Bleyr Iroq urushini bir yil oldin dastaklagan

Image copyright AFP
Image caption "Harbiy amaliyot boshlangani taqdirda Bleyr biz bilan bo‘ladi"

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bleyr Iroqdagi harbiy kampaniyani boshlanishidan bir yil avval qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lgan.

Bu haqda AQShning o‘sha paytdagi Davlat Kotibi Kolin Pauellning prezident Jorj Bushga xizmat yuzasidan yozgan ma‘lumotnomasida qayd etilgan.

Britaniyada chiqadigan Mail on Sunday ro‘znomasi yakshanba kuni ayni ma‘lumotnomani chop etgan.

"Harbiy amaliyot boshlangani taqdirda Bleyr biz bilan bo‘ladi", - deb yozgan janob Pauell.

Toni Bleyr matbuot kotibining ro‘znomaga aytishicha, "ma‘lumotnoma mazmuni sobiq bosh vazir ayni masalada bunga qadar bergan bayonotlariga mos keladi".

BBC muxbiri Kris Meysonga ko‘ra, ushbu hujjat Iroq urushidan bir yil avval Vashingtondagi yuqori siyosiy doiralarning Bleyrga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatadi.

Mail on Sunday ning yozishicha, ma‘lumotnoma Bleyr va Bushning Texas ranchosidagi uchrashuvidan bir hafta avval, Britaniya parlamenti Iroqdagi harbiy amaliyotlarni ma‘qullab ovoz berishdan esa bir yil oldin bitilgan.

2014 yilda Iroq urushi yuzasidan tekshiruv olib borgan komissiya Bleyr va Bushning urush arafasida olib borgan so‘zlashuvlaridan ayrim parchalarni chop etishga ruxsat bergan.

Ammo Britaniya hukumatining iltimosiga binoan, ikki rahbarning to‘liq so‘zlashuvlari va yozishmalari oshkor etilmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio