MXX polkovnigi giyohvand savdosida ayblanmoqda

Image copyright 12news.uz
Image caption Topilgan kartinalar orasida Fedor Vasilev (1850-1873) ning "Qrim manzarasi" asari ham bor

Yarim rasmiy 12news.uz nashrining xabar berishicha, avvalroq korruptsiyada ayblanib, hibsga olingan O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati polkovnigi Yuriy Savinkov giyohvand moddalarning noqonuniy savdosida ham gumon qilinmoqda.

Nashrning MXX xodimi Laziz Ibodxo‘jayevdan iqtibos keltirishicha, Savinkov mansub bo‘lgan "uyushgan jinoiy guruh" O‘zbekistondan Rossiyaga noqonuniy eksport va giyohvand moddalar (geroin) trafiki bilan shug‘ullanib kelgan.

"Noqonuniy yo‘llar bilan topilgan mablag‘lar ko‘chmas mulk, qimmatbaho mashinalar va san‘at asarlariga sarflangan", - deya Ibodxo‘jayevdan iqtibos keltiradi 12news.uz nashri.

Ammo MXX vakili Savinkovga qo‘yilgan giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga doir ayblov tafsilotlarini bermagan.

O‘zbek maxsus xizmatlarining giyohvand moddalar savdosiga aloqadorligi haqidagi iddaolar bundan avval Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey va o‘zbek muxolifat nashrlari tomonidan ilgari surilgan.

Shuningdek, aniq ismlar keltirilmagan bo‘lsa-da, bu kabi iddaolar AQSh diplomatlarining Vikiliksga sizgan yozishmalarida ham tilga olingan.

Xalqaro politsiya tashkiloti-Interpolning O‘zbekistondagi sho‘‘basi rahbari ham bo‘lgan 56 yoshli Yuriy Savinkov shu yilning 17 avgustida Moskvada hibsga olingan va O‘zbekistonga topshirilgandi.

O‘g‘irlangan kartinalar

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston davlat san‘at muzeyidan o‘g‘irlangan 32 kartina MXX polkovnigi Yuriy Savinkovning "shaxsiy kollektsiyasi"dan topilgan.

Savinkov 19-20 asrlarga oid ushbu kartinalarni noqonuniy yo‘llar bilan xorijga olib chiqishni rejalagan bo‘lgani aytiladi.

Hozirda kartinalarning hammasi davlat muzeyiga qaytarilgani aytiladi.

O‘tgan oy O‘zbekiston televideniyesi Toshkent va Nukusdagi san‘at muzeylaridan qimmatbaho san‘at asarlari noqonuniy sotilgani haqidagi lavhani namoyish etgan.

Unda O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi qo‘riqchisi "umumiy hisobda 47 yarim milliard so‘mlik" kartinalarni o‘g‘irlagani hamda qalbakilashtirgani aytilgandi.

Lavhada nomi keltirilgan kollektsiyachilardan Toir Toirov BBC bilan suhbatda o‘ziga qarshi ilgari surilgan iddaolarni rad etgan.

Davlat san‘at muzeyi xodimi "qidiruvdagi Rossiya fuqarosi" Toir Toirovga 7ta kartinani "5100 dollarga" sotganini aytgan edi.

Lavhada nomi tilga olingan Qoraqalpog‘istondagi Savitskiy muzeyining sobiq rahbari Marinika Bobonazarova esa kollektsiyadan qimmatbaho asarlarni o‘g‘irlagani va ularni soxtalari bilan almashtirgani borasidagi ayblovlarni "asossiz" va "bema‘ni" deya rad etgan.

Shu yil avgustida Qoraqalpog‘iston Madaniyat vazirligi muzey direktori Marinika Bobonazarovani to‘satdan ishdan bo‘shatgandi.

O‘zbekiston davlat muzeyidan g‘oyib bo‘lgan nodir kartinalar 2012 yilda Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveytsariyadagi uyidan ham topilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio