Tojikistonda Putinni tashvishga solayotgan besh omil

Image copyright

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘zi va Prezident Putin "Tojikistondagi vaziyatdan juda ham tashvishda ekanliklarini aytgan".

Bu haqda janob Nazarboyev payshanba kuni Ostonadagi qo‘shma matbuot anjumanida gapirgan.

Tojikiston Afg‘oniston bilan 1400 kilometrlik umumiy chegaraga ega.

So‘nggi haftalarda chegaraning afg‘on tomonida Tolibon isyonchiligi yanada kuchaygan.

Tojikistonning o‘zida ham notinchlik yuz bergan, hukumat "islomchilar"ni ayblagan.

Tolibonparast o‘zbek jihodiy guruhi - "Islomiy jihod ittihodi" yaqinda Tojikiston bilan chegaradagi "ko‘pgina" mintaqalarni nazorat qilayotganini da‘vo qilgan.

Rossiya Tojikistonda o‘zining yirik harbiy bazasiga ega.

Dushanbeda joylashtirilgan rus qo‘shinlari soni 6-7 ming orasida.

Ammo o‘tmishda Rossiya chegarachilari Afg‘oniston bilan Tojikiston chegarasini ham qo‘riqlab kelgan.

Hozirda Moskva chegara nazoratini qaytadan qo‘lga olmoqchi, deb ishoniladi.

Xo‘sh, Prezident Putin nega Tojikistondan xavotirda?

Quyida buning besh sababiga to‘xtalamiz.

Tolibon isyonchiligi

O‘tgan oy Tolibon stretegik jihatdan muhim Qunduz shahrini zabt etdi va uch kun davomida ushlab turdi.

Image copyright AP
Image caption Tolibon Qunduzni uch kun ushlab turdi

Toliblar shuningdek, tojik, o‘zbek va turkman chegaralaridagi Badaxshon, Tahhor, Balx, Javzjon va Faryob viloyatlaridagi faoliyatini ham kuchaytirmoqda.

7 oktyabr kuni Sochida Prezident Rahmon bilan uchrashuv chog‘ida Putin mintaqadagi "vaziyat xavotir uyg‘otmay qolmasligi"ni aytdi.

Rahmon uning fikrini ma‘qulladi va chegaraning "60 foizida harbiy harakatlar borayotgani"ni ilova qildi.

Islomiy radikallashuv

Rossiya Afg‘onistondagi turli-tuman jangari guruhlarning birlashishidan ham xavotirda.

"Eng ashaddiy toliblar hozirda "Islomiy davlat" saflariga qo‘shilib, Markaziy Osiyo, shu bilan birga Rossiyaga ham tahdid solmoqda", deb yozadi "Kommersant" nashri.

Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazidan Semyon Bogdasarovning aytishicha, "Islomiy davlat" Afg‘onistonda kuchlanmoqda, sababi boshqa radikal guruhlarning jangovar otryadlarini yollamoqda.

Uning aytishicha, hozir Afg‘onistonda 8000 ga yaqin ID jangarilari bor.

Beqarorlikning yoyilishi

Rossiya Afg‘onistondagi beqarorlik Markaziy Osiyoga o‘tishidan xavotirda.

15 sentyabr kuni Dushanbeda o‘tgan sammit chog‘ida Prezident Putin "terrorchi va ekstremist guruhlarning Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar hududiga sizib kirish xavfi" oshganini ta‘kidladi.

"Hozirning o‘zida yaxshi ma‘lum bo‘lgan tashkilotlarga qo‘shimcha, o‘zini "Islomiy davlat" deb atayotgan guruh ta‘sirining Afg‘onistonga yoyilishi tahdidni yanada kuchaytiradi",- deb aytdi Putin.

"Islomiy davlat"

ID jangarilarining Suriyadan Markaziy Osiyoga kelish istiqboli Rossiya va ittifoqchilari orasida xavfsizlik xavotirlarini kuchaytirdi.

Sobiq sovet hududidan katta sondagi jangarilar ID saflarida jang qilayotgani ma‘lum.

Image caption ID saflarida yuzlab markaziy osiyoliklar jang qilmoqda

"Shubhasiz, ular bizning hududlarimizga qaytishlari ehtimolidan tashvishdamiz", - deb aytgan Putin Dushanbedagi sammitda.

ID Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz sabab daromadlari tushib borayotgan tojik muhojirlarini o‘z saflariga yollayotgani haqida xabarlar olingan.

Ichki kurash

O‘tgan oy Tojikistonda sobiq Mudofaa vaziri o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda boshchiligidagi qurolli isyon yuz bergan.

Nazarzoda hukumat kuchlari bilan to‘qnashuvda o‘ldirilgan.

Hukumat isyonda islomiy guruhlarni ayblagan.

Image copyright newsgid.net
Image caption Nazarzoda hukumat kuchlari tomonidan o‘ldirilgan

Sobiq sovet davlatlaridagi yagona qonuniy islomiy partiya bo‘lgan Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasining qator yuqori martabali a‘zolari hibsga olingan.

Partiya rahbari Muhiddin Kabiriy muhojirotda.

Tojikiston Oliy Mahkamasi o‘tgan oy TIUPni terrorchi tashkilot deb e‘lon qilgan va uning faoliyatini taqiqlagan.

TIUP Tojikistonda hukmdor Xalq Demokratik partiyasidan keyin ikkinchi yirik partiya edi, ammo mart oyidagi parlament saylovlarida bironta ham o‘rin ololmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq