"Haqiqiy inqiroz endi keladi"

Image copyright Getty

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev mamlakat boshiga iqtisodiy qiyin pallalar kelayotganini ta‘kidlagan. U ish o‘rinlarining qisqarishi va daromad ko‘rish kamayishi mumkinligini aytgan.

"2007-2009 yillardagidan ancha kuchli - haqiqiy inqiroz kelmoqda. Shu munosabat bilan hukumatga vaziyatni tahlil qilish, inqirozga qarshi ish rejalari tuzish, zarur choralarni aniqlash va aholiga yetkazishni topshiraman", - degan Nursulton Nazarboyev.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Bosh vazir Karim Masimovni qabul qilgan Nazarboyev mamlakat iqtisodi qiyin ahvolda amal qilayotganini aytgan.

"Yonilg‘i mahsulotlarining narxi pasayishi natijasida byudjet tushumi 40 foizga kamaydi. Bundan tashqari ko‘mir, qora va rangli metall kabi boshqa eksport mahsulotlarimizning ham narxi tushdi. Shu bilan birga qishloq xo‘jaligida uncha katta bo‘lmagan o‘sish kuzatildi, sanoat korxonalari, jumladan, mashinasozlik sohamiz ishlab chiqarishini kamaytirdi", - degan Nursulton Nazarboyev.

Davlat rahbari dunyodagi iqtisodiy holatni nazarga olib tez orada vaziyat yaxshilanmasligini aytgan. Mamlakat aholisi tashkilotlarning foydasi kamayishi, daromadlarning tushishi va ish o‘rinlarining kamayishiga tayyor turishini ta‘kidlagan.

Nazarboyev aholining zaif qatlamini dastaklash uchun tayyor dasturlar bo‘lishi kerakligini aytgan. Biroq u ishlab chiqarishga asoslangan korxonalar davlatdan yordam kutmasligi kerakligini va buning uchun Milliy jamg‘armadan mablag‘ ajratishni taqiqlab qo‘yishini bildirgan.

Kuzatuvchilar Qozog‘iston iqtisodi qiyin damlarni boshidan kechirayotganini oldin ham aytishgan.

Qozoq tangasining qadrsizlanishi va mamlakatdagi ishlab chiqaruvchilarning rossiyalik tadbirkorlarning raqobatiga dosh berolmayotgani mamlakat iqtisodiga zarba bo‘layotgani aytiladi.

Qozog‘iston Milliy banki tangani 20 oktyabrda erkin savdoga qo‘ygan bo‘lsa-da, uni yana nazorat ostiga olishga majbur bo‘lgan.

Tanga bozorda erkin suzishni boshlaganidan so‘ng 1 dollarning narxi 300 tangagacha ko‘tarilib ketdi. Biroq Milliy bankning bozorga millionlab dollar chiqarishi natijasida bugungi kunda bir dollar 278 tangadan sotilmoqda.

Milliy bank 16 sentyabrdan boshlab tangani dastaklash uchun bozorga 1,5 milliard dollarga yaqin mablag‘ chiqarishga majbur bo‘ldi. Milliy bank matbuot xizmatining ma‘lum qilishicha, oktyabr oxirigacha tangani kursini ma‘lum miqdorda ushlab turish uchun 3 milliard dollar sarflanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq