Rossiya yana Afg‘onistonga qaytmoqdami?

Image copyright Others

Rasmiy Vashington Prezident Obama 2017 yili prezidentligidan ketganidan so‘ng Afg‘onistondagi besh yarim minglik qo‘shinlarni olib qolish rejalarini e‘lon qilishi haqida habar berdi.

Hozirda Afg‘onistonda 10000 ga yaqin AQSh askari xizmatda.

Obama janoblari ilgari u yerdagi AQSh harbiylari sonini elchixonada joylashish darajasida kamaytirishni rejalashtirgan edi.

Rasmiylarning aytishicha, u Afg‘on armiyasini samarali qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi ikki tomonlama uchrashuvlardan so‘ng shunday qarorga kelgan.

Afg‘on armiyasi hozirda Tolibon jangarilaridan yangi tahdidlarga uchramoqda.

Afg‘oniston shimolida Tolibon siljishlari tufayli xavfsizlik vaziyati yomonlashgani Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya rahbarlarini tashvishlantirmoqda.

Yaqinda Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosarining Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy maqom uchrashuvlari va Rossiyaning Tojikistondagi bazasiga qiruvchi tikucharlar jo‘natgani mudofa sohadagi hamkorlik faollashganidan dalolat bo‘lishi mumkin.

Rossiyaning REGNUM axborot agentligi xabar qilishicha, Rossiya mudofa vazirligining navbatdagi hay‘ati O‘zbekiston hududi orqali o‘z havo-fazo kuchlarining uchishiga ruxsat olish masalasini muhokama qilish maqsadida borgan.

Qo‘zatuvchilarga ko‘ra, Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari afg‘on rahbarlarini Yaqin Sharqdagi urush Afg‘oniston zaminiga o‘tib ketishi mumkinligidan tashvishga solishi mumkin.

Rossiyaning Afg‘onistonga ehtimoliy aralashishi Afg‘on matbuotida ham keng muhokama qilinmoqda

Rossiya Afg‘onistonga qaytmoqdami?

BBCUzbek bu borada Moskvalik harbiy ekspert Proxor Tebin bilan suhbatlashdi.

Proxor Tebin: O‘ylaymanki, yo‘q. Qaytib borolmaydi. Siyosiy-harbiy nuqtai nazardan, bu masala kun hozir tartibida emas. Biroq Markaziy Osiyoda barqarorlik vv havfsizlikni ta‘minlash Rossiya manfaatlariga mos keladi. Ayniqsa Tojikistonda ayrim Rossiya harbiylari joylashtirilganlari tufayli va agar Afg‘oniston shimoliy hududlaridagi zo‘ravonliklar Tojikiston chegarasidan oshib, Rossiya qo‘shnilariga xavf tug‘diradigan bo‘lsa, narkotrafik kuchaysa, va “Islomiy davlat” guruhining unsurlari faollashadigan bo‘lsa, bu harakatlarga qarshi Rossiya kurash olib borishi mumkin. Lekin bu kurash, avvalambor, mintaqa davlatlari bilan tuzilgan ikki tomonlama bitimlar va xavfsizlik xizmatlari darajasidagi hamkorlik asosida olib boriladi. Va agar Tojikistonda siyosiy yoki harbiy inqiroz paydo bo‘lsa, Rossiya, shubhasiz, Tojik rahbariyatini Afg‘onistondan kelayotgan tahdiddan muhofaza qilish uchun qo‘llab-quvatlashini faollashtirishi mumkin.

BBC: Boshqa so‘z bilan aytganda, Rossiya Afg‘onistondagi Tolibon yoki boshqa jihodiy guruhlarning Markaziy Osiyo chegaralariga yaqinlashayotganlariga e‘tiborsiz qaramaydi deb aytmoqchimisiz?

Proxor Tebin: Tabiyiki, Rossiya uchun aftidan uning imperiyachilikka oid intilishlaridek ko‘rinishi mumkin bo‘lgan bu masala oddiy va ko‘p chaynalgan masala. Ya‘ni, o‘z milliy xavfsizligini himoyalashga borib taqaladi. Chunki Rossiyaning eng uzun chegaralari Markaziy Osiyo bilan bo‘lgani uchun, uni yopib qo‘yish yoki to‘siqlar o‘rnatish o‘ta qiyin va ko‘p mablag‘ talab qiladigan ish va umuman, chegarani butkul yopib qo‘yish mumkin emas. Ayniqsa, Rossiya tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan integratsion jarayonlarning manzarasida, Markaziy Osiyodan kelayotgan xavfdan o‘zini mutlaq saqlab qolish siyosiy va iqtisodiy hamkorlikka putur yetkazishi mumkin. Shuni nazarda tutib, Rossiya uchun Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va huquq-tartibotni saqlash hayot-mamot masalasidir.

BBC: Rossiyaning Afg‘onistondagi amaliyotlarga ehtimoliy aralashishi Afg‘on matbuotida ham keng muhokima qilinmoqda. Aksar Afg‘onlar Tolibonga G‘arbning bo‘lgan munosabatiga shubha bilan qarashadi. Yaqinda general Do‘stumning Rossiyaga borib qurol-aslaha so‘raganini inobatga olsak, Afg‘on rahbarlari Rossiyadan harbiy ko‘mak so‘rashlari qanchalik haqiqatga yaqin?

Proxor Tebin: Ehtimol, ular so‘rashlari mumkin, lekin, qanday yordam ularga beriladi - bu savol ochiq qolmoqda. Balki, diplomatik aloqalar orqali yoki maxsus xizmatlarning hamkorligi faollashishi mumkin, biroq Rossiya tomoni uchun eng asosiy ustuvor vazifa - bu Tojik-Afg‘on cherasini qo‘riqlashdir. Qurol-aslaha va tikucharlar bilan ta‘minlash masalasiga kelsak, agar Afg‘oniston bu kabi yordam uchun moliyalashni o‘z zimmasiga ololsa, Rossiya bunga rozi bo‘ladi deb o‘ylayman.

Image copyright EPA

BBC: O‘tgan hafta Rossiya Kaspiy dengizidan Suriya tomon raketa otganini inobatga olsak, ana shunday raketa hujumlari Markaziy Osiyo tomon, deylik, Afg‘onistonga qarata amalga oshirilishi mumkinmi?

Proxor Tebin: Albatta, amalga oshirilishi mumkin. Faqat buning uchun, kemalar va raketalarga ega bo‘lish kerak, va bular Rossiyada bor hamda Kaspiy dengizi va nishonga olinajak inshootlar orasida joylashgan mamlakatlarning ruxsati kerak bo‘ladi. Biroq, bu haqida ma‘lumotlar yopiq bo‘lgani tufayli, bir narsani aniq aytish qiyin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio