Turkmaniston Nazarboyevdan nega norozi?

Image copyright AFP

Rasmiy Ashxobod Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev gaplariga norozilik bildirgan. Nazarboyevning Turkmaniston chegarasida nimalar bo‘layotganidan xabardormiz, degan gapi Turkmaniston tomonining xavotiriga sabab bo‘lgan va rasmiy e‘tiroz bilan chiqqan.

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan chiqarilgan bayonotda aytilishicha, 15 oktyabr kuni Ostonada Rossiya va Qozog‘iston prezidentlari ishtirokida o‘tgan matbuot brifingida Qozog‘iston tomoni Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalarini gapirarkan, go‘yo Turkmaniston chegarasida sodir bo‘lgan hodisa haqida fikr bildirgan.

"Qozog‘iston tomonidan voqeilikka to‘g‘ri kelmaydigan bu kabi fikrlarga Turkmaniston o‘zining keskin xavotiri va tushunmovchiligini bildiradi. Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi shuni ta‘kidlashni istaydiki, Turkmanistonning bu masala bo‘yicha rasmiy nuqtai nazarini matbuot va mintaqaviy hamda xalqaro maydonlarda bir necha marotaba bildirgan".

Vazirlik ushbu masala yuzasidan keskin norozilik bildirishini va ikki davlat o‘rtasidagi an‘anaviy qardoshlik munosabatlaridan kelib chiqib, Turkmaniston atrofidagi vaziyatga baho berishda Qozog‘iston tomoni xolis axborotga tayanishigia umid qilishini aytgan.

Nazarboyev nima degandi?

Putin bilan matbuot brifingida gapirgan Nursulton Nazarboyev, Suriya va Markaziy Osiyodagi vaziyatga o‘z nuqtai nazarini bildirgan edi.

"Hozir sunniy va shiyalar mavzusi ko‘pirtirilmoqda. Lekin bu narsaga umuman bog‘liqlik yo‘q, chunki Suriyada bo‘layotgan narsalar - hammamiz uchun umumiy tahdid. Ayniqsa Markaziy Osiyo davlatlari uchun. Biz Turkmaniston chegarasida bo‘lgan hodisadan xabardormiz, Tojikiston ham bundan aziyat chekmoqda", - degan Nursulton Nazarboyev.

Nazarboyev Turkmaniston chegarasida nima sodir bo‘lgani haqidagi fikriga ochiqlik kiritmagan.

Oldinroq matbuotda chiqqan xabarlarda Turkmaniston va Afg‘oniston chegarasida vaziyat 2014 yildan boshlab keskinlashib borayotgani va mamlakatga Tolibon xavf solishi mumkinligi haqida yozilgandi.

Turkmaniston chegara hududlariga zirhli harbiy texnika safarbar etgan.

6 oktyabr kuni O‘zbekistonga tashrifi davomida prezident Berdimuhamedov rasmiy Toshkentdan harbiy madad so‘ragani aytiladi.

Shu kunlarda Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov boshchiligidagi hay‘at AQShga borgan. Hay‘at u yerda mamlakat va Markaziy Osiyoda xafvsizlik masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.

Mutaxassislar turkman mulozimi Amerikadan harbiy ko‘mak va dastak so‘rashi mumkinligini taxmin qilishadi.

Mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Ostonada o‘tayotgan MDH ga a‘zo davlatlar sammitiga tashrif buyurmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq