Olmoniya: "Xolokost uchun biz mas‘ulmiz"

Image copyright Getty
Image caption Isroil tarixchi va siyosatchilari Netanyaxuning bayonotini qoralashgan

Olmoniya Ikkinchi jahon urushidagi Xolokost yoki yahudiylar qirg‘ini uchun o‘zi mas‘ul ekanini ta‘kidlagan.

Berlinda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan matbuot anjumani chog‘ida gapirgan Kantsler Angela Merkel "Biz xolokost uchun mas‘ulligimizda turamiz" deb aytgan.

Merkel xonim tarixni o‘zgacha talqin qilishga ehtiyoj yo‘qligini ta‘kidlagan.

Chorshanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘sha paytdagi Falastin rahbarlaridan, Quddusi sharif muftiysi Xoji Amin al-Husayniy Gitlerni yahudiylarni o‘ldirishga da‘vat etganini iddao qilgan edi.

U bu haqda Quddusda o‘tgan Jahon sionistlar kongressining yig‘inida gapirgan.

Netanyaxuga ko‘ra, Gitler yahudiylarni faqat Ovro‘podan chiqarib yuborishni rejalagan, ammo Falastin bosh muftiysi natsistlar rahbariga "ularni yoqish"ni maslahat bergan.

"Gitler o‘sha payt yahudiylarni yo‘q qilmoqchi emas edi, ularni chiqarib yubormoqchi edi, xolos. Ammo Xoji Amin al-Husayniy Gitlerning oldiga borib, "agar ularni chiqarib yuborsangiz, hammasi bizning yerlarimizga kelishadi" deb aytgan. "Xo‘sh, nima qilay unda?" deb so‘ragan Gitler. Husayniy shunday degan: "Ularni yoqing".

Netanyaxuning so‘zlari Isroildagi tarixchi va siyosatchilar tomonidan tanqidga tutilgan.

Netanyaxuning ziddiyatli bayonoti Quddusda zo‘ravonliklar avj olgan pallaga to‘g‘ri kelgan.

Xoji Amin al-Husayniy kim edi?

Husayniy Britaniya mandati ostidagi Falastinning milliyatchi rahbari bo‘lib, yahudiylar va britan mustamlakachiligiga qarshi qurolli kurash olib borgan.

Image copyright Hulton Archive
Image caption Quddusi sharif muftiysi Hoji Amin al-Husayniy 1941 yilda Gitler bilan uchrashgan

U 1937 yilda Falastinni tark etganidan so‘ng ham Britaniyaning Falastin tuproqlarini yahudiy va arab mintaqalariga bo‘lish rejasiga qarshilik ko‘rsatgan.

Ayni maqsadda natsistlar Olmoniyasi bilan hamkorlik qilgan Husayniy 1941 yil noyabrida Berlinda Gitler bilan uchrashadi.

O‘sha paytdagi olmon matbuotining yozishicha, Husayniy Gitlerdan Falastinda Arab davlati qurilishini dastaklashni so‘ragan.

Husayniy urush jinoyatlarida gumon qilingan, ammo natsist rahbarlari mahkamaga tortilgan Nyurenberg jarayonida qatnashmagan.

U 1974 yilda Bayrutda vafot etgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio