Yangilandi: Suriya Prezidenti Moskvaga kelib ketdi

Xabarlarga ko‘ra, Suriya rahbari kutilmaganda Moskvaga tashrif buyurgan va allaqachon Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar ham olib borgan.

Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot voizi Dmitriy Peskov rasman ma‘lum qilgan.

Uning aytishicha, prezident al-Asad seshanba kuni kechqurun Moskvaga kelgan va rossiyalik hamkasbi bilan uchrashgan.

Ammo, ta‘kidlash joiz, Rossiya tomoni Suriya rahbarining kutilmagan tashrifi borasida faqat bugun chorshanba kuni, u Damashqqa yetib olganidan so‘ng xabar bergan.

Bashar al-Asadning Moskvaga safari Rossiya Suriyada o‘z havo hujumlarini boshlaganidan qisqa vaqt o‘tmay kuzatilmoqda.

Rossiya o‘tgan oy oxiridan boshlab bu ishga qo‘l urgan va "Islomiy Davlat" doxil prezident Asad boshqaruviga qarshi boshqa jangari guruhlarga zarba berish niyatida ekanini bildirgandi.

Dmitriy Peskovning jurnalistlarga aytishicha, ikki davlat rahbari "terrorchi guruhlar"ga qarshi kurash masalasini muhokama etishgan.

Rossiyaning Suriyadagi havo hujumlarini davom ettirish va prezident Asad hukumatining qo‘shinlariga oid rejasi xususida ham so‘z yuritishgan.

Ayon bo‘lishicha, prezident Asad, bundan tashqari, rossiyalik hamkasbini Suriyadagi so‘nggi vaziyatdan ham ogoh etgan.

Tashrif

Image copyright AP

Bu - prezident Bashar al-Asadning Suriya inqirozi boshlangan 2011 yildan buyon ilk xorijiy safari bo‘ladi.

Moskvadagi muxbirimiz Stiv Rozenbergning xabar berishicha, "Bashar al-Asadni Kremlda qabul qilish bilan prezident Putin yaqqol bir narsaga ishora qilmoqda: Ya‘ni Rossiya yana Yaqin Sharqda asosiy o‘yinchilardan biriga aylangan va uning ishtirokisiz Suriya mojarosiga yechim topishning imkoni yo‘qdir".

Xabarlarga ko‘ra, Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Suriya prezidenti Rossiya tomoniga o‘z minnatdorchiligini bildirgan.

"Rasmiy Moskva qo‘ygan siyosiy qadamlarsiz, Suriyadagi voqealar fojeiy tus olgan bo‘lishi mumkinligi"ni ta‘kidlagan.

Ayniqsa, "bu ishlarning barchasi xalqaro qonunlar doirasida amalga oshirilayotgani eng muhimi ekani"ni ham alohida qistirib o‘tgan.

O‘z navbatida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham suriyalik hamkasbini o‘zining iliq so‘zlaridan bebahra etmagan.

"Suriya uchun shundayin bir dramatik vaziyatda Moskvaga qilgan safari uchun" Bashar al-Asadga o‘z minnatdorchiligini izhor etgan.

Ammo janob Putin, boshqa tomondan, o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun Suriyadagi harbiy amaliyotlarga bosh qo‘shishga qaror qilishganini ham aytishni unutmagan.

Image copyright Reuters

Rossiya rahbari maxsus xizmatlar ma‘lumotlariga tayanib, joriy paytda Suriyada hukumat kuchlariga qarshi sobiq Sho‘ro davlatlaridan to‘rt mingga yaqin odam jang qilayotganiga oid ma‘lumotlarni keltirib o‘tgan.

BBCning Diplomatik masalalar bo‘yicha tahlilchisi Jonatan Markusning aytishicha, prezident Bashar al-Asadning Moskvaga kutilmagan safari Suriyadagi qiyin vaziyatga qaramay, uning o‘z kuchiga ishonchi ortib borayotganiga dalolat qiladi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, bu - Bashar al-Asadning Rossiyaga ilk tashrifi emas.

Suriya prezidenti 2006 yilda ham Moskvaga kelgan va prezident Vladimir Putin bilan uchrashgandi.

Hali sobiq Sho‘rolar Ittifoqi davridan buyon Suriya rasmiy Moskvaning Yaqin Sharqdagi yaqin ittifoqchilaridan biri sifatida ko‘rib kelinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq