosasiga ko‘ra, mazkur mintaqalarda juda ozchilik o‘zini "Islomiy Davlat" atayotgan guruhga xayrixohlik ko‘rsatgan, aksariyat jangarilarni qo‘llab-quvvatlamagan.

Ayrim hollarda kurd jangchilari mahalliy aholini quvib chiqarar ekan, bo‘ysunmaganlarni havo hujumlari bilan qo‘rqitishgan.

Boshqa bir hodisada esa, Xalq Mudofaa Bo‘linmasi askarlari uyga benzin sepib, egalari bilan yoqib yuborishlarini aytishgan.

Hisobotda aytilishicha, harbiy bo‘linma o‘z amallarini oqlashga uringan va bu ishlar aholi muhofazasi yo‘lida yo-da, harbiy zaruratdan kelib chiqib qilinganini ta‘kidlagan.

Xalqaro Amnesti guruhidan Lama Fakih esa: "IDga qarshi kurashda Muxtor ma‘muriyat fuqarolar huquqini butkul poymol etayotgan ko‘rinadi", deya ogohlantirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio