Rossiya Qozog‘istonga tahdidmi?

Image copyright Getty

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qozog‘istonga davlat tashrifi davomida, muxolifat ikki o‘rtadagi munosabat teng huquqlar asosida qurilmaganini ta‘kidlamoqda. Ularga ko‘ra ikki davlat a‘zosi bo‘lgan ittifoqlar ko‘proq Kremlning manfaatlarini ko‘zlaydi.

Putin tashrifi chog‘ida bir necha muhim hujjatlar imzolangan. Prezident Nazarboyev oson bo‘lmagan pallaga to‘g‘ri kelgan ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qilishini aytgan. Nazarboyev "oson bo‘lmagan palla" deyayotganda nimani nazarda tutganini ochiqlamagan.

Rossiya prezidentining davlat tashrifi 16 oktyabr kuni MDH davlat rahbarlarining Ostonadagi uchrashuvi hamda Ovrosiyo iqtisodiy ittifoqining oliy kengashi arafasida tashkil qilingan.

Tashrif davomida Kaspiy dengizining shimoliy qismi tubining maqomi to‘g‘risidagi bayonnomaga o‘zgartirish kiritilgan. Ushbu hujjat dengiz ostidan qazib olinadigan neft masalalarini qamrab oladi.

Hujjat tafsilotlari matbuotda e‘lon qilinmagan.

Ikki davlat o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, Rossiya hududidan fazoga uchiriladigan raketa qoldiqlari Qozog‘istonga tushishi va unga ma‘lum haq to‘lanishi kelishib olingan. Qozoq yerlari ijarasi uchun Rossiya har yili 460 ming dollar to‘laydi.

Bundan tashqari Qozog‘iston hududida avia halokat sodir bo‘lgan taqdirda ikki o‘rtada tuzilgan xizmat qurbonlarni izlash va jabrlanganlarni qutqarish bilan shug‘ullanadi. Imzolangan hujjatga ko‘ra, avia halokat sodir bo‘lgan taqdirda 24 soatlik navbatchilik tashkil qilinadi.

"Suriyadagi to‘qnashuv shiya-sunniy urushi emas"

Ikki davlat rahbari uchrashuvlar davomida halqaro masalalarga ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.

Nursulton Nazarboyev ikki prezident Ukraina va Suriyadagi vaziyatni muhokama qilganini aytgan.

Qozog‘iston rahbari Suriyadagi to‘qnashuv munozara qilinayotgandek, shia va sunniy to‘qnashuvi emasligini aytgan.

"Biroq bu to‘qnashuvning ushbu o‘xshatishga umuman aloqasi yo‘q. Suriyada bugun ro‘y berayotgan narsalar - bu hammamiz uchun, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta tahdid. Shu sababdan ham biz "Islom terrorizmga qarshi" anjumanini tashkil qilish g‘oyasi bilan chiqyapmiz", - degan Nursulton Nazarboyev.

Rossiya Qozog‘istonning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi bir yilda 21 milliard dollardan oshadi.

Ikki davlat integratsion tashkilotlar tarkibida ham yaqindan hamkorlik qiladi. Qozog‘iston Rossiya bilan birga ham harbiy va ham iqtisodiy tashkilotu ittifoqlarga a‘zo.

Munosabatlar silliqmi?

Sirtdan qaraganda, Rossiya va Qozog‘iston munosabatlari o‘ta a‘lo va ikki davlat o‘rtasida jiddiy muammo yo‘qdek tuyuladi.

Lekin mamlakat ichida hamma ham bunday deb hisoblamaydi. Ayrimlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar Qozog‘iston ziyoni evaziga qurilgan.

Muxolifatga ko‘ra, Rossiya boshchiligidagi ittifoqlarga a‘zolik Qozog‘iston mustaqilligiga tahdid soladi.

"Bizning munosabatlarimiz ustuvor bo‘lishga majbur. Qozog‘iston demokratik kuchlari Rossiya bilan teng huquqlilik asosida do‘stlik bo‘lishi tarafdori. Afsuski, amaldagi hukumat mamlakatni Rossiyaga tobora qaram qilib qo‘ymoqda. Ovrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish Qozog‘iston biznesini teng bo‘lmagan sharoitlarga qoldirdi. Oq o‘rda va Kreml "kelishilgan tashqi siyosat" iborasi kiritilgan shartnoma imzoladi. Ayniqsa, Rossiyaga nisbatan G‘arb sanktsiyalari qo‘llanilayotgan bir mahalda buni ta‘riflashga til ojiz", - degan Amirjan Qo‘sanov.

Nazarboyev Rossiya oldida Qozog‘iston manfaatlarini yetarli darajada himoya qila olmayotgani aytiladi. Ularga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik faqat bir tomon - Rossiyaning manfaatlariga mos keladi.

Rublning qadrsizlanishi, Rossiyaga qarshi sanktsiyalar Qozog‘iston uchun ham zarba bo‘layotgani aytiladi.

Ikki o‘rtada bojxona to‘siqlari rasman olib tashlangan bo‘lsa-da, Qozog‘istondan Rossiyaga kirmoqchi bo‘layotgan turli tovarlar ortilgan yuk mashinalarning tushunib bo‘lmas to‘siq va qarshiliklarga duch kelayotgani tanqid qilinadi.

Kuzatuvchilar uchrashuvlar davomida ushbu masalalar ham Nazarboyev tomonidan kun tartibiga qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

Putin tashrifi arafasida Rossiyaning mintaqada olib borayotgan siyosatini Facebook da keskin qoralovchi faollar Serikjan Mambetalin va Yermek Narimbayevning politsiya tomonidan hibsga olingani ham e‘tibor tortgan.

Ikki shaxs ijtimoiy tarmoqlarda millatlararo nizo qo‘zg‘aganlikda gumon qilinib ushlab turilibdi.

Qozog‘istonlik faollar tomonidan tanqid qilinadigan yana bir jihat Rossiya raketalarining Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan uchirilishi va unda foydalanilayotgan geptil yonilg‘isidir.

Faollarga ko‘ra, raketalar uchishi natijasida qozoq zaminiga tushayotgan geptil yonilg‘isi qoldiqlari mamlakat tabiatiga katta zarar keltirmoqda. Odamlarning sog‘lig‘i yomonlashmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq