"Minor" gumbazi koshini ko‘chib tushdi

Image copyright ferghana.ru
Image caption Mustaqillik inshooti: "Minor" masjidi gumbazi qoplamasi bir yilga yetib-etmadi

Toshkentdagi mashhur "Minor" masjidi gumbazi qoplamasi o‘pirilib tushgan. Foydalanishga topshirilganiga bir yil bo‘lgan masjid gumbazi koshini poytaxtga yoqqan yomg‘ir natijasida ko‘chib tushgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda masjid gumbazi qoplamasining yarmi o‘pirilib tushganini ko‘rish mumkin.

"Minor" masjidi prezident Islom Karimovning tashabbusi bilan qurilgan va 2400 namozxonni o‘z ichiga sig‘dira oladi. Masjid 2014 yilning 1 oktyabr kuni foydalanishga topshirilgan.

Masjidning qurilishi va foydalanishga topshirilishi ijtimoiy tarmoqlarda katta hodisa sifatida talqin qilingandi.

Mahobatli masjid mahalliy sayyohlarning ziyoratgohlaridan biriga aylangan.

Bir yil faoliyat yuritgan masjiddagi bu kabi buzilish mustaqillik yillarida qurilayotgan inshootlarning sifatini savol ostiga olgan.

Facebook dagi "Voditeli Tashkenta" guruhi masjid gumbazi qoplamasining tushib qolishini quruvchilarning sifatsiz ishlashi bilan bog‘lagan.

"Bobolarimiz 500 yil oldin qurib ketgan binolar turibdi, bu esa...", - deydi Behzod Khojaev.

Unga David Galustyan "oldin vijdon ko‘proq bo‘lgan", - deya javob bergan.

Ayrim foydalanuvchilar ushbu bino O‘zbekistonning yuzi ekanligini va ustalarning mas‘uliyatsizligini kechirib bo‘lmasligini aytgan.

Fergana.ru sayti so‘nggi yillarda prezident Islom Karimov tashabbusi bilan qurilayotgan binolar tezroq topshirish maqsadida shoshma-shosharlik bilan qurilayotganiga e‘tibor qaratgan.

"Misol uchun, 2002 yili Karimov tashabbusi bilan Toshkentda konservatoriyaning yangi dabdabali binosini qurishdi. O‘sha yilning o‘zida kontsert qo‘yilayotgan bir mahalda tashqarida quygan jala natijasida binoga sharillab suv oqqanini musiqa shinavandalari yaxshi eslaydi. Suv musiqachilarni bosib qolishiga bir bahya qolgandi", - deb yoziladi saytda e‘lon qilingan maqolada.

Mustaqillik davrida qayta qurilgan Urganch shahridagi "Yoshlar ko‘li"da ko‘prik panjarasi qulashi natijasida qurbonlar berilgandi.

O‘zbekiston Sovet ittifoqidan ajralib chiqqanidan so‘ng yotqizilgan Toshkent viloyatidagi markaziy gaz quvurida qattiq portlash ro‘y bergan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq