Andijonda aholining IDga aloqasi tekshirilmoqda

Andijonlik inson haqlari faoli Saidjahon Zaynobiddinovning Bi-bi-siga ma‘lum qilishicha, viloyatda shu oy boshidan buyon keng ko‘lamdagi tekshiruvlar bormoqda.

Uning ishonishicha, tekshiruvlardan maqsad andijonliklarning ID bilan aloqalarini aniqlashdir.

"Militsiya hudud nozirlari va posbonlar uyma-uy yurib, viloyat va respublika tashqarisidagi har bir fuqaroning qayerdaligi, nima bilan bandligini sinchiklab tekshirmoqda", - deydi andijonlik faol.

Uning so‘zlariga ko‘ra, militsiya xodimlari o‘zaro surishtiruvlarda Suriya yo-da "Islomiy davlat" nomlarini tilga olishmayapti.

"Ammo ulardan biri men bilan suhbatda bunga aniq ishora qildi", - deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

Bi-bi-sining Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan bu borada rasmiy ma‘lumot olishga urinishlari natija bermadi.

Sinchkovlik

Huquq faolining aytishicha, bunga o‘xshash tekshiruvlar avval ham o‘tkazilgan, ammo bu kabi sinchiklab tekshirilmas edi.

Militsiya xodimlari uning ham xonadoniga tashrif buyurib, Andijonning o‘zida, ammo boshqa manzilda yashayotgan o‘g‘lining qayerdaligini surishtirganlar.

"Men ularning ko‘zida o‘g‘limga telefon qilib, gaplashdim. Xuddi shunga o‘xshab, Rossiyaga ketganlarning qayerdaligi, nima ish qilayotgani, telefon raqamlarini so‘rashyapti. Yaqinlariga telefon qilib ko‘ring-chi, deb telefon qildirayapti", -deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

Huquq faolining aytishicha, Rossiyaga ishlash uchun ketgan andijonliklardan bir nechtasining ID tomonidan yollanib, hozirda Suriyada jang qilayotgani haqida norasmiy ma‘lumotlaor bor.

"Aniq soni ma‘lum emas, ammo posbonlardan biri ularning uch kishi ekanini aytdi", - deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq to‘rt nafar farzandi bilan Rossiyaga ketgan bir ayolni ham yaqinlari Suriyaga o‘tib ketgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanishmoqda.

Aytilishicha, 1975 yilda tug‘ilgan va Andijon shahrida yashab kelgan ayol 2012 yilda o‘g‘li diniy tashkilotga a‘zolikda ayblanib, qamalganidan so‘ng O‘zbekistonni tark etgan.

"O‘zi ham bir-ikki marta diniy dars olgan ekan, qamab qo‘yishlaridan qo‘rqqan",- deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

Shu yil boshida O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati ID Farg‘ona vodiysida hujumlar rejalayotgani haqida xabar tarqatgan.

12news.uz nashri MXX zobiti Alisher Hamdamovning "Islomiy davlat" Farg‘ona vodiysidagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun 70 million dollar ajratgani, O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasida jangarilar to‘planayotgani haqida ma‘lumotlar bor" degan so‘zlarini keltirgan.

8 oktyabrь kuni @yordamberilar niki ostida xabar qoldirgan Tvitter foylanuvchisi o‘zining o‘zbekistonlik JQ (qisqartirib berilmoqda-tahr) ismli shaxs ekani, ID yollovchisi tomonidan aldov yo‘li bilan Moskvadan Istanbulga olib kelingani va Turkiyaning Suriya bilan chegarasida ushlab turilganini aytgan.

Ikki marta qochishga uringani, ammo tutib olinib, do‘poslanganini iddao qilgan foydalanuvchi Tvitterdagilarga murojaat qilib, o‘zini qutqarishda yordam berishlarini so‘ragan.

Turk matbuotining yozishicha, ularning barchasi Suriyaga yo‘l olgan xorij fuqarolaridir.

Turkiya hukumatini IDni o‘tgan shanba Anqarada 100 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan portlashlarga aloqadorlikda ayblagan.

Yollanma mehnatdan yollanma jihodga

Shu hafta Rossiyaning Interfaks xabar agentligi o‘zbek huquq-tartibot idoralari Suriyadagi ID saflarida jang qilib qaytgan qashqadaryolik bir kishini hibsga olgani haqida xabar tarqatgan.

Agentlikning huquq-tartibot idoralaridagi manba‘dan iqtibos keltirishicha, qashqadaryolik aka-ukalar ID yollovchilari ta‘siriga tushib, Suriyaga jang qilish uchun borishgan.

"Biroz vaqt o‘tib, ulardan biri yangi "Islom jangchilari"ni yollash maqsadida O‘zbekistonga qaytgan, ammo ko‘p o‘tmay, hibsga olingan".

Huquq-tartibot idoralaridagi manba‘ning so‘zlariga ko‘ra, hibsga olingan shaxs tergov jarayonida ID saflarida jang qilayotgan o‘zbek fuqarolarining aksariyati Rossiyaga ishlash uchun ketganlar ekanini tasdiqlagan.

IDga qarshi kurash shu hafta Qozog‘istonda o‘tgan MDH rahbarlari sammiti kun tartibidagi asosiy mavzulardan bo‘lgan.

Rossiya Prezidenti Putinning aytishicha, Suriyadagi ID saflarida sobiq sovet davlatlaridan 7 mingga yaqin jangarilar bor.

Putin Rossiyaning havo amaliyotlari, jumladan, ana shu jangarilarga qarshi qaratilganini ta‘kidlagan.

G‘arb davlatlari Rossiyaning asl maqsadi Suriyadagi IDni yo‘q qilish ekanini savol ostiga olishadi. AQSh Rossiya uchoqlari Suriyaning Prezident Asadga qarshi jang qilayotgan mo‘‘tadil muxolifatini nishonga olayotganini aytgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio