"Besh oylik Umarali o‘limi sabablarini aniqlang"

Umaralini onasidan ajratishganidan so‘ng qaytib berishmadi Image copyright lifenews78
Image caption Umaralini onasidan ajratishganidan so‘ng qaytib berishmadi

Tojikiston rasmiylari Sankt-Peterburgda fojiali tarzda nobud bo‘lgan besh oylik Umarali Nazarov o‘limi sabablarini tekshirishni nazorat ostiga olgan. Tojikistonliklar politsiya olganidan so‘ng o‘lgan bolakay ishida adolat tiklanishini talab qilib namoyish o‘tkazgan.

Ayni paytda Rossiya prezidenti huzuridagi bolalar huquqi bo‘yicha vakolatdor Pavel Astaxov o‘z mamlakati bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga tojikistonlik bola o‘limini qat‘iy tekshirishni so‘rab, yozma murojaat qilgan.

Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi ma‘lumotlariga ko‘ra, Sankt-Peterburg tumanlaridan biridagi federal muhojirlik xizmati xodimlari ikki nafar Tojikiston fuqarosini muhojirlik qonunini buzishda ayblab ushlagan. Daler Nazarov va Zarina Yunusova ismli ikki fuqaro hamda Zarinaning yosh bolasi mahalliy politsiya bo‘limiga olib borilgan.

Politsiya bo‘limida onadan yosh bolasini tortib olishgan. Zarinaning aytishicha, uning bolani buvisiga topshiringlar, degan iltimosiga politsiyachilar quloq solmagan.

Besh soatdan keyin Tojikiston fuqarolarini Rossiya hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan. Shundan so‘ng ona o‘z bolasini olish uchun politsiya bo‘limiga kelgan. Lekin unga bolasini ko‘rsatishmagan va qayerda ekanligini aytishmagan. Ertasi kuni tojikistonlik ayolga yosh bolasining hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar berishgan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, politsiya bolani Sankt-Peterburgdagi ota-onalar qarovisiz qolgan bolalar uchun mo‘ljallangan tibbiy va ijtimoiy jihatdan o‘ziga keltirish markaziga olib kelishgan. Besh oylik bola Umarali Nazarovning o‘limiga uning bemorligi sabab bo‘lganligi aytilmoqda. Lekin Zarina Yunusova bolasining soppa-sog‘ bo‘lganligini aytgan.

Rossiya diplomatlari javobi

Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi Umarali Nazarov o‘limi munosabati bilan yo‘llagan notaga Rossiya Ichki ishlar vazirligi diplomatik vakolatligi javob yo‘llagan.

Mazkur javobda Tojikiston elchixonasining murojaati o‘ta jiddiy tarzda qabul qilingani aytiladi. Marhum Umarali Nazarovning ota-onasi va bu fojia tufayli qayg‘urayotgan barcha kishilarga ta‘ziya bildiriladi. Vakolatlikning bildirishicha o‘lim holatlarini aniqlash uchun Rossiya Ichki ishlar vazirligi, Federal muhojirlik xizmati, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Bosh prokuraturasiga tegishli so‘rovlar yo‘llangan.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi esa fojiali mojaroga bog‘liq barcha tekshiruv ishlari borasida jamoatchilikka zarur ma‘lumotlar berib borilishini ta‘kidlagan.

Besh oylik Umarali Nazarovning to‘satdan o‘lim topgani munosabati bilan tojikistonliklar Sankt-Peterburgda piket o‘tkazishgan.

Tojikistonning Sankt-Peterburgdagi konsulligi oldida o‘tkazilgan mazkur piketda yuzga yaqin kishi qatnashgan.

Hozirda Umarali Nazarovning qarindoshlari va Zarina Yunusova oilasining do‘stlari Sankt-Peterburgda yana bir piket o‘tkazishga tayyorlanishayotganini aytishgan.

Bir yilda 870 taga yaqin tobut

Kuzatuvchilarning aytishicha, tojik rasmiylarining o‘z fuqarosi o‘limini aniqlash va aybdorlarni topib jazolash chaqiriqlari tahsinga loyiq.

"O‘tgan yili Tojikistonga Rossiyadan 870 taga yaqin tobut keldi. Joriy yilning birinchi yarmida Rossiyada 430 nafardan ortiq tojikistonlik jon taslim qildi. Albatta, bu o‘limlarning sababi bitta emas. Lekin politsiya zo‘ravonligi, taqirbosh millatchilar hujumi, ish beruvchi tomonidan zarur mehnat sharoitlari yaratilmagani bois yuz berayotgan o‘limlar ham oz emas. Lekin bu o‘limlar sababi ko‘pincha aniqlanmasdan va aybdorlar tegishli jazoga tortilmasdan qoladi", deydi kuzatuvchi Ahmad Bobojonov.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozir Rossiyada ishlayotgan tojikistonlik mehnat muhojirlarining soni bir million ikki yuz ming nafardan ortgan. Garchi keyingi yillarda Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz tufayli mehnat haqi kamaygan bo‘lsa-da, Tojikistondan tirikchilik vajida olis yurtga ketayotganlar soni kamaygan emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq