Sloveniya Vengriya muhojirlarga chegarasini yopishidan xavotirda

Image copyright Reuters

Vengriya muhojirlar oqimini to‘xtatish uchun o‘zining Xorvatiyaga tutash chegarasini yopar ekan, muhojirlar Xorvatiyadan avtobuslarda Sloveniyaga kela boshlaganlar.

Vengriya juma kuni o‘zining xorvat chegarasini yopdi va endilikda Sloveniya bilan tutash chegarasida ham nazorat nuqtalarini qayta o‘rnatishini bildirdi.

Juma oqshomida chegara yopilishidan bir necha daqiqa avval Zakani qishlog‘iga kelgan bir necha yuz muhojirlarga chegaradan o‘tishga ruxsat berildi.

Ular o‘tishi bilanoq, Vengriya askari "Yopiq" deya qichqirdi.

Image copyright Reuters

Ko‘plab muhojirlar Avstriya va Olmoniyaga o‘tish ilinjidalar.

Joriy yilning o‘zida 600 ming muhojir asosan Turkiya va Gretsiyadan Ovro‘po Ittifoqiga kirib kelishdi.

Uch mingdan oshig‘i esa O‘rta Yer dengizini kechib o‘tishga urinib cho‘kib ketishdi. Muhojirlarning aksari Suriyadagi fuqarolar urushidan qochib kelganlar.

Vengriya bir oy avval Serbiya bilan chegarasini yopib qo‘ygandi.

Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto o‘z mamlakati "noma‘lum, nazoratsiz muhojirlar oqimidan" himoya qilish uchun Sloveniya bilan tutash chegarada tekshiruvlar qayta tadbiq qilinishini bildirdi.

Image copyright AFP

Vengriya va Sloveniya pasportsiz harakatga asoslangan Shengen hududiga kiradi, ammo Xorvatiya undan tashqarida.

Juma oqshomigacha Vengriya orqali kuniga 5 mingdan 8 minggacha odam registratsiyasiz Avstriyaga o‘tib ketishiga ruxsat berilayotgandi.

Aholisi atigi 2 million odam bo‘lgan Sloveniyada endilikda muhojirlar Sloveniya orqali harakat qilishlari mumkinligi borasida xavotirlar yuzaga kelgan.

Sloveniya Ichki ishlar vaziri Vesna Gerkos Avstriya va Olmoniya chegaralari ochiq qolar ekan, Sloveniya muhojirlarni qabul qilishda davom etishini aytdi.

Oxirgi oylarda Sloveniya orqali kuniga 3 ming muhojir o‘tgan. Mamlakat hukumati, agar Vengriya chegarani yopsa, u kuniga 8 ming muhojirni qabul qila olmasligini bildirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio