Mamlakat rahbariga tatuirovka yarashadimi?

Image copyright Productions de la Ruelle

Kanadadagi saylovlarda g‘alabani qo‘lga kiritgan Liberal Partiya rahbari Jastin Tryudo ovoz beruvchilar nazariga nafaqat siyosiy qarashlari bilan tushgan.

Uning jismonan havas qilsa arzirlik savlati va chap qo‘lidagi tatuirovkasi ko‘plab gap-so‘zlar va ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarga turtki bergan. Jastin Tryudo tatuirovkaga ega bo‘lgan yagona jahon rahbarimi?

Janob Tryudoning tatuirovkasida Kanadadagi yerlik aholi - haydalarning ramzlaridan biri bo‘lgan qarg‘a aks ettirilgan.

2012 yil Jastin Tryudo o‘z twitlaridan birida shunday yozgandi: "Mening tatuirovkam qarg‘a ichiga bitilgan Yer sayyorasi. Yer sayyorasini 23 yoshligimda chizdirgandim. Qarg‘ani 40 yoshga to‘lgan kuni chizdirdim".

Sal o‘tmay janob Tryudo o‘zining siyosiy raqibiga qarshi xayriya boks jangida ishtirok etgan vaqti bu tatuirovkani hamma yaqqol ko‘rdi. Jastin Tryudo bu boks matchida yutib chiqqandi.

Mamlakat rahbari uchun tatuirovkaga ega bo‘lish noodatiy holatmi?

Albatta, qaysi jahon rahbarining qayerida tatuirovka borligini aniqlik bilan aytish qiyin. Ba‘zilarida bor bo‘lsa ham, ular ko‘pda albatta yashirib yuradilar. Tatuirovkalar tarixi bo‘yicha mutaxassis Anna Fridmanning aytishicha, u bironta boshqa joriy rahbarda tatuirovka borligidan xabari yo‘q.

Image copyright AP AFP
Image caption AQSh prezidenti Obama va Rossiya prezidenti Putinlar badanida tatuirovka ko‘rinmaydi...

Lekin o‘tmishda bunday rahbarlar bo‘lgan.

Rossiya podshohi Nikolay Ikkinchi 1891 yili Yaponiyaga safar qilgan vaqti qo‘liga ajdar chizdirgan.

Yugoslaviya podshohi Aleksandrning ko‘ksida esa burgut rasmi bor edi.

Daniya podshohi Frederik IX dengiz kuchlari safida xizmat qilgan vaqti qator tatuirovkalarga ega bo‘lgan.

Britaniya qirollari Jorj V va Edvard VII ikkalasi Quddusga ziyoratlari xotirasiga qo‘llariga Quddus xochini chizdirganlar.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, Britaniya sobiq Bosh vaziri Uinston Cherchillda kema langarining tatuirovkasi bo‘lgan. Lekin Cherchill merosini o‘rganish markaziga ko‘ra, buning dalili topilmagan.

Image copyright PA
Image caption Britaniya Bosh vaziri rafiqasi Samanta Kameron oyog‘ida delfin tatuirovkasi bor

AQSh sobiq prezidenti Ruzvelt ko‘kragida oilasining surati bo‘lgan.

"Janob Tryudo tatuirovkasining qiziqarli yeri shuki, u buni yashirayotgani yo‘q. Ommaga ko‘z-ko‘z qilishdan qochmayapti", deydi mutaxassis Anna Fridman.

O‘zini "tatuirovka professori" deya atovchi Kevin Ganonning aytishicha, Kanada Bosh vaziri shuningdek, ana‘anaviy siyosatchiga o‘xshab tutmayapti o‘zini.

"Bosh vazirdan sipo va jiddiy bo‘lishi kutiladi odatda. Lekin Tryudo o‘zini yosh, harakatchan etib taqdim etayotgani yangicha yondoshuv. Tatuirovkasi esa o‘sha imidjini qo‘llayapti",

Lekin Toronto Universitetidan sotsiologiya professori Maykl Atkinsonga ko‘ra, janob Tryudoning tatuirovkasini namoyish qilishi Bosh vazirlikka hali tayyor emasligini belgisidir.

"Ayni vaqtda aholining ba‘zi qatlamlari bu tufayli uni o‘zlariga yaqin ko‘rishlari mumkin. Tryudo o‘zgacha, yangi yondoshuvga ega bo‘lmoqchi bo‘lgan yangi avlodga o‘zini yaqin ko‘rsatmoqchi. Uning tatuirovkasi qanday inson ekanligi va qanday qadriyatlarga ega ekanligi belgisidir".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio