Suriyadagi uyg‘ur jihodchilar targ‘iboti kuchaymoqda

Image copyright

Suriyadagi uyg‘ur jihodchilar so‘nggi olti oy asnosida onlayn targ‘ibotlarini keskin kuchaytirgan. Asli Xitoy g‘arbidagi aksar musulmonlar yashovchi Shinjon viloyatidan bo‘lgan uyg‘urlar Suriyaga ko‘chishlaridan oldin Afg‘onistonda faoliyat yuritgan.

Internet orqali targ‘ibot ishlarini Suriyaga kelganlaridan keyin biroz vaqt o‘tib boshlashgan.

O‘tgan 2014 yilning o‘rtalarida Turkiston Islomiy Partiyasining Suriyada faoliyat olib boruvchi alohida tarmog‘iga asos solindi.

Mazkur tarmoq "Al-Qoida"ning Suriyadagi qanoti hisoblangan "Jabhat al-Nusra" guruhi safida mamlakat shimolidagi ba‘zi asosiy jang maydonlarida kurasha boshladi.

Aslida esa, TIP o‘z kuchlarini undan biroz avvalroq Suriyaga ko‘chirib kelgan.

2014 yilning iyun oyida chiqarilgan videoda guruhning Suriyadagi qanoti vakili Abu Rida al-Turkistoniy TIP Suriyaga 2012 yili kirib kelganini aytgan edi.

TIP targ‘ibotlari asosi hozirda Afg‘oniston-Pokiston hududida emas, Suriyada tomir otmoqda.

Guruhning axborot targ‘iboti musulmonlarni nishonga olgan bo‘lib, turli tillar, jumladan, o‘zlarining turkiy tillar guruhiga mansub uyg‘ur, turk va arab tillarida olib boriladi.

Ushbu axborot yurishida qo‘llanilayotgan asosiy saytlardan ikkitasi turk tilida ish olib boradi.

Ilgari Afg‘oniston-Pokiston hududlarida olib borilgan va Al-Qoida tomonidan qo‘llab-quvvatlangan axborot targ‘ibotlariga solishtirilsa, uyg‘urlarning Suriyadagi tashviqotlari samaraliroq bo‘layotgani hamda Twitter va Facebook kabi platformalarda kengroq tarqalayotganini ko‘rish mumkin.

Ayni paytda, Pokiston xavfsizlik kuchlari tomonidan Vaziriston mintaqasidan siqib chiqarilgan uyg‘urlar guruhining Afg‘onistonda jihodga qo‘shilishga oid chaqiriqlari jimib ketgan.

"Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati" (ShTIH) yoki "Turkiston Islomiy Harakati" nomlari bilan ham ma‘lum "Turkiston Islomiy Partiyasi" Xitoy g‘arbidagi Shinjon viloyatidan chiqqan jihodchilar tomonidan tashkil qilingan.

Guruh maqsadi Islomiy "Sharqiy Turkiston"ning Xitoydan mustaqilligiga erishish ekani aytiladi.

Xitoy TIPni terror guruh deb ataydi.

Ayni paytda Xitoy hukumati terrorizmga qarshi kurash bahonasida uyg‘urlar ozchiligining diniy haqlarini cheklayotgani tanqidga qilinadi.

Axborot qanoti

TIP jangarilari Islam Awazi (Islom Ovozi) kabi o‘z axborot vositalariga ega.

U uyg‘ur jangarilari orasida "afg‘on jihodi" davrida ham yaxshi ma‘lum edi.

Islam Awazi va uning radio xizmati uyg‘ur jihodiy axborot targ‘ibotining asosiy manbasidek ko‘rinadi.

2009 yil boshlarida Islam Awazi o‘z materiallarini "Al-Qoida"ning rasmiy onlayn axborot nashri Dawn Media Centre orqali tarqatishni boshlagan va u paytlar asosiy e‘tibor Xitoy hukumatiga qarshi jihodga qaratilgandi.

Keyinchalik o‘sha yili yuqori lavozimli "Al-Qoida" vakili ushbu kurashni ma‘qullab chiqdi, lekin 2013 yilga kelib TIPning u kanal orqali targ‘iboti qariyb nihoya topdi.

So‘nggi paytda TIP bir necha saytlar va Twitter sahifalaridan foydalanib, o‘z targ‘ibotlarini amalga oshirmoqda.

2015 yilning sentyabrida esa, "Al-Qoida"ning Somalidagi "Al-Shabob" singari jangari guruhlar rasmiy axborot nashrlari sifatida faoliyat olib boruvchi Global Islamic Media Front (GIMF) media guruhi TIPning "yagona rasmiy vositasi" bo‘lishini e‘lon qildi.

Internet saytlar

2013 yildan buyon Islam Awazi "Siddiqlarbiz" nomi ostida Google blog xizmatidan foydalanib kelmoqda.

Uyg‘ur tilida yuritiluvchi ushbu saytda audio va video chiqishlar, yangiliklar va diniy ma‘ruzalar hamda jangarilarning jang maydonlaridagi, asosan, Suriyadagi amaliyotlar aks etgan video materiallar joylashtiriladi.

Blogdagi materiallar Suriyadagi janglarni aks ettiruvchi targ‘ibot videolarini o‘z ichiga oladi. Ular "Turkiston Islomiy Partiyasi" Shom tarmog‘ining Islam Awazi targ‘ibot bo‘limi tomonidan tayyorlanadi.

Ushbu axborot qanoti tomonidan ilk ishlab chiqilgan yirik video materiallardan birida uyg‘ur jangarilarining 2015 yil aprel oyida Suriya shimoli-g‘arbida joylashgan Jisr al-Shug‘ur shahrini qo‘lga kiritishdagi ishtiroki aks ettirilgan.

Jabhat al-Nusra guruhi yetakchiligidagi ushbu janglar Jaysh al-Fath harbiy ittifoqi tomonidan muvofiqlashtirilgandi.

Islam Awazi yaqinda "Begonalar jannatga kirsin" shiori ostida bir necha turkum videolavhalar e‘lon qilgan.

Iyun oyida chiqarilgan ushbu turkum videolavhalarda uyg‘ur jangchilarining Suriya urushidagi ishtiroki namoyish etiladi, guruhning maqsadlarini targ‘ib qilinadi va jihodga chaqiriladi.

TIPga aloqador "Do‘g‘iturkistan" deb nomlangan websahifasida ham jihod targ‘ib qilinadi. Shu bilan birga, unda Xitoyga qarshi va Suriyaga bog‘liq materiallar chop etiladi.

Sayt turk tilida faoliyat yuritadi va Islam Awazi videolavhalarini muntazam qo‘yib boradi.

Shuningdek, sahifada Jabhat al-Nusraning ittifoqchisi saudiyalik imom Abdulloh al-Muhaysiniy kabi mafkurachilarning jihodga chaqiriqlari aks etgan materiallar ham qo‘yib boriladi.

10 avgustda "Turkiston mujohidlari qahramonligiga mening guvohligim" sarlavhasi ostida chop qilingan maqolada saudiyalik mafkurachi Turkiston Islomiy Katibasi (Suriyadagi uyg‘ur jangari guruhining yana bir nomi) tarkibidagi jangarilar harakatlarini olqishlaydi.

"Turkistanbulteni" nashri Islam Awazining turli xil materallarini chop etuvchi turk tilidagi yana bir saytdir.

Iyul oyida sayt Islam Awazi tayyorlagan "Noyob rasmlar albomi" turkum suratlari sakkizinchi qismini chop qildi.

Fotoalbomda jang maydonlaridagi uyg‘ur jangchilari, shuningdek, harbiy kiyim-boshdagi, arabcha yozuvli qora peshonabog‘ bog‘lagan, jamloqda mashg‘ulot o‘tayotgan yosh uyg‘ur yigitlari aks etgan.

Twitter va Facebook

Uyg‘ur jihodchilari o‘z jihod g‘oyalarini faol targ‘ib qilish maqsadida bir necha ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanishadi.

Twitter ushbu axborot nashrlari uchun asosiy qurol bo‘lib kelmoqda.

"Do‘g‘iturkistan" uyg‘ur jangarilarining Twitterdagi eng faol websahifasi hisoblanadi.

1 oktyabrdagi ma‘lumotga ko‘ra, u 2,200 dan ortiq kuzatuvchiga ega bo‘lib, 560 dan ziyod (asosan turk tilida) twit qoldirgan.

O‘z ishlarini Twitter orqali targ‘ib qiluvchi boshqa saytlarning ham kuzatuvchilari talaygina. Ular uyg‘ur va arab tillarida yozadi.

Biroq, sentyabr oxirida Global Islamic Media Front TIP targ‘ibotini o‘z qo‘liga olishi va buni o‘zining Twitter sahifasi va muxbirlari bor bo‘lgan jihodiy saytlar orqali amalga oshirishini e‘lon qildi.

Ushbu kanal tarqatgan ilk targ‘ibot materiali qozoq tilidagi jihodchisi madhiyasidir.

Bunday chiqishlar Facebook tarmog‘i orqali ham tarqatiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio