"Vatan va amaldorlar tushunchalarini chalkashtirmaslik kerak"

"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbek yoshlari o‘z vatanlari bilan faxrlanishadi.

"Yoshlarning aksariyati (94,3 foizi) mustaqillik yillarida yosh avlod vakillarining vatanparvarlik tuyg‘usi mustahkamlanganini ta‘kidladi, deb bu haqda xabar tarqatgan O‘zbekistonning asosiy davlat axborot agentligi O‘zA.

Ushbu xabar Internet ijtimoiy tarmoqlarida ham turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Facebook tarmog‘idagi "Novosti Uzbekistana" guruhi foydalanuvchilarining ba‘zilari so‘rov chindan ham o‘tkazilganiga shubha bilan qarashgan bo‘lsa, ba‘zilari "vatanparvarlik" tushunchasi keng qamrovli ekanini ta‘kidlashgan.

"Men va mening tanishlarimdan hech kim so‘rovda qatnashgani yo‘q, ular qaysi mamlakatda bunday so‘rovni o‘tkazishadi?" deya savol bergan Xamza Metrov.

"Gastarbayterlardan so‘radingizmi?", deb kinoyali savolni qo‘ygan Kamila Aliyeva.

Kamilla Idiatulina ismli foydalanuvchi esa aholining hammasi ham jamoatchilik fikrini o‘rganishda qatnashmaganligiga ishora qiladi.

"U yerda bizning baxtiyor vatanimizdagi barcha aholi so‘rov qilingan, deb yozilmagan-ku. Boshida go‘yo hamma so‘rovda qatnashgan-u, bir men qolib ketgandek yolg‘on his paydo bo‘ladi", deb yozgan u.

Biroq fikr qoldirganlar orasida ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga qaramasdan, O‘zbekistonni sevadiganlar ko‘p ekani anglashiladi.

"O‘z mamlakatimizni qanchalar so‘kmaylik, nimadandir norozi bo‘lmaylik, baribir, har birimiz qalbimiz tubida o‘z vatanimizni sevamiz, har kim o‘zicha, agar biror yomon narsani ko‘rsak, har birimizning vatanimiz uchun ichimiz achiydi, lekin baribir uni sevamiz, bu inson uchun odatiy tuyg‘u, vatanni sevish va uning muammolaridan azob chekish", deydi Karina Sardarova.

Image copyright Umida Akhmedova

Ushbu fikrga qo‘shilib, Azamat Abdullayev shunday yozadi: "Biz o‘z Vatanimiz bilan faxrlanamiz, hozir kunlar og‘ir va iqtisod kuchsiz, lekin qanday yashamaylik, biz o‘z yurtimizni sevamiz".

Ayrim foydalanuvchilar "Vatan" va "hukumat", "Vatan" va "amaldor" tushunchalarini chalkashtirmaslikka chaqirganlar.

"Siz nima deb o‘ylaysiz, agar kimdir O‘zbekistonni sevsa, lekin mansabdorlarni va hukumatni sevmasa, u ham vatanparvarmi?" degan savolni o‘rtaga tashlagan Nikolay Davis.

"Ha, vatanparvar, hukumatdan tashqari, vatanini juda ko‘p jihatlari uchun sevishi mumkin, xalq, madaniyat, urf-odatlar, tabiat va o‘zaro munosabat, vatan ona kabi, uni tanlamaydilar, albatta tushunarli-ki, unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan narsalarning yuz berayotganidan ko‘pchilikning ko‘ngli og‘riydi, vatanparvarlik bu har bir insonga xos sub‘ektiv hissiyot" deya bunga munosabat bildirgan Karina Sardarova.

"Bizda kimki davlatni tanqid qilsa, u vatanparvar emas, degan tushuncha bor. Davlatga muhabbat va Vatanga muhabbat – bu ikki xil narsa", deb davom etgan Nikolay Davis, "Menimcha, yana vatanparvar bu o‘z yurtidagi hayotni yaxshilashni chindan hohlaydigan va yuqoridagilarni tanqid qilishdan qo‘rqmaydigan odam. Albatta, tanqid joyida bo‘lsa".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer